Iroqda AQSh amalga oshirgan hujum natijasida Eron yetakchi generalining o'ldirilishi xalqaro miqyosda xavotirlarni oshirdi.
Inqilobiy gvardiyaga qarashli Quds kuchlari qo'mondoni general Qosim Sulaymoniy AQSh harbiy droni hujumiga uchrab, halok bo'lgan. Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Sulaymoniyning o'ldirilishini "Iroq suverenitetining poymol qilinishi va davlat terror harakati" deb atadi.
AQSh Mudofaa vaziri Sulaymoniyning o'ldirilishini yoqlab, uni "Iroqda va mintaqada Amerika diplomatlari hamda xizmatchilariga hujum qilishni muntazam rejalab kelganlik"da aybladi.
"Sulaymoniyning shahid ketishi Amerika ekspansiyasiga qarshi turishda hamda islomiy qadriyatlarimizni himoya qilishda Eronni yanada qat'iy qiladi, - dedi Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy. - Shubhasiz, Eron va mintaqadagi ozodlik istovchi boshqa mamlakatlar uning uchun qasos oladi".
AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining aytishicha, hujum qonunchilar bilan maslahatlashmasdan amalga oshirilgan. U zo'ravonlikning yanada kuchayishi xavfini oshiradi, dedi u.
"Amerika va dunyo ziddiyatlarning ortga qaytish imkoni bo'lmagan darajada keskinlashishiga tayyor emas", - deya qo'shimcha qildi Pelosi.
Britaniya Tashqi ishlar vaziri Dominik Rab tomonlarni o'zini tiyishga chaqirdi.
Falastindagi Hamas guruhi so'zlovchisi Bassem Naimga ko'ra, generalning o'limi "mintaqada sokinlik va barqarorlikdan boshqa barcha ehtimollar uchun eshiklarni ochadi".
"Buning mas'uliyati AQSh zimmasida bo'ladi", - dedi u.
Xitoy hukumati so'zlovchisi ham kuch ishlatilishini qoralab bayonot chiqardi.
"Barcha aloqador tomonlarni, ayniqsa, AQShni o'zini tiyib, ziddiyatlar kuchayishining oldini olishga chaqiramiz", - deyiladi Xitoy chiqargan bayonotda.
Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi, respublikachi senator Jim Rish hujumni olqishladi.
"Bugun adolat o'rnatildi. Eron hukumatini avval ham ogohlantirganimdek, ularning oldingi hujumlariga bermagan javobimizni zaiflik bilan adashtirishmasin", - dedi u.
"Allaqachon xavfli hududda ziddiyatni kuchaytiruvchi harakat bu", - dedi AQSh sobiq vitse-prezidentli, prezidentlik uchun demokrat nomzod Jo Bayden.
U Trampni xorijda va mamlakatda amerikaliklar hayotiga xavfni oshirayotganlikda aybladi.
Eron Inqilobiy gvardiyasi sobiq qo'mondoni Mos'hin Rizoiy Amerikadan bu ish uchun keskin qasos olinishini bildirdi.
Facebook Forum