Breaking News

"Xorijiy agentlar" to'g'risidagi yangi qonun Dumada ovozdan o'tdi


Rossiyada jurnalist, bloger va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini xorijiy agent deb belgilashga yo'l ochadigan qonun loyihasi parlamentning quyi palatasida ovozdan o'tdi.

Qonun kuchga kirishi uchun yuqori palata ham uni tasdiqlashi, so'ng Prezident Vladimir Putin imzolashi kerak. Agar ma'qullansa, hozirda ayrim ommaviy axborot vositalari (OAV) va nodavlat tashkilotlarning "xorijiy agent" deb tamg'alanishiga olib kelgan choralar yanada kuchaytiriladi.

Huquq tashkilotlari tanqid qilayotgan ushbu qonunlar, hukumat tarafdorlari nazarida, Rossiya suverenitetini himoya qilish uchun nihoyatda zarur.

Qonunning kengaytirilgan versiyasiga ko'ra, Rossiya Adliya vazirligi tomonidan xorijiy agent deb belgilangan jurnalistlar va axborot vositalariga ishlayotgan shaxslarga nisbatan cheklovlar qo'llaniladi. Xususan, ulardan nashr etilgan materiallariga "xorijiy agent tomonidan tayyorlangan" deb yozish talab qilinadi, faoliyati va moliyasi muntazam tekshiriladi.

"Amerika Ovozi" va "Ozodlik" kabi tashkilotlar xodimlari va pudratchilari hozirda bu vazirlik ro'yxatiga kiritilgan.

Qonun loyihasi matni mujmal bo'lgani uchun "xorijiy agent" tamg'asi hukumat shubhali deb bilgan materiallarni tarqatuvchi shaxslarga ham qo'llanishi mumkin. Buning Rossiya blogosferasi va ijtimoiy tarmoqlarga ta'siri katta bo'ladi. Har ikkisi hozirda siyosiy munozaralar uchun ochiq platformalar hisoblanadi.

Cheklovlarni hukumat fuqarolarga nisbatan qanday qo'llashi hozircha noma'lum.

Loyiha muallifi, Dumaning Rossiya ichki ishlariga xorijiy aralashuvni tekshirish komissiyasi rahbari Vasiliy Piskaryov qonunni zarurat deb hisoblaydi. Komissiyamiz, deydi u, bir qancha xorijiy va mahalliy axborot vositalari mahalliy saylovlarga aralashganini aniqlagan.

Sentabrdagi regional va mahalliy kengash saylovlarida muxolif nomzodlarga yo'l berilmagani namoyishlarga sabab bo'lgan edi. Xorijiy va mustaqil OAV bu voqealarni yoritgan, davlat teleradiosi esa e'tibor bermagan.

"Rossiyalik tomoshabinlar va o'quvchilar ushbu OAVning ildizlari qayerdaligini, pulni qayerdan olishini bilish huquqiga ega, - deydi Piskaryov. - Ushbu media tashkilotlar reyestrga kiritilganidan keyin, agar muayyan shartlarga rioya qilsa, ijodiy faoliyatini davom ettirishi mumkin".

Vasiliy Piskaryov
Vasiliy Piskaryov

Unga ko'ra, Rossiya shunchaki boshqa joylarda rossiyalik jurnalistlar duch kelayotgan sharoit va choralarni yaratishga urinmoqda xolos. Bu bilan u Rossiyaga qarashli "RT Amerika" telekanaliga ishora qilmoqda. Telekanal 2017-yilda AQSh Adliya vazirligi tomonidan xorijiy agent deb ro'yxatga olingan.

"Xorijiy agent" to'g'risidagi qonun tanqidiy ovozlarni o'chirish va Rossiya fuqarolarining ma'lumot olish huquqini cheklashga qaratilgan", - deydi "Human Rights Watch" tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori Xyu Vilyamson.

Rossiyaning "Kommersant" kundalik nashrida bosilgan maqolaga ko'ra, internet orqali ma'lumot almashish madaniyati shakllanib bo'lgan zamonda yangi qonunning mujmalligi "aholining yarmini", jumladan, chet el sarmoyasi bilan ishlaydigan kompaniyalarda ishlaydigan fuqarolarni va xalqaro grant oluvchilarni, qonunbuzarga aylantiradi.

Saylovlar adolatli o'tishini talab qilgan namoyishchilar, Moskva, iyul, 2019
Saylovlar adolatli o'tishini talab qilgan namoyishchilar, Moskva, iyul, 2019

Rossiyada xorijiy agentlar to'g'risidagi qonun ilk bor 2012-yilda Rossiya nodavlat tashkilotlarini chet el moliyasidan uzish uchun taklif qilingan edi. Prezident Vladimir Putinning o'shanda qilgan bayonotiga ko'ra, xorijiy grantlar bilan ishlaydigan nodavlat tashkilotlarning maqsadi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish emas, balki G'arbdagi donorlari uchun inqilob qilishdir.

Xorijiy agent sifatida ro'yxatdan o'tish yoki jarimaga tortilish bilan yuzlashgan ko'plab tashkilotlar Rossiyada eshiklarini yopdi.

Hukumat qonundan "dushman"larga qarshi foydalanadi. O'tgan oy Adliya vazirligi Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg'armasini ham xorijiy agent deb belgilashini bildirdi.

Korrupsiyaga oid tekshiruvlari bilan tanilgan jamg'arma shu yoz hukumatga qarshi namoyishlarni qo'llab-quvvatlagan. Tashkilot Rossiya fuqarolaridan keladigan mablag' asosida faoliyat yuritadi, ammo vazirlikka ko'ra, chet eldan ikki kichik pul o'tkazmasi ham qayd etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG