22-sentabr, 2019: BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi boshlanish arafasida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo davlatlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, xavfsizlik, kontrterrorizm, savdo va integratsiya xususida fikr almashdi.
Pompeo bu muloqotni imkoniyatlar haqidagi dialog deb atadi. Yig'inda Tramp ma'miriyati o'zi uchun ustuvor mavzularni eslatib qo'ydi.
Xususan, Pompeo Markaziy Osiyo hukumatlarini Xitoy bilan aloqalarda uyg'urlarni qurbon qilmaslikka chaqirdi, ya'ni bu elat vakillarini Pekin qo'liga topshirmaslikka undadi. Uyg'urlarni Xitoyga deportatsiya qilish Amerika bosh diplomati nazarida katta xato. Chunki, deydi u, Pekin terrorizmga qarshi kurashayotganini ro'kach qilsa-da, asl maqsadi bu kabi elatlarni va o'z dindagilarni "yo'q qilishdir".
Markaziy Osiyo hukumatlari, xususan O'zbekiston va Qozog'iston nazarida Xitoy xavfsizlik kuchlari Shinjon muxtoriyatida terrorizm va ekstremizmga qarshi chora-tadbirlar ko'rmoqda. Mintaqaning biror rahbari shu kungacha uyg'urlarni himoya qilib chiqmagan.
C5+1 - Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSh ishtirokidagi muloqotga bundan besh yilcha oldin, Barak Obama prezidentligi davrida asos solingan. Mintaqaning turli shaharlarida, shuningdek, Nyu-York va Vashingtonda o'tgan yig'inlarda tomonlar regional birdamlik sari intilayotganini qayd etib keladi. Chegara xavfsizligi, chegara osha savdo, energetika, transport va kommunikatsiya, sayohat, ta'lim borasida hamkorlik qilish; madaniy va iqtisodiy rishtalarni mustahkamlash, shuningdek, qo'shni Afg'onistonga madadni oshirish borasida kelishib olingan.
Diplomatlar deydiki, bu ezgu maqsadlar sari shaxdam qadamlar tashlanmoqda. Masalan, O'zbekiston qo'shni davlatlar bilan uzoq payt yopiq turgan chegara postlarini hozirda ochgan. Tijorat kengaygan. Afg'oniston bilan oldi-berdi faollashgan. Biznes aloqalar jadallashgan.
Mintaqaviy ittifoq yoki blok tuziladimi degan savolga hozircha yo'q degan umumiy javob beriladi.
Amerika mintaqaviy integratsiyani quvvatlab keladi lekin biror tuzilma joriy etish borasida hozirgi C5+1 formati samarasini oshirishdan boshqa taklifi yo'q. Ya'ni, mintaqada biror blok tuzish-tuzmaslik besh davlatning o'ziga bog'liq. Muhimi, deydi Vashington rasmiylari, davlatlar ahil bo'lsin, o'zaro manfaatlar yo'lida birga ishlasin.
Mirziyoyev ma'muriyati har bir qo'shni bilan hamkorlikni kuchaytirishni asosiy vazifa deb belgilagan. Diplomatlar besh respublika Amerika hamrohligida va alohida muntazam muloqot yuritishdan har tomonlama manfaatdor ekanini aytadi.
Facebook Forum