Breaking News

Tahlilchilar: Eron bilan urush bo'lmaydi


Xalqaro hayot - 2020-yil, 7-yanvar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:21 0:00

Amerika siyosiy tahlilchilariga ko’ra, AQSh-Eron ziddiyati haqiqiy urush darajasigacha yetib bormaydi. Ayni paytda eronliklar o’ldirilgan general Qosim Sulaymoniy uchun aza tutmoqda. AQSh Kongressi esa prezidentning urush vakolatlarini cheklash niyatida.

Amerikaliklar Yaqin Sharqda yana bir urush boshlanishiga qarshi. Eronliklar hozircha motam bilan band. Eronning oliy diniy rahnamosi qasos olinishini aytdi. AQSh prezidenti esa har qanday qarshi hujum undan kuchliroq chora bilan qaytarilishi, hatto madaniy obidalar ham omon qolmasligi haqida ogohlantirdi.

Kongressdagi demokratlar Trampning Eron bilan ziddiyatni kuchaytirayotganidan xavotirda. Vakillar palatasi shu hafta Kongress ruxsatisiz Eronga harbiy chora ko’rmaslikni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qilmoqchi.

“Hozirgidek vaqtda Kongress prezidentni nazorat qilib turishi muhim. Urush va tinchlik masalalarida o’z konstitutsion vazifamizni bajarishimiz kerak”, - dedi Senatdagi ozchilik sardori Chak Shumer.

Respublikachilar demokratlarni mamlakatni emas, partiyani o’ylayotganlikda aybladi.

“Faktlarni bilmaguncha kuta olmaymizmi? Besh daqiqa bo’lsa ham milliy birlikni ko’rsata olmaymizmi? Partiyabozlikka o’tishdan oldin besh daqiqa sabr qiling”, - dedi Senatdagi respublikachilar sardori Mich Makkonel.

Tahlilchilarga ko’ra, vaziyat qanchalik qaltis bo’lmasin, urush ehtimoli kam.

“AQShda urush boshlash ishtiyoqi yo’q, lekin ayni paytda Amerika AQSh diplomatlari va xizmatchilariga bo’layotgan hujumlarga qarshi chora ko’rmaganda, bu hujumlar davom etgan bo’lardi. Shu bois o’rtada aniq harbiy ixtilof bo’lishi ehtimoli yuqori emas”, - deydi ekspert Maykl Rubin.

Fors ko’rfazi davlatlari ham o’z biqinlarida urush bo’lishini istamaydi, deydi tahlilchi Barbara Lif.

“Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni hozircha jim. Lekin ularning izohlari, mazmunan, shunday: ziddiyatni kamaytirish, muammolarni siyosiy yo’l bilan hal qilish kerak”, - deydi tahlilchi.

Bu orada Iroq parlamenti AQSh kuchlarini mamlakatdan chiqarish haqida qaror qabul qildi. Bunga javoban Tramp Iroqqa og’ir sanksiyalar qo’llash haqida tahdid qildi.

“Bosh vazir Odil Abdul Mahdi qonunga qo’l qo’yishdan o’zini tiyib turibdi. Kurdlar unda qatnashmadi. Mo’tadil shia partiyalari ham. Sunniy partiyalar ham ovoz bermadi. Boshqalari harbiy-siyosiy Bina partiyasi tomonidan majburlab olib kelingan. Parlamentda ular ovoz berdi. Faqat ular bor edi”, - deydi ekspert Maykl Prejent.

Mahdi ommaviy namoyishlar ortidan noyabr oyi oxirida iste’fo bergan edi. Ammo parlament yangi bosh vazirni tasdiqlaguncha vaqtincha ishlab turibdi.

Bu orada AQSh kuchlari Iroqdan chiqishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo’ldi. AQSh Mudofaa vaziri Mark Esperning aytishicha, bu da’volar asossiz. U bu bilan AQSh yetakchi harbiysi askarlar ko’chirilishi haqida Iroq hukumatiga yo’llagan xatga izoh berdi.

“Twitter’da paydo bo’lgan bu xatda AQSh qo’mondoni Iroqning talablari hurmat qilinishini hamda kelayotgan kun va haftalarda AQSh askarlari ko’chirilishini tilga oladi.

Vazir Esper dron hujumida o’ldirilgan Eron generali Qosim Sulaymoniy masalasiga ham to’xtaldi. Uning aytishicha, Sulaymoniy amerikaliklarga qarshi xurujlarni tayyorlayotgan bo’lgan. Ammo u bu haqda jurnalistlarga biror dalil taqdim etmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG