Iroq parlamenti xorijiy qo'shinlarni mamlakatdan chiqarishini hukumatdan talab qiluvchi rezolyutsiyaga ovoz berdi. Hujjat AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya bilan kelishuvni bekor qilishga, xorijiy qo'shinlarga quruqlik, suv va havoda Iroq hududidan foydalanishni man qilishga chaqiradi.
"Iroqda "Islomiy davlat"ga qarshi harbiy amaliyotlar tugagani va g'alaba erishilgani munosabati bilan xalqaro koalitsiya bilan erishilgan kelishuv bekor qilinadi", - deyiladi qarorda.
Parlament qarori, qonunlardan farqli o'laroq, hukumat ijrosi uchun majburiy emas. Ammo Bosh vazir Odil Abdul Mahdining o'zi ham parlamentdan bunday qaror qabul qilishni oldin so'ragan edi.
3-yanvar kuni Qo'shma Shtatlar Eron Islomiy inqilob posbonlari korpusi tarkibidagi "Quds" maxsus kuchlari qo'mondoni general Qosim Sulaymoniyni Iroq ruxsatisiz va undan bexabar Bag'dod xalqaro aeroportida dron hujumida yo'q qilishi ketidan Iroqda xorijiy qo'shinlarni haydashga qaratilgan chaqiriqlar tobora balandroq yangramoqda.
Bu o'rtada Qo'shma Shtatlar Iroqdagi "Asaib Ahl al-Haq" guruhini Eronga aloqadorlikda ayblab, uni xorijiy terror guruhlari ro'yxatiga qo'shdi.
Davlat departamenti bayonotiga ko'ra, guruh Eronning "Quds" kuchlari tomonidan qo'llab-quvvatlanadi, yetakchilaridan ikki nafari - Qays al-Hazaliy va uning og'asi Lait al-Hazali qo'ra ro'yxatga kiritilgan. Qo'shma Shtatlar o'tgan yil aprel oyida "Quds" kuchlarini ham terrorchi tashkilot deb e'tirof etgan edi.
Facebook Forum