Rossiyaning taniqli "Kommersant" gazetasida ishlovchi 180 dan ortiq jurnalist matbuot erkinligini himoya qilib o'quvchilarga ochiq xat yozdi. Ularga ko'ra, mamlakatga "so'z erkinligi kerak".
Rossiya parlamentida Kremlning eng yaqin ittifoqchisi sifatida ko'rilgan Valentina Matviyenko ishdan ketishi mumkinligi haqida xabar chiqqach, gazeta mulkdorlari talabi bilan ikki jurnalist ishdan haydalgan edi. Bunga e'tiroz sifatida o'ndan ortiq jurnalist ham ishdan ketishini e'lon qildi va buning ortidan gazeta jamoasi ochiq xat e'lon qildi.
21-may kuni e'lon qilingan xatda yozilishicha, gazetaga egalik qiluvchi aksiyadorlar "qisqa muddatli siyosiy manfaatlar" uchun "Rossiyaning eng yaxshi ommaviy axborot vositalaridan birini o'ldirmoqda".
"Rossiya yaxshiroq kelajakka loyiq ekaniga ishonchimiz komil. U so'z erkinligi bo'lishiga loyiq", - deyiladi maktubda.
"Kommersant" bosh muharriri o'rinbosari Renata Yambayevaning aytishicha, gazetaning Siyosat bo'limi muharriri o'rinbosari Maksim Ivanov va maxsus muxbir Ivan Safronovni ishdan haydash qarorini Kremlga yaqin oligarx, gazetaning egasi Alisher Usmonov bergan.
Usmonovning vakili bu da'voni inkor etib, biznesmen gazeta faoliyatiga hech qachon aralashmasligini va jurnalistlarning ishdan haydalganini xabarlardan o'qib bilganini aytdi.
Yambayevaga ko'ra, jurnalistlarni ishdan haydash qarori "asossiz" bo'lgan va bu narsa "gazeta uchun falokatli" hamda jurnalistlarga "ochiq bosim ko'rsatish" harakatidir.
Facebook Forum