Breaking News

Aviahalokat ortidan Eron shaharlarida namoyishlar


Eronda harbiylar Ukraina yo'lovchi samolyotini xatolik tufayli urib tushirganini tan olganidan so'ng mamlakatning turli shaharlarida minglab odam norozilik namoyishlariga chiqdi. Tartib o'rnatish uchun politsiya safarbar etilgan. Qora kiyimdagi huquq-tartibot xodimlari suv mashinalari, tayoqlar va bo'yoq bilan to'ldirilgan qurollar bilan jihozlangan.

8-yanvar kuni Tehron aeroportidan ko'tarilgan samolyotga raketa otilgan. Askariyati Eron va Kanada fuqarolaridan iborat 176 yo'lovchining barchasi halok bo'lgan. Eron rasmiylari avvaliga samolyot urib tushirilgani haqidagi xabarlarni qat'iyat rad etib, G'arb propagandasi deb qoralagan edi.

11-yanvar kuni Eronning bir necha shaharlarida norozilik namoyishiga chiqqanlar rahbarlarni aviahalokat haqida yolg'on ma'lumot tarqatganlikda aybladi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp ularga hujum qimang, deya Tehronni ogohlantirmoqda.

"Eron rahbarlariga - NAMOYISHCHILARINGIZNI O'LDIRMANG", deya yozdi Tramp Twitter tarmog'ida. - Siz shundoq ham minglab odamni o'ldirgan yoki qamagansiz. Dunyo kuzatib turibdi. Muhimi, AQSh kuzatmoqda. Internetni oching va jurnalistlar o'z ishini bajarishiga yo'l oching. Buyuk xalqingizni o'ldirishni to'xtating!".

Tehronda universitetlar oldida to'plangan namoyishchilar mamlakat oliy rahbari Ali Xomeneiyning iste'fosini talab qilmoqda, "Yolg'onchilar ketsin!", "Diktatorga o'lim", deya hayqirmoqda. "Amerika Ovozi"ning Fors xizmatiga ko'ra, norozilik aksiyalari boshqa joylarga, jumladan uchinchi eng katta shahar Isfaxonga ham tarqalgan.

O'xshash namoyishlar o'tgan yilning noyabr oyida benzin narxi ko'tarilganidan so'ng ham kuzatilgan va bostirilgan edi. Huquq tashkilotlari hisobicha, o'shanda 300 dan ortiq odam o'lgan.

General Amir Ali Hojizoda
General Amir Ali Hojizoda

Eronning Islom inqilobi posbonlari korpusi, islomiy rejim himoyasi uchun javobgar qurolli kuchlari, Ukrainaning Boing samolyotini xatolik tufayli raketa bilan urib tushirilganini tan olgan.

Korpusning kosmik kuchlari qo'mondoni Amir Ali Hojizoda javobgarlikni bo'yniga oldi. "O'sha tunda urushga shay holatda edik", - deydi u. Voqeadan bir necha soat oldin Eron Iroqdagi AQSh harbiylari bazalariga zarba bergan va javob hujumini kutayotgan bo'lgan.

Inqilobiy gvardiya tijoriy parvozlarni bekor qilish haqida so'ragan, ammo talab qondirilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG