O’zbekiston Yaqin Sharq ziddiyati yuzasidan tomonlarni bosiqlikka, muammolarni siyosiy-diplomatik yo'l orqali hal qilishga chaqirmoqda.
Tashqi ishlar vazirligining Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan bayonoti AQSh-Eron o’rtasidagi keskinlik bir qadar bosilganidan so'ng e'lon qilindi.
Eron Iroqdagi AQSh harbiy bazalariga havo zarbalari bergandan so’ng bayonot bilan chiqqan Prezident Donald Tramp hujum jiddiy shikast yetkazmagani, Eron chekinayotgani, AQSh tinchlik o’rnatish maqsadida Eron bilan hamkorlik qilishga tayyorligi haqida gapirdi.
Eron ham AQShning Iroqdagi harbiy bazalariga uyushtirgan hujumi ortidan vaziyatning ortiq keskinlashishidan manfaatdor emasligini bildirgan.
Matbuotga ko’ra, Eronning BMTdagi doimiy vakili Majid Taxt-Ravanchi tomonidan BMT Xavfsizlik kengashiga taqdim qilingan murojaatda Iroqdagi havo zarbalaridan so’ng Eron harbiy to’qnashuvni keskinlashtirmaslik qarorida ekanligi haqida so’z boradi.
Ekspertlar AQSh va Eron tomonidan kuzatilgan so’nggi bayonotlarni o’zaro keskinlikning bir qadar bosilishi, ziddiyatning harbiy to’qnashuv ehtimolidan uzoqlashishi sifatida baholashdi.
O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining 9-yanvar kuni matbuotda paydo bo’lgan bayonotida Markaziy Osiyoga bevosita qo’shni bo’lgan Yaqin Sharqdagi taranglik mamlakatda tashvish bilan qabul qilinayotgani aytilgan.
Ta’kidlanishicha, mintaqadagi harbiy-siyosiy holatning yanada keskinlashishi ko’plab inson qurbon bo’lishiga va keng ko’lamli gumanitar falokatga, global xavfsizlikka tuzatib bo‘lmasa zarar yetkazadi.
“O‘zbekiston tomoni o‘ta bosiqlik tarafdori bo‘lib, taranglikni kamaytirish va mintaqadagi vaziyatni mo‘tadillashtirish uchun qarama-qarshi tomonlarni siyosiy-diplomatik choralar ko‘rishga chaqiradi”, - deyiladi O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bayonotida.
Unda bosiqlikka, siyosiy-diplomatik choralarga chaqirilayotgan tomonlar kimligi aniqlashtirilmagan.
Unda AQShning ham, Eronning ham nomi tilga olinmagan, lekin murojaatda ular nazarda tutilganini taxmin qilish mumkin.
Bundan avval Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog’iston Eron tashqi ishlar vaziri bilan telefon orqali muloqot o’tkazilgani haqida xabar bergan, Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashmasligi uchun tomonlarni kuchli ishlatishdan tiyilishga chaqirgan edi.
Xalqaro maydonda Yaqin Sharq urush yoqasida turgani borasidagi xavotirlar Prezident Trampning 8-yanvar kungi bayonotidan so’ng bir qadar susaydi. Taranglik harbiy vositalar emas, balki siyosiy, iqtisodiy usullarda davom etishiga doir farazlar yuzaga chiqdi.
AQSh o’ta zamonaviy qurollarga egaligi, ammo bu qurollarni ishlatish xohishida emasligini ta’kidlagan Donald Tramp o’z chiqishida Eron bilan tinchlik yo’lida hamkorlik mumkinligiga doir ishoralar ham berdi.
AQSh-Eron o’rtasidagi ziddiyat 3-yanvarda Iroqda Eronning taniqli generali Qosim Sulaymoniy AQSh havo kuchlari tomonidan o’ldirilishidan so’ng keskin nuqtaga chiqdi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Sulaymoniyni o’ldirishga shaxsan buyruq berganini, u ko’plab amerikaliklarning umriga zomin bo’lgan birinchi raqamli terrorchi bo’lganligini aytdi.
General Sulaymoniyning o’ldrilishi Eronda milliy fojia sifatida qabul qilindi, mamlakat rahbariyati uning o’limi uchun qasos muqarrarligini ta’kidladi. General Eronda milliy qahramon sifatida dafn etilishi ortidan mamlakat havo kuchlari AQShning Iroqda joylashgan ikki harbiy bazasini nishonga oldi. Bu Sulaymoniy o’limi uchun qasos ekanligi aytildi.
Yaqin Sharqdagi vaziyat, AQSh-Eron o’rtasidagi ziddiyat, bu keskinlikka munosabat so’nggi hafta davomida xalqaro jamoatchilik diqqat markazida bo’ldi. Dunyoning aksariyat davlatlari tomonlarni murosaga chaqirdi.
O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonoti Yaqin Sharqdagi vaziyat keskin cho’qqiga chiqishidan deyarli bir hafta o’tib bildirilmoqda. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari vaziyat yuzasidan bayonot berishni hozircha lozim topmagan.
Markaziy Osiyo va Eron o’rtasidagi aloqalar, Turkmaniston orqali umumiy chegadoshlik mavjudligiga qaramasdan, jiddiy rivojlangan deyish qiyin. Eronning mintaqadagi ishtiroki ham ancha cheklangan deb ko’riladi.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan ikki va ko’p tomonlama munosabatlar qurayotgan AQSh mintaqadagi geosiyosiy qudratlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Geosiyosiy raqobat kuchayib borayotgan mintaqada Rossiya, Xitoy kabi o’zaro ittifoqdagi davlatlarning bosimi ortib borayotgani Markaziy Osiyo uchun AQSh ishtiroki ahamiyatini kuchaytirayotganiga doir qarashlar ham mavjud.
AQShning Afg’oniston bilan bog’liq tashabbuslari ham Markaziy Osiyo bilan aloqalar ko’lamiga ta’sir etgan yo’nalishlardan biri. Vashington mintaqa istiqbolini Markaziy Osiyo yaxlitligi, mintaqa va Afg’oniston o’rtasidagi munosabatlar rivojlanishida, umumiy mintaqaviy barqarorlikka erishishda ko’radi.
Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh tashqi ishlar vazirlari darajasidagi "C5+1" muloqotining Toshkentda rejalangan navbatdagi yig’ilishi Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashishi ortidan boshqa muddatga ko’chirilgan edi.
Facebook Forum