Rossiya Polsha va Litva o'rtasida joylashgan Kaliningrad anklaviga raketa hujumlariga qarshi "S-400" mudofaa tizimi hamda yadro qurolini tashishga qodir "Iskandar" raketa kompleksini o'rnatish niyatida ekanini ma'lum qildi. Bular NATOning Sharqiy Yevropadagi harbiy hozirligiga qarshi ko'rilayotgan choralar ekani aytilmoqda. Shu yil may oyida AQSh Ruminiyada raketaga qarshi mudofaa tizimini o'rnatgan edi. Polshada ham shunday inshoot barpo etilmoqda. Moskva da'vosiga ko'ra, bu o'zgarishlar AQSh bilan 1987-yilda tuzilgan bitim shartlariga zid.
O'tgan bir yil ichida Rossiyaning turli hududlarida ko'plab harbiy mashqlar o'tkazildi. Chegaradagi askarlar soni ham oshib bormoqda. Kaliningradga yadro raketalarining ko'chirilishi yangilik emas, ammo uning amalga oshirilayotgan payti e'tiborga molik, deydi AQSh Milliy mudofaa universiteti professori Piter Yelsov.
"Kreml yangi prezidentni sinovdan o'tkazmoqda. Hozir buning ayni payti. 2008-yil Obama saylanganda ham shunday qilishgan", - deydi u.
Shu yil boshida NATO Polsha va Boltiq davlatlarida harbiy mashqlar o'tkazdi. Donald Tramp davrida bu kabi faollik susayishi mumkin degan xavotir bor.
"NATO ajoyib tashkilot, lekin uni zamonaviylashtirish kerak. Himoyamizdagi davlatlar modernizatsiya uchun to'lashi kerak", - dedi Tramp.
Senator Ben Kardinga ko'ra, qonunchilar AQSh va NATO manfaatlarini himoya qiladi.
"Yo'l-yo'riq ko'rsatish vazifasiga egamiz. Tramp Kongressda har ikki partiya qo'llab-quvvatlovini oladi, deb umid qilaman. Amerika mamlakat uchun muhim bo'lgan qadriyatlarni himoya qilishda global yetakchiligini saqlab qolishi kerak", - deydi u.
Kaliningrad bilan chegaradosh Litva hukumati jiddiy xavotirga tushgan. Vilnyus harbiy tayyorgarlikni kuchaytirib, Rossiya bostirib kelsa nima qilish kerakligi haqida fuqarolarga 75 betli qo'llanma tarqatmoqda. Rossiyaning NATO a'zosi bo'lgan davlatga hujum qilish ehtimoli juda kam, deydi Yelsov.
"Hozir Putin uchun Boltiq davlatini yoki uning bir qismini egallab olishga hech qanday sabab yo'q", - deydi tahlilchi.
Ammo, deydi Yelsov, Moskva sharqiy Ukrainadagi harakatlarini kuchaytirishi mumkin. Kuzatuvchi fikricha, Trampning prezident bo'lishi AQSh va Rossiya o'rtasida jiddiy yaqinlashuvga sabab bo'lmaydi, chunki har ikki tarafdagi kuchli lobbichilar hozirgi holatning saqlanib qolishidan manfaatdor.