O’zbekiston-Rossiya aloqalari misli ko'rilmagan tarzda faol ekan, bu jarayon Markaziy Osiyoda endigina ildiz ota boshlagan hamkorlikka qanchalik ta'sir qilishi mumkin?
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu hafta Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi.
Muloqotda strategik sheriklik va o’zaro ittifoqchilikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlar tobora rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlangan. Kutilayotgan oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Rossiya hukumati iste’fo berishi ortidan vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri lavozimini bajaruvchiga aylangan Sergey Lavrov Toshkentga 15-yanvar kuni kelgan. Hamkasbi Abdulaziz Komilov bilan O’zbekiston prezidentining Rossiyaga kutilayotgan davlat tashrifiga tayyorgarlikni muhokama qilgan.
Lavrov O’zbekiston prezidenti tomonidan qabul qilinishi ortidan Moskva xalqaro aloqalar universitetining Toshkentdagi vakolatxonasida ham ma’ruza o’qigan.
Uchrashuvda Lavrovga Prezident Mirziyoyev bilan O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo’lishi masalasi qanchalik muhokama qilingani haqida savol berilgan. Lavrovga ko’ra, bu masaladagi qaror O’zbekiston prezidenti va mamlakat parlamentiga bog’liq.
O’zbekistonning mazkur ittifoqqa qo‘shilish ehtimoli jamoatchilik diqqatida turgan, turli xavotirlar, munozaralarga sabab bo’layotgan dolzarb masala sifatida qolmoqda.
Jamoatchilikdagi asosiy xavotir bu ittifoqqa qo’shilish ortidan O’zbekistonning tashqi va ichki siyosatda ham Rossiya izmiga tushib qolish ehtimoli bilan bog’liq.
Bu borada hukumat rasmiylari, parlamentga kirgan siyosiy partiyalar, jumladan, Prezident Mirziyoyevning o’zi ham munosabat bildirib o’tdi.
"Niyatimiz shundayki, iloji boricha mana katta-katta integratsiyalarga qo‘shilmoqchimiz. Hamma har xil aytadi. Mustaqillikni berib qo‘ymaymiz. Hech kimga hech qachon mustaqillikni endi qo’ldan boy bermaymiz. Necha asrlik bobolarimiz boshlab bergan kurash hozir ham davom etadi. Lekin jilov o‘zimizning qo‘limizda. Biz bozor iqtisodiyoti manfaati nuqtai nazaridan qaysi yo‘l to‘g‘riligini hisob-kitob qilishimiz kerak. Har kuni bizning eng katta xatti-harakatimiz eng ma’qul, eng to‘g‘ri iqtisodiy manfaat yo‘lini tanlashdan iborat bo’ladi. Kim bilan borishimizni xalqimizning o‘zi, deputatlarimiz bilan maslahat qilib hal qilamiz. Deputat degani xalqimizning ovozi, ko‘zi, dardi bo’lishi lozim. Qarorni xalqimiz bilan maslahatshib qilamiz. Yo‘limizning to‘g‘riligiga ishonsak, ijobiy qaror qilamiz", - degan edi bu borada Prezident Mirziyoev.
Mavjud rasmiy munosabatlar, shuningdek, hukumatga qarashli iqtisodiy tahlil markazlari o’tkazayotgan dastlabki taqdimotlar ham O’zbekiston yaqin orada bu ittifoqqa qo’shilishidan darak beradi.
Sharhlovchilar Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo ittifoqini nafaqat iqtisodiy tashkilot, balki uzoq kelajakka mo’ljallangan siyosiy ittifoq sifatida ham ko‘radi. O’zbekistonning bu ittifoqqa qo’shilishi mamlakat uchun, shuningdek, mintaqa uchun ham xavotirli bo’lishiga doir tanqidiy qarashlar kuchaymoqda.
Toshkentlik siyosatshunos Farhod Tolipovga ko’ra, Markaziy Osiyo davlatlari uzoq yillik tanaffusdan so’ng hamkorlikni tiklay boshlagan. Bu pallada Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining mintaqaning yana bir yirik davlati O’zbekiston hisobiga kengayishiga ehtiyoj yo’q.
“Tarix takrorlanayotgandek, bir paytlar Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti aynan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tufayli o’z faoliyatini to’xtatgan edi. Marhum Islom Karimov va Qozog’istonning sobiq rahbari Nursulton Nazaroboyev bir-birini takrorlaydigan ikki tashkilotga hojat yo’qligi sababli mintaqaviy tashkilot faoliyatini tugatish qaroriga kelgan edi. Ammo O’zbekiston ikki yillik ishtirokdan so’ng Rossiya yetakchiligidagi bu ittifoqdan chiqib ketdi. Hozirgi vaziyat ham shunga o’xshash. To’g’ri, bugun Markaziy Osiyo davlatlarida mintaqaviy tashkilotning o’zi yo’q. Ammo o’zaro hamkorlikni tiklash uchun zaif harakatlar boshlandi, mintaqa prezidentlarining sammitlari o’tkazila boshlandi. Umid qilamizki, bu hamkorlik sust ko’rinishda bo’lsa-da, saqlab qolinadi. Sustlik deganda men aynan Yevrosiyo tashkiloti bilan parallellikni nazarda tutayapman. Mintaqaviy hamkorlik uzoq yillik jimlikdan so’ng qayta jonlanganining o’ziyoq, siyosiy sabab va vaziyatdan qat’iy nazar, mintaqada bu hamkorlikka nisbatan ehtiyoj o’ta tabiiy, kuchli ekanligidan dalolat”, - degan fikrda Farhod Tolipov.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiya safari fevral oyining boshlarida kutilmoqda. Tashrif davomida Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o’tkazadi.
Prezident Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi, muzokaralar doirasidagi asosiy mavzu O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi masalasi bo’lishi kutilmoqda.
Facebook Forum