Shu hafta Rossiya Prezidenti Vladimir Putin matbuotda ishlovchi “xorijiy agentlar”ga jarimani oshiruvchi qonun loyihasini imzoladi. Oy boshida qabul qilingan qonun “xorijiy agent” tamg’asini nafaqat ommaviy axborot tashkilotlariga, balki blogerlik bilan shug’ullanuvchi shaxslar va onlayn xabarlarni tarqatgan odamlarga ham yopishtirishga imkon beradi.
Inson huquqlari tashkilotlari qonunni tanqid qilarkan, uni so’z erkinligini cheklashga qaratilgan hukumat qo’lidagi qurol deb atadi. Biroq Kreml tarafdorlari hujjat Rossiya suverenitetini himoya qililshda xorijiy aralashuvga qalqon ekanini aytadi.
Xorijiy agent matbuotini qo’shimcha tartibga solish haqidagi qonunga muvofiq, xorijiy agent deb tan olingan ommaviy axborot vositalari tayyorlagan materiallar “xorijiy agent tomonidan tayyorlandi” degan yorliq bilan chiqarilishi shart, ularning moliyaviy hujjatlari muntazam ravishda auditorlar tekshiruvidan o’tadi.
Shu kungacha qonunni buzganlar uchun jarima qanday bo’lishi haqida aniq ma’lumot yo’q edi, biroq yangi qoidaga ko’ra, ilk qoidabuzarlik uchun jismoniy xorijiy agentlarga 800 dollar, tashkilot rahbariyati va vakillariga 1600 dollar, media kompaniyalarga esa 16 ming dollargacha jarima solinadi.
Yil davomida qonunni takroriy buzganlik uchun jismoniy shaxslar 1600 dollar yoki 15 kungacha qamoq jazosiga tortiladi, kompaniya boshqaruvi 3200 dollar, media kompaniyalar esa 80 ming dollar jarima puli to’lashiga to’g’ri keladi.
Qonun 2020-yil 1-fevralidan kuchga kiradi.
Qaysi shaxslar va tashkilotlarni xorijiy agent deb belgilashni Adliya va Tashqi ishlar vazirliklari o’z zimmasiga oladi. AQSh hukumati tomonidan moliyalanuvchi “Ozodlik” radiosi va “Amerika Ovozi” shu qonun nishoniga aylanmoqda.
2017-yilda AQSh hukumati Rossiyaning “RT” axborot telekanalini xorijiy agent sifatida ro’yxatdan o’tishga majburlagan va o’shanda Rossiya javob chorasi ko’rilishi haqida do’q-po’pisa qilgan edi.
AQShning “Xorijiy agentlarni ro’yxatga olish” haqidagi qonuni 1938-yildan beri amal qiladi.
Rossiya qonuni xorijiy agent sifatida olingan matbuot organi mahsulotini internet orqali tarqatgan va xorijiy manbalardan daromad ko’rgan rossiyalik fuqarolarni ham nishonga oladi.
Facebook Forum