Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya va Rossiya o’rtasida qurilgan yangi gaz quvurining ochilish marosimida qatnashish uchun Istanbulga keldi. Energiya bo’yicha hamkorlik NATO a’zosi bo’lgan Anqara va Kreml o’rtasidagi aloqalar kuchayayotganining yana bir belgisi sifatida ko’riladi.
“Turk oqimi” liniyasining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan marosimda Rossiya rahbari Vladimir Putin va Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘andan tashqari Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich va Bolgariya Bosh vaziri Boyko Borisov ham ishtirok etdi.
“Turk oqimi” loyihasi doirasida Rossiyaning Anapasidan Turkiyaning Kiyiko‘y shaharchasigacha gaz quvuri o‘tkazildi. Har birining uzunligi 935 kilometr bo‘lgan ikki quvurdan bir yilda jami 31,5 millard kub metr gaz o‘tishi mumkin. Quvurlardan biri Turkiyani, ikkinchisi esa Janubiy Yevropani tabiiy gaz bilan ta'minlaydi.
Eksertlarga ko‘ra, Turkiyaning Rossiya gaziga yirik xaridor va gazni Yevropaga yetkazishda tranzit mamlakat ekani Anqara va Moskva o‘rtasidagi aloqlarning rivojlanishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Rossiya bo‘yicha ekspert Aydin Sezer “Amerika Ovozi” bilan suhbatda “Turk oqimi” ishga tushirilgan bo‘lsa-da, Anqara va Moskva o‘rtasida tabiiy gaz bo‘yicha shartnoma tuzilmaganiga e’tibor qaratdi.
“Loyiha amalga oshirildi, gaz kela boshadi, lekin Turkiya aynan qancha gaz olishi bo‘yicha tijoriy shartnoma tuzilgani yo‘q. “Turk oqimi” orqali bizga keladigan 4 milliard kub metr gaz avval Bolgariya orqali kelardi va uning narx shartnomasi ancha avval tuzilgan. Endi esa Anqara tabiiy ravishda chegirma xohlayapti hamda bu mavzuni Liviya, Akkuyu (atom elektr stansiyasi) va Suriya masalalarida qo‘llash uchun saqlab kelyapti. Mazkur mavzu har ikki tomon uchun ham stress manbaidir”, – dedi u.
Energetika sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichga chiqishi ikki tomon o‘rtasida ayrim masalalar bo‘yicha qarama-qarshiliklar avj olgan bir paytga to‘g‘ri kelyapti. Xususan, Rossiya qo‘llab-quvvatlayotgan Suriya armiyasining Idlib viloyatidagi hujumlari oqibatida Turkiya yangi qochqinlar inqiroziga duch keldi.
“Biz Suriya masalasida ixtilof belgilarini ko‘ryapmiz, Idlibdagi vaziyat xavotir uyg‘otyapti. Rossiya u yerga bomba tashlayapti va odamlar oqimi turk chegasiga yo‘naldi, – deydi London Energetika klubu rahbari Mehmet O‘g‘utchu. – Chegarada yana 250 ming qochqinning paydo bo‘lishi Erdog‘an uchun ichki siyosiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin”.
Liviyadagi urush Anqara va Moskva o‘rtasidagi yana bir og'liqli masala hisoblanadi. Turkiya general Xalifa Xaftar kuchlariga qarshi kurashayotgan Liviya milliy murosa hukumatiga yordam berish uchun u yerga askar jo‘nata boshladi. General Xaftarga esa Kremlga yaqin rossiyalik yollanma jangchilar ko‘mak ko‘rsatyapti. Dekabr oyi oxirida Rajab Toyyib Erdog‘an Liviyada bir necha ming rossiyalik yollanma jangchi borligini va bundan xavotirda ekanini aytgan edi. Rossiya esa Anqaraning homiyligidagi suriyalik jangchilar Liviyada paydo bo‘lganiga ishora qilyapti.
Erdog‘an va Putinning bugungi yakkama-yakka muzokaralarida kutilganidek Suriya va Liviyadagi vaziyat muhokama etildi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, har ikki prezident Liviyada urushayotgan tomonlarni joriy yilning 12-yanvari soat 00:00 dan e’tiboran o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmoqda.
Ikki prezident o‘rtasida iliq munosabatlarning o‘rnatilishi avvalgi kelishmovchiliklarni bartaraf etishga yordam bergan edi. Ekspertlarning aytishicha, yangi tarangliklarni hal qilish uchun yana shunday iliqlikka umid qilishga to‘g‘ri keladi. Zero, bugungi marosimda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskva va Anqara o‘rtasidagi hamkorlik davom etishini urg‘uladi.
“Dunyodagi nihoyatda murakkab vaziyatga va ba’zi xalqaro aktyorlarning moneliklariga qaramay, hamkorligimiz davom etadi”, – dedi u.
Marosimda so‘zga chiqqan Rajab Toyyib Erdog‘an ham Turkiyaning Rossiya bilan aloqalari tobora rivojlanayotganini aytar ekan, “Oxirgi vaqtlaridagi qarama-qarshiliklarimiz umumiy manfaatlarimizdan ustun bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadik”, dedi.
Bundan tashqari, Erdog‘an oxirgi kunlarda mintaqada kuzatilayotgan vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Maqsadimiz taranglikni pasaytirib, qaytadan sog‘lom fikrni ustuvor qilishdir. Mintaqamizda yangi badallar to‘lashga hech kimning majoli qolmagan. Ittifoqdoshimiz AQSh va qo‘shnimiz Eron orasida bir qancha vaqtdan beri davom etib kelayotgan taranglik biz umuman istamaydigan nuqtaga keldi. Urush nog'oralari chalinayotgan bu nozik pallada diplomatiyaning barcha yo‘llaridan foydalanib, keskinlikni kamaytirqmochimiz, – dedi Erdog‘an. – Hech kimning faqatgina o‘z manfaatlarini o‘ylab butun mintaqani, xususan, Iroqni yangi olovli halqaga otishga haqqi yo‘q. Qo‘limizdagi bor imkoniyatlarni ishga solib, mintaqamizning qon va ko‘z yoshlariga ko‘milishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Turkiya na Iroq va na Suriya, na Livan va na ko‘rfaz mintaqasining bilvosita urushlariga sahna bo‘lishini istamaydi”.
Erdog’an va Putin o’rtasidagi shaxsiy yaqinlik siyosatdagi muammolardan ustun kelayotgani aytiladi. So’nggi mojarolarni hal qilishda ham shu ish berishi kutilyapti.
“Ikki yetakchi bir-biri bilan yaxshi chiqishadi. Shu bois tafovutlarni kamaytirib, mintaqa va Suriya aholisi manfaatlariga mos umumiy maqsadlarni topishga urinish muhim”, - deydi turkiyalik tadqiqotchi Mithat Rende.
Facebook Forum