AQSh Senati 17-dekabr kuni Rossiyaning “Shimoliy yo’nalish - 2” va “Turkiya yo’nalishi” gaz quvurlari loyihasida ishlayotgan kompaniyalarga sanksiya qo’llashga ovoz berdi. Qonun loyihasi Prezident Donald Trampga tasdiqlash uchun taqdim etilgan. Sanksiya kuchga kirsa, Rosiya gazidan umidvor bo’lib turgan ayrim mamlakatlar ham zarar ko’radi.
Mudofaa xarajatlariga doir qonun loyihasiga kiritilgan mazkur chorani Vakillar palatasida 86 kishi yoqlagan. Sakkiz kishi qarshi ovoz bergan edi.
Sanksiya Boltiq dengizi ostidan o’tkazilayotgan quvur qurilishini to’xtatishni nazarda tutadi. Loyiha Germaniyaga Rossiya tabiiy gazini yetkazishni ikki hissa ko’paytirishga xizmat qilishi kutilayotgan edi. Quvur qurilishi 10,6 milliard dollarga baholangan.
Sanksiyada loyihada ishlayotgan pudratchilarning AQShdagi mablag’larini muzlatish va kompaniyalar vakillariga viza bermaslik nazarda tutilgan. Xususan, sanksiyadan Shveysariyaning “Allseas” kompaniyasi zarar ko’radi.
Senator Ted Kruzga ko’ra, “Shimoliy yo’nalish – 2” ning to’xtatilishi AQSh va Yevropa uchun xavfsizlikka doir birday dolzarb masala.
AQSh qonunchilari loyiha Rossiyaga milliardlab dollar foyda keltirishidan ogohlantirgan. Ular loyiha Moskvaning Yevropa mamlakatlariga ta’sir kuchini oshirib yuborishini aytmoqda.
Facebook Forum