Breaking News

Trampning Eron madaniy yodgorliklariga qilgan tahdidi qoralanmoqda


AQSh Prezidenti Donald Tramp
AQSh Prezidenti Donald Tramp

AQSh Prezidenti Donald Trampning Eron madaniy obidalari ham hujumga tutilishi mumkinligi haqidagi tahdidi xalqaro hamjamiyatning tanqidlariga duchor bo'ldi. Ekspertlarga ko'ra, madaniy yodgorliklarni nishonga olish, xalqaro konvensiyaga ko'ra, urush jinoyatidir.

Bu, shuningdek, Avraam Linkoln davridan beri rioya qilinadigan AQSh tartib-qoidalariga ham zid.

"Amerika harbiylarining, imkoniyat bo'lganda, madaniy joylarni himoya qilish tarixi 150 yil oldinga borib taqaladi. Harbiylar va AQSh bundan faxr hissini tuyadi", - deydi Depaul universitetining Huquqshunoslik professori Petti Gerstenblit.

"AQShda ham, xalqaro darajada ham, qarshi hujum shaklida madaniy merosni nishonga olishni xayolga keltirishning o'zi jirkanchlik", - deydi Obama ma'muriyati davrida madaniy masalalar bo'yicha prezident maslahatchisi bo'lgan Gerstenblit.

Amerikaning yaqin ittifoqchilari ham Trampning so'nggi bayonotini qoraladi.

"Madaniy obidalar xalqaro qonun himoyasida ekani haqida yakdilmiz va bu narsa hurmat qilinishini kutamiz", - dedi Britaniya Tashqi ishlar vaziri Dominik Rab.

Keyinroq jurnalistlar bilan gaplashgan Tramp hanuz o'z fikrida sodiq ekanini aytdi.

"Ular odamlarimizni o'ldirishi mumkin. Ularni qiynashi va mayib qilishi mumkin. Yo'llarga bomba qo'yib, odamlarimizni portlatishi mumkin, lekin biz ularning madaniy obidalariga tegishimiz mumkin emasmi? Bunaqasi ketmaydi", - dedi prezident.

Tahdidga qarshi norozilik

Milliy razvedka agentligi sobiq rahbari Jeyms Klepperga ko'ra, AQSh bunday hujumga qo'l ursa, xalqaro qonunni buzgan bo'ladi.

"Bunday qilsak, xalqaro hamjamiyat g'azabiga uchraymiz va AQShdagi shunday manzillarni ham hujumlar tahdidi ostida qoldiramiz. U da'vo qilgan nishonlar ro'yxati Pentagon uchun ham yangilik bo'lgani aniq, chunki ularni nishonga olish bo'yicha jiddiy rejalash bo'lganiga ishonmayman", - dedi u.

Milliy razvedka direktori bo'lishdan oldin Klepper razvedka masalalari bo'yicha mudofaa vaziri o'rinbosari bo'lgan.

Uning ta'kidlashicha, madaniy maskanlarni nishonga olish faqat eronliklar hissiyotini oshirishga xizmat qiladi va rejim tarafdorlari sonini oshiradi. Bu esa biz shu paytgacha qilib kelgan ishlarning teskarisi, deydi Klepper.

Oq uyning sobiq yetakchi rasmiylaridan biri Larri Pfeyfer ham bu fikrga qo'shiladi.

"Bu amerikaliklarga bo'lgan tahdidni faqat oshiradi. AQSh prezidenti madaniy yodgorliklarni nishonga olish bilan tahdid qilsa, bu dushmanlarga ham xuddi shu narsani qilish uchun asos beradi", - deydi u.

AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper madaniy obyektlarni nishonga olish haqida Trampdan buyruq kelsa, bu buyruqqa itoat qilmasligini bildirdi. Chunki bu urush jinoyati, deydi u.

Ayni paytda Davlat kotibi AQSh xalaro huquq doirasida ish yuritishini ta'kidladi. Uning qo'shimcha qilishicha, Eron madaniyatiga aslida oyatulloh ko'proq zarar yetkazgan. Diniy erkinlikni cheklash, rasmiy aqidadan farqli e'tiqodga ergashuvchi insonlarning o'z urf-odatlariga rioya qilishini taqiqlash orqali ular Eron madaniy boyliklarini xavf ostiga qo'ydi, dedi u.

"Urush jinoyati"

Gaaga konvensiyasiga ko'ra, agar madaniy mol-mulk harbiy inshootga aylantirilgan bo'lsa, unga hujum qilishga harbiy zarurat bo'lgan taqdirdagina ruxsat beriladi.

Ammo odamlarni qo'rqitish yoki qarshi hujum doirasida madaniy obyektlarni yakson qilish mumkin emas.

Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Tramp bayonotiga javoban, "Twitter" orqali "madaniy joylarni nishonga olish URUSH JINOYATI", deb yozdi.

Urush davrida madaniy obidalarni asrash haqidagi xalqaro konvensiyani AQSh ham, Eron ham ratifikatsiya qilgan.

Ikkinchi Jahon urushidagi nishonlar

Ikkinchi Jahon urushining so'nggi kunlarida AQSh atom bombasini sinash uchun tanlangan shaharlar ro'yxatining eng tepasida Yaponiyaning sobiq poytaxti Kioto turgan.

Shaharda ko'plab diniy va madaniy qimmatga ega inshootlar bo'lgani bois Urush vaziri Genri Stimson Prezident Gerri Trumendan bu shaharni ro'yxatdan olib tashlashni iltimos qilgan.

Stimsonning keyinroq o'z xotiralarida yozishicha, u AQShning vahshiylikda Gitlerdan ham o'tib ketishini istamagan va shu bois tarixiy shaharga bomba tashlanishining oldini olgan.

Shuningdek, AQSh askarlari Ikkinchi Jahon urushida Germaniyaga kirib borganda, tarixiy cherkov binolarinining bombardimon qilinishiga yo'l qo'ymagan va u yerlardan natsistlar o'g'irlab ketgan minglab qimmatbaho san'at asarlari topilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG