Breaking News

AQShda xorijiy talabalar nega kamaymoqda?


AQSh universitetlari uzoq yillardan buyon millionlab dunyo yoshlari intilgan maskan bo’lgan. Ular universitetlarning ilmiy salohiyatini oshirish bilan birga Amerika iqtisodiiyotiga milliardlab dollar daromad keltirgan. Biroq so’nggi yillarda mamlakatga xorijlik talabalarning kelishi sezilarli darajada qisqargan.

Shrusti Sinha AQSh universitetini tanlaganini shunday izohlaydi:

"Bu yerda qaysi sohani tanlashing o’z ixtiyoringda. Ta’lim imkoniyatlar eshigini ochadi. Kolumbiya universitetida bosh vazirlar, prezidentlar nutq so’zlaydi. Nobel mukofoti sovrindorlari uchrashuvga keladi”.

Biroq xorijlik talabalar uchun boshqa muhim omillar ham bor.

“AQShda mashg’ulotlar jonli, bahslarga boy. O’zaro munozaralar qizg’in. Britaniyada esa darslar asosan ma’ruzalar bilan o’tadi”, - deydi Siao Men Lyu.

Ayni damda AQSh universitetlarida bir milliondan ziyod xorijlik talaba tahsil oladi.

Biroq Amerika ta’limiga qiziqish so’nib ulgurdimi?

“So’nggi ikki yilda talabalar boshqa davlatlarga qiziqa boshladi”, - deydi ekspert Meri Cheys.

AQShda ta’lim uchun belgilangan yuqori tariflar xorijlik talabalar qaroriga ta’sir ko’rsatadi. Davlat universitetlarida ta’lim yiliga 25 ming dollar atrofida. Bu ko’rsatkich xususiy universitetlarda 70 ming dollargacha yetadi. Yana bir jiddiy muammo talaba vizasini olishning qiyinligida.

“Men avvaliga farzandlarini AQShga jo’natishni reja qilib, keyin viza va migrantlarga qarshi muhit bilan bog’liq muammolar tufayli qarorini o’zgartirgan ko’p ota-onalarni ko’rganman”, - deydi talabalardan yana biri Abhilash Prasan.

“Bu yerda barqarorlik va xavfsizlikning kafolatlanmagani jiddiy muammo”, - deydi Dolika Gopisetti.

“Xorijlik talabalarning tanloviga Amerikadagi mavhumlik salbiy ta’sir ko’rsatmoqda”, - deydi Prasan.

Ushbu mavhumlik Amerikada immigratsiya bo’yicha ketayotgan keskin tortishuvlar va ayrim mamlakatlardan keluvchilarga cheklov o’rnatilishi bilan bog’liq.

“Xorijliklarni xushlamaslik, siyosiy davralarda immigrantlarga qarshi kayfiyatning kuchayishi dunyo mamlakatlarida o’zgacha qabul qilinishi mumkin. Vaziyat xorijlik talabalar va olimlarga tahdid sifatida ko’rilishi mumkin”, - deydi Xalqaro ta’lim assotsiatsiyasidan Ester Brimmer.

Boz ustiga, AQSh universitetlarida yuz berayotgan ommaviy otishmalar, xorijlik talabalarga qarshi jinoyatlar yangiliklarning bosh mavzusiga aylanib qolgan.

Natijada, AQSh universitetlariga xorijdan hujjat topshirish kamayib ketgan.

Xalqaro ta’lim instituti o’tkazgan an’anaviy so’rov natijalariga ko’ra, AQSh universitetlari hanuz mavqeyini yo’qotmagan. Biroq dunyo yoshlarida Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyaga qiziqish kuchaygan.

“Ma’lumki, xorijiy talabalar hozir oliy ta’lim uchun avvalgidan ko’ra ancha ko’p imkoniyatlarga ega”, - deydi AQSh Davlat Departamenti vakili Meri Roys.

Yuqori narxlar va ichki muhit bilan bog’liq omillarga qaramay, xorijlik talabalarning AQShga intilishi hali ham kuchli.

“Amerika men uchun dunyo eshiklarini ochdi”, - deydi xalqaro talaba Debora Sena.

“Men uchratgan shaxslar, men ega bo’lgan imkoniyatlar juda muhim. Amerika nafaqat mamlakat miqyosida, balki global maydonda yangi imkoniyatlar taqdim etadi”, - deydi Sinha.

“Imkoniyat eng muhimi”, - deydi Sena.

AQShning xorijiy talabalardan daromad ko’radigan universitetlari imkoniyatlar saqlanib qolishidan umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG