Breaking News

Tramp: Eronga yangi iqtisodiy jazo choralari qo'llanadi


AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uy oldida Eron hujumi bo'yicha bayonot bermoqda, 2020-yil, 8-yanvar.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uy oldida Eron hujumi bo'yicha bayonot bermoqda, 2020-yil, 8-yanvar.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Eronning Iroqdagi AQSh bazalariga qilgan hujumi bo'yicha bayonot berdi.

Prezident bu xurujlarda biror amerikalikka aziyat yetmaganini va yetkazilgan zarar miqdori kichik ekanini aytdi.

8-yanvar tongida Iroqdagi ikki AQSh harbiy bazasiga Eron 10 dan ortiq raketa yog’dirgan edi. Tehron bu hujum general Qosim Sulaymoniy o’limi uchun qasos ekanini aytdi.

"Eron hovuridan tushyapti, - dedi Tramp xalqqa qilgan jonli murojaatida. - Ehtiyot choralari ko'rilgani uchun hech bir amerikalik yoki iroqlik hayoti boy berilmadi".

Tramp AQSh hujumida o'ldirilgan general Qosim Sulaymoniyga yana bir bor to'xtalib, uning "taniqli terrorchi" bo'lganini va ko'plab amerikaliklar o'limi ortida turganini aytdi.

AQSh rahbari Eron bergan zarbalarga harbiy javob qaytarilishi mumkinligini tilga olmadi, lekin Tehronga qarshi yangi iqtisodiy sanksiyalar qo'llanishini e'lon qildi.

U Yevropa davlatlarini Eron bilan 2015-yilda tuzilgan yadro kelishuvidan chiqishga chaqirdi. Tramp 2016-yil prezident etib saylanishi bilan Obama ma'muriyati davrida tuzilgan bu bitimdan AQSh chiqishini e'lon qilgan edi.

"Men AQSh prezidenti ekanman, Eron yadro quroliga ega bo'lishiga hech qachon yo'l qo'yilmaydi", - dedi Tramp.

"Eron zo'ravonlik, beqarorlik, nafrat va urush urug'ini sochishda davom etar ekan, Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlik bo'lmaydi. Madaniyatli dunyo Eron rejimiga aniq va qo'shma bildirishnomani yetkazishi kerak: sizning terror va qatl kampaniyangizga ortiq toqat qilinmaydi. Uning davom etishiga yo'l qo'yilmaydi", - deya qo'shimcha qildi u.

Prezident AQShning mintaqaga neft uchun kirgani haqida da'volarning asossiz ekaniga ham to'xtaldi.

"Biz hozir dunyoda birinchi raqamli neft va gaz ishlab chiqaruvchi mamlakatmiz. Biz mustaqilmiz va bizga Yaqin Sharq nefti kerak emas", - dedi u.

Tramp, ayni paytda, IShIDga qarshi kurashda va boshqa o'zaro manfaatli masalalarda Eronni hamkorlik qilishga undadi.

Ekspertlarning aytishicha, Tramp bayonoti Yaqin Sharqdagi vaziyatni biroz yumshatgan.

Ularga ko'ra, agar Eron to'g'ridan-to'g'ri yangi hujumlarni amalga oshirmasa yoki boshqa guruhlar orqali tashkillashtiriladigan xurujlarda amerikaliklar o'lim topmasa, AQShdan ayni paytda Eronga qarshi yangi harbiy choralar kutilmayapti.

Xalqaro hayot - 2020-yil, 8-yanvar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:11 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG