Eronda general Qosim Sulaymoniyning janozasida qatnashish uchun o’n minglab odam ko’chalarni to’ldirdi. Sulaymoniy juma kuni Bag’dod Xalqaro aeroporti yaqinida AQSh dron hujumi orqali o’ldirilgan edi. Shundan beri Yaqin Sharqda vaziyat qaltis.
Iroq parlamenti yakshanba kuni favqulodda yig’in o’tkazib, AQSh qo’shinlarini mamlakatdan chiqarish haqida rezolyutsiya qabul qildi.
Prezident Trampga ko’ra, Sulaymoniy muqarrar tahdidni to’xtatish uchun o’ldirilgan.
“U amerikaliklarga qarshi hujum tayyorlayotgan edi. Yaxshilik uchun uning razilliklarini to’xtatdik. Nima yuz berayotganini balki bilmassiz. U juda katta hujumga tayyorlanayotgan edi va biz uni to’xtatdik”, - dedi AQSh rahbari.
Ba’zi ekspertlar nazarida, amerikaliklarga qarshi hujumlarga Sulaymoniy yetakchilik qilgani haqidagi dalillar kuchli emas va so’nggi voqea amerikaliklar hayotini xavf ostiga qo’yadi.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo hujum o’z vaqtida amalga oshirilganini aytdi.
“Barcha razvedka ma’lumotlariga ega yetakchilarimizda hech qanday shubha yo’q edi. Xulosa shu bo’ldiki, Sulaymoniyning terror kampaniyasini rejalashiga va davom ettirishiga ruxsat berish biz o’tgan hafta amalga oshirgan ishdan ko’ra ko’proq xatarli edi”, - dedi Pompeo.
Tramp Eron bilan urush xohlamasligini aytdi, lekin Tehron qarshi hujumga o’tsa, Eronning madaniy obidalari ham hujumdan omon qolmasligi haqida tahdid qildi. Madaniy obyektlarni nishonga olish, Jeneva konvensiyasiga ko’ra, urush jinoyati hisoblanadi. Pompeo AQShning “qonun doirasida ish tutishini” bildirdi.
Eron parlamenti a’zolari yakshanba kuni fors tilida “Amerikaga o’lim” deb hayqirdi.
Tramp ma’muriyati va Eron o’rtasida ziddiyatlar har doim yuqori bo’lgan. Tramp Oq uyga kelishi bilan Barak Obama davrida Tehron bilan tuzilgan xalqaro yadro kelishuvidan AQSh bir tomonlama chiqqanini e’lon qildi.
5-yanvar kuni Eron ham kelishuv shartlariga ortiq rioya qilmasligini bildirdi.
Demokratlar Prezident Trampning Kongress bilan maslahatlashmasdan vaziyatni qaltislashtirayotganidan xavotirda. Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi prezidentning Eron bo'yicha harbiy chora ko'rish vakolatini cheklash haqidagi rezolyutsiya ovozga qo'yilishini bildirdi. U o'tgan hafta Eron generalining o'ldirilishini "provokatsion va haddan ortiq" chora deb atadi.
Respublikachilar prezident qarorini olqishlamoqda.
Trampning yaqin ittifoqchisi senator Lindsi Grem prezident to'g'ri ish qilganini aytib, milliy xavfsizlik bo'yicha Tramp jamoasi Eron provokatsiyalariga qarshi prezidentga yordam berishda ajoyib ish qilayotganini ta'kidladi.
Qonun bo'yicha, prezident harbiy harakatlar haqida Kongressni xabardor qilishi kerak. Prezident Tramp "Twitter" orqali Eronning har qanday hujumiga qarshi javob berilishini yozib, buni Kongress uchun eslatma ekanini ham qayd etdi. Ekspertlarning aytishicha, Kongressni "Twitter' orqali xabardor qilish qonun talabiga to'g'ri kelmaydi.
Shuningdek, Trampning Eron hujumiga kuchliroq qarshi hujumlar bilan javob qaytarishi xalqaro qonunlarga zid ekani aytilmoqda. Tramp "Twitter" orqali Tehron amerikaliklarga yana zarar yetkazsa, Eronning 52 ta manzili, xususan, madaniy obidalari nishonga olinishi haqida tahdid qilgan edi.
Facebook Forum