Breaking News

Erondagi namoyishlar ommaviy norozilikka aylanishi mumkinmi?


Hukumatga qarshi namoyish o'tkazayotgan talabalar, Tehron, Eron, 2020-yil, 14-yanvar
Hukumatga qarshi namoyish o'tkazayotgan talabalar, Tehron, Eron, 2020-yil, 14-yanvar

Tehron yaqinida Ukraina yo’lovchi samolyotining Eron harbiylari tomonidan urib tushirilishiga qarshi boshlangan namoyishlar mamlakatda hukumatdan norozilik ancha chuqur ekanini ko’rsatmoqda. Odamlar AQSh tomonidan Eron generalining o’ldirilganini esdan chiqarib, e’tiborini endi mamlakat yetakchilariga qaratmoqda.

Ko’chalarni to’ldirgan talabalar diniy yetakchilarni qoraladi. Ammo mamlakatda ommaviy ko’tarilish boshlangani haqida gapirishga hali erta, deydi kuzatuvchilar.

“Qanchalik ko’p bo’lmasin, namoyishlar u qadar katta emas va yanada kengroq yoyilishi kutilmayapti”, - deydi Brukings instituti tahlilchisi Maykl Oxanlon.

Eron hukumati bortida 176 odam bo’lgan samolyot halokati uchun aybni o’z bo’yniga olishi ortidan boshlangan namoyishlarda, asosan, talabalar qatnashdi.

Shu hafta samolyotning urib tushirilishi uchun mas’ul bir necha shaxs hibsga olingani e’lon qilindi. Samolyot halokatga uchrashidan bir necha soat oldin Eron harbiylari general Qosim Sulaymoniy o’limi uchun qasos olish maqsadida Iroqdagi AQSh harbiy bazalariga raketa yog’dirgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko’ra, yoshlar Qosim Sulaymoniy rasmlarini yulib olgan. Politsiya ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llab, ba’zi namoyishchilarni hibsga olgan.

Namoyishlar Sulaymoniy dafn qilinishi bilan boshlanib ketdi.

Noyabr oyida ham benzin narxining 50 foizga oshishi ortidan ommaviy namoyishlar bo’lib o’tgan edi. O’shanda ko’plab odam xavfsizlik kuchlari o’qiga uchib, halok bo’lgani xabar qilindi.

“Rejim tahdid yuz berganda namoyishlarni shafqatsiz bostirishga o’rgangan. Yangi namoyishlar hukumat bosimini yorib o’ta oladimi, bu aniq emas”, - deydi tahlilchi Uilyam Uesler.

Eronning ballistik raketa dasturini va mintaqadagi jangari guruhlarni moliyalashini to’xtatish uchun AQSh qo’ygan sanksiyalar Tehronning belini bukib qo’ydi. Norozilik namoyishlarida iqtisodiy muammolarning ham o’rni bor. Lekin, deydi kuzatuvchilar, sanksiyalar Amerikaga qarshi kayfiyatni ham kuchaytirdi.

“Eronliklar o’ta agressiv AQSh va o’ta zolim islomiy respublika o’rtasida qolib ketgan. Bu hukumatlarning hech biri xalq haqida qayg’urmaydi”, - deydi Ali Vaiz.

Tehron AQSh tahdidlariga bo’yin egish niyatida emas. Eron generali Iroqda o’ldirilishi ketidan hukumat uran boyitishni cheklovchi xalqaro yadro kelishuviga ortiq rioya qilmasligini e’lon qildi. Bu mamlakatga nisbatan yangi sanksiyalarning qo’llanishiga sabab bo’lishi mumkin.

Xalqaro hayot - 2020-yil, 15-yanvar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:22 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG