29-noyabr kuni Markaziy Osiyo prezidentlarining ikkinchi uchrashuvi bo'lib o’tadi. Toshkentda sammit to’liq tarkibda o'tishi kutilmoqda, unda Turkmaniston Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov ham qatnashadi.
Qozog’istondagi dastlabki sammitda qatnashmagan Turkmaniston prezidentining O’zbekistonga safari 28-noyabrdan boshlanadi.
O’zbekiston tomoni tarqatgan xabarga ko’ra, mintaqa liderlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvida yakuniy hujjat qabul qilinadi.
O’tishi bir necha bor noma’lum muddatga qoldirilgan bu sammit Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi hamkorlik, mintaqada shakllanayotgan geosiyosiy vaziyat o’zaro, mintaqa davlatlari o’rtasida muhokama etilishi bilan muhim ko’riladi.
So’nggi o’n yillikda Markaziy Osiyodagi o’zaro ziddiyatlar natijasida davlat rahbarlarining mintaqaviy uchrashuvlari ham bekor qilingan, aloqalar tarangligicha qolayotgan edi.
Vaziyat O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan o’zgardi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy hamkorlikda yangi davr boshlanishiga asos solgan yetakchi sifatida ko’riladi. Regional sammit o’tkazish tashabbusi ham O’zbekiston prezidentiga tegishli.
Prezidentlarning dastlabki uchrashuvi Qozog’istonda o’tgan edi. Ostonadagi sammitda Turkmaniston rahbaridan tashqari Tojikiston, Qirg’iziston, Qozog’iston va O’zbekiston prezidentlari qatnashishdi, hamkorlik va birdamlikni kuchaytirishga doir bayonotlar qilishdi.
29-noyabr kuni Toshkentda shu sammitning navbatdagi kutilmoqda. 15-noyabr kuni Toshkentda mintaqa tashqi ishlar vazirlari sammitga tayyorgarlik, prezidentlar kun tartibidagi masalalar muhokamasiga doir uchrashuv o’tkazgan.
Sharhlovchilar Markaziy Osiyo liderlarining ikkinchi sammiti arafasida mintaqadagi geosiyosiy jarayonlar, xavfsizlikka oid vaziyatda ma’lum siljishlar kuzatilganini qayd etishmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlarining o’zida aniq bir iroda shakllanmaguncha mintaqaviy integratsiya haqida jiddiy gapirish mumkin emas
O’zbekiston tashqi siyosatida Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlar tomon og’ish kuzatilayotgani, O’zbekiston-Tojikiston chegarasida IShID jangarilari tomonidan amalga oshirilgan hujum shular jumlasidan.
Toshkent hozircha sammit ishtirokchilari ro’yxatini e’lon qilmagan, ammo unda katta ehtimol bilan Qozog’istonning birinchi prezidenti, mamlakat xavfsizlik kengashi rahbari sifatida qolayotgan Nursulton Nazarboyev ham ishtirok etadi.
Har holda Toshkentda Markaziy Osiyo prezidentlari uchrashuvi kutilayotgani, mintaqaviy, xavfsizlikka oid masalalarning muhokamasi zarurligi haqida avvalroq aynan Nazarboyev bayonot qilgan edi.
Ekspertlar, sharhlovchilarning Markaziy Osiyo prezidentlari sammiti tiklanayotganiga doir qarashlari ancha ehtiyotkor.
Toshkentlik siyosatshunos Farxod Tolipovga ko’ra, Markaziy Osiyo prezidentlari uchrashuvi tiklangani geosiyosiy raqobat kuchaygan region manfaatlari uchun muhim, ammo sammitning norasmiy maqomi jiddiy qarorlardan darak bermaydi.
“Mayli, mintaqada hamkorlikning yangi davri boshlanyapti, mintaqa prezidentlarining uchrashuvlari o’tayapti deb qarasak ham, bu uchrashuvni shunchaki norasmiy ekanligi mintaqa integratsiyasi yuzasidan tomonlarda hali jiddiy siyosiy iroda shakllanmaganidan ham darakdir. O’tgan yil maslahatlashuv edi, bu yil ham maslahatlashuv maqomida. Shuning o’zi ham jiddiy bir integratsiyaga hozirlik mavjudligidan darak bermaydi, ya’ni qandaydir muammolarning muhokamasi bilan cheklanadi. Xullas, Markaziy Osiyo davlatlarining o’zida aniq bir iroda shakllanmaguncha mintaqaviy integratsiya haqida jiddiy gapirish mumkin emas”, - deydi Tolipov.
Qozog’istonlik ayrim faollarning mintaqaviy intergartsiya yuzasidan qarashlari bir qadar keskin. Muxolifat faollaridan biri Aydos Sodiq mintaqa davlatlari tashqi siyosiy qudrat, xususan Moskva iznisiz biror tashkilotga birikish uchun siyosiy irodaga ega emas deb hisoblaydi.
“Hammasi [Vladimir] Putinning iznida. Markaziy Osiyo davlatlarining Moskvadan mustaqil ravishda biror tashkilotga asos solishi, birlashishi juda qiyin. Chunki mintaqa davlatlaridagi hukumat rahbarlari, siyosiy elita Moskva bilan bog’liq, qalin aloqada, har holda Qozog’istonda bu aniq. [Qosim-Jo'mart] Tokayevning prezidentlikka kelishi ham Moskva tomonidan tasdiqlanishi ortidan amalga oshdi. Shunday ekan, men bu kabi sammitlar, mintaqa hamkorligi haqidagi bayonotlarga jiddiy baho bermagan bo’lar edim”, - deydi Aydos Sodiq.
Markaziy Osiyo liderlarining Toshkentda kutilayotgan Maslahat uchrashuvida qanday masalalar muhokama qilinishi hali rasman bildirilmadi, ammo uchrashuv so’nggida hujjat imzolanishi ta’kidlangan. Bu hujjat prezidentlarning qo’shma bayonoti bo'lishi ehtimolga yaqin.
Facebook Forum