Breaking News

AQSh Turkiyadagi bazasini yopib, bombalarni ko'chiradimi?


Injirlik havo bazasi Adana shahrida joylashgan
Injirlik havo bazasi Adana shahrida joylashgan

AQSh-Turkiya aloqalari yomonlashgani sari Amerikaning bu mamlakat janubidagi harbiy bazasi kelajagi ham qil ustida.

Injirlik havo bazasi Suriya bilan chegaraga yaqin joyda joylashgan bo'lib, AQSh-Turkiya hamkorligi timsolidir.

"NATO doirasidagi sheriklikda muhim ro'l o'ynab kelayotgan va Sovuq urush davrida ham strategik hisoblangan obyekt bu", - deya tushuntiradi Mesut Jashin, Turkiya rahbariyatida tashqi siyosat bo'yicha maslahatchi.

AQSh bu bazada taqriban 50 ta atom bombasiga ega. Ular Sovet Ittifoqi davrida keltirilgan.

Biroq keyingi yillarda Turkiya Rossiya bilan yaqinlashib, AQShning Yaqin Sharqdagi ashaddiy tanqidchisiga aylangach, Vashingtonda bu baza istiqbolidan xavotir kuchaygan.

AQSh va Turkiya rahbarlarining 13-noyabr kuni Oq uydagi uchrashuvi tanglikka barham bermadi
AQSh va Turkiya rahbarlarining 13-noyabr kuni Oq uydagi uchrashuvi tanglikka barham bermadi

Ayni damda Senat ko'rib chiqayotgan qonun loyihasida Tramp ma'muriyatidan muqobil joy izlash talab qilinadi.

Vakillar palatasida ham shunday hujjat olg'a surilgan. U yerda ko'pchilikni tashkil etuvchi demokratlar nazarida, atom qurollarini tobora "ishonchsiz tarafga aylanib borayotgan" Turkiyaga ishonish o'ta xavfli.

"Kongress bu hujjatlarni ma'qullasa, bilingki, Turkiyaga ishonch yo'q. Vashington va Anqara aloqalari yanada sovuqlashadi", - deydi bu davlatning sobiq elchisi Mithat Rende.

Turkiya bunga nisbatan keskin choralar ko'rishga o'tishi mumkin, deydi Rende.

"Ikkala davlat ham bir-biriga qarshi harakatlardan tiyilib, o'zaro manfaatlar haqida o'ylashi kerak", - deydi Jashin. "Aks holda, Rossiya va Xitoy yutadi".

Moskva Injirlikdagi bazaga ko'z tikayotgani aniq, deydi ekspertlar.

AQSh jangovar samolyotlari Turkiya osmonida
AQSh jangovar samolyotlari Turkiya osmonida

"Amerika chiqsa, Rossiya kiradi", - deydi Husayn Bag'ji, Yaqin Sharq Texnologiya universiteti professori. "Amerika buni istaydimi?"

"Turkiyaga qanchalik ko'p bosim o'tkazilsa, u Rossiyaga shunchalik yaqinlashaveradi. Buni oldin ham ko'rganmiz", - deydi olim.

Injirlik AQShning Afg'oniston va Iroqdagi harbiy amaliyotlarida ham muhim rol o'ynab keladi. Anqara bu bazadan Suriyadagi operatsiyalar uchun foydalanishni cheklab qo'ygani Amerikani g'azablantirgani aniq, deydi tahlilchilar.

Suriyada yaqinda "Islomiy davlat" lideri Abu Bakr al-Bag'dodiyga qarshi amaliyotda Turkiya emas, Iroqdagi baza ishlatilgan. Pentagon bundan norozi ekanini bildirgan, chunki masofa uzoqligi bois ko'p vaqt ketgan.

2017-yilgacha Injirlikda Germaniya qo'shinlari ham bor edi, lekin Anqara bilan kelishmovchilik sabab ularni olib chiqqan.

Amerika ham hozirgi tanglikdan kelib chiqib, Iordaniyadagi bazaga ko'proq e'tibor qaratmoqda. Gretsiya va Kiprda yangi bazalar ochilishi mumkin.

Lekin janubiy hududda, Adana shahrida joylashgan Injirlik o'ziga xos strategik ahamiyatga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG