Breaking News

Mirziyoyev prezident sifatida ilk tashrifini Rossiyadan boshlaydi


Shavkat Mirziyoyev prezident maqomida birinchi rasmiy tashrifini Rossiyadan boshlashi kutilmoqda. Bu tomonlar o'rtasida ittifoqchilik kuchayishidan dalolat sifatida ko'rilyapti. O'zbekistonni G'arb bilan munosabatlarida qanday o'zgarishlar bo'lishi yangi hukumatga bog'liq.

O'zbekiston tomoni Shavkat Mirziyoyevning Rossiya safariga hozirlanayotgani yuzasidan biror ma'lumot tarqatmagan, ammo Kreml tomonidan tasdiqlangan bu xabar rad etilgani ham yo'q.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovga ko'ra, birinchi tashrif Moskvaga qilinayotgani rasmiy Toshkent siyosatidagi keskin og'ishni anglatmaydi.

Rossiya hozir O'zbekistonga kutilgan darajada moddiy ko'mak ko'rsatish qudratida emas, muzokaralar asosan xavfsizlik, harbiy-texnik hamkorlik atrofida bo'ladi.

“Biroz avval O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi harbiy hamkorlik haqidagi hujjat imzolangan edi. O'zbekiston anchadan buyon Rossiyadan harbiy texnika, qurol-aslaha olish masalasini ko'tarib keladi, chunki armiya ko'proq sobiq ittifoq texnologiyasiga moslashgan. Boshqa tomondan, buni G'arbdan olish ancha qimmat, murakkabroq. Cheklov olingani bilan O'zbekistonga katta miqdorda qurol-yarog' sotish qiyin masala. Kutilayotgan tashrif shu mantiqdan, Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi ortidan bergan bayonotlaridan kelib chiqadi. Ammo bu Toshkent tashqi siyosatida tubdan burilish bo'ladi degani emas, chunki G'arb, AQSh bilan munosabatlarni tiklashga diqqat qaratilmoqda. Yaqinda [O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz] Komilov Bryusselda bo'ldi, Yevropa bilan munosabatlarni muhokama qildi, aloqalarda siljish kutilyapti”, - deydi Ilhomov.

Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi 8-9-dekabr kunlari Gamburgda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) konferensiyasida qatnashishi kutilmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, konferensiya doirasida Markaziy Osiyo va AQSh muloqotining (C5+1) navbatdagi uchrashuvlari tashqi ishlar vazirlari darajasidabo'lib o'tadi.

Alisher Ilhomovga ko'ra, O'zbekiston va G'arb o'rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga chiqarish ko'proq Toshkentga, yangi hukumat amalga oshirishi kutilayotgan islohotlarga bog'liq.

“O'zbekistonda buning uchun real islohotlar qilinishi kerak. Avvalgidek biz AQShga, NATOga moyillik ko'rsatamiz, shuning uchun bizni qo'llashingiz kerak, deyishdan O'zbekistonga foyda bo'lmaydi. Mamlakatga real sarmoyalar, yordam faqat islohotlar ko'ringanda, korrupsiya yengilib, erkinliklar boshlanganda kirishi mumkin. Shuning uchun Mirziyoyevni Rossiyaga tashrifi biror jiddiy ahamiyat kasb etmaydi. To'g'ri, harbiy-texnik yordam bo'lishi mumkin, lekin yangi hokimiyat nufuzini belgilovchi ko'rsatkich, mamlakat iqtisodiga yotqizilishi zarur mablag' bo'yicha Rossiyadan yordam kutish qiyin”, - deydi Ilhomov.

Rossiya matbuotining O'zbekiston Prezidenti devoniga tayanib xabar berishicha, Mirziyoyevning rasmiy safari kelasi yilning boshlarida, qasamyod marosimidan so'ng amalga oshishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG