Vashingtondagi Atlantika kengashida kechgan muloqotda Oq uy rasmiysi Liza Kurtis Qozog'istonni xalqaro yetakchi deb atab, Tramp ma'muriyatining Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuvini tushuntirdi.
16-yanvar kuni Qozog'istonni qariyb 30 yildan beri boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Oq uyda mehmon bo'ldi. Prezident Donald Tramp uni ishonchli va strategik sherik deb maqtadi. 17-yanvar kuni Nazarboyev Vitse-prezident Mayk Pens huzurida bo'ldi. Vashingtonga tashrif mobaynida Nazarboyevga AQSh biznes sektori 2,5 milliard dollardan oshiq sarmoya va'da qildi.
Qozog'istonning AQShdagi elchisi Yerjan Kazixanov aytishicha, respublikaga investitsiya kerak va bugungi hamkorlik ortida yotgan asosiy muddaodan biri aynan shu, iqtisodiy sheriklik.
Nazarboyev shu kungacha 11 marta Amerikaga kelib ketgan. Uch tashrif rasmiy maqomga ega bo'lgan, ya'ni 3-4 kunni bu mamlakatda rasmiy uchrashuvlar uchun o'tkazgan, prezident bilan ko'rishgan. Ikki tashrif esa ish maqsadida, ya'ni qisqa va lo'nda maqsadli bo'lib, xalqaro anjumanlar va yig'inlarda qatnashgan.
Bu safar Vashingtondan keyin Nazarboyev Nyu-Yorkda bo'lib, BMT Xavfsizlik Kengashida so'zladi. Davlati raislik qilayotgan organni u faollikka chaqirib, Qozog'iston global muammolarni hal etishda yetakchi rol o'ynashga shay ekanini aytdi. Xususan, dedi u, respublika Shimoliy Koreya masalasida yordamga tayyor.
SSSR tarqalgach, o'z hududidagi yadroviy qurollar va materiallardan voz kechib, ularni yo'qotgan Qozog'iston atom arsenaliga intilayotgan davlatga nasihat qilishga, uni tinchlik tomon qadam tashlashga undashga haqli, deydi Nazarboyev.
Oq uy rasmiysi Liza Kurtis fikricha, Qozog'iston mana shunday gaplari va tashabbuslari bilan boshqalarga namuna bo'lmoqda. Tramp ma'muriyati, deydi u, Ostona bilan yaqindan ishlashga bel bog'lagan.
Biroq, deya qo'shadi Kurtis xonim, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham Qo'shma Shtatlar uchun muhim va Vashington ular bilan ham aloqani mustahkamlash niyatida. Jumladan, deya sanaydi rasmiy, terrorizmga qarshi kurash, qoradori savdosiga qarshi kurash, Afg'onistonda barqarorlikka erishish yo'lida hamkorlik, mintaqaviy iqtisodiy birdamlik, qolaversa, ikki tomonlama rishtalarni mahkamlash masalalarida.
O'zbekiston singari Qozog'iston ham ayni damda tashqi siyosatida mamlakatga to'g'ridan-to'g'ri investitsiya jalb etishni ustuvor vazifa deb belgilagan. Diplomatlar og'zini ochganida ko'p hollarda shu haqda eshitasiz.
Qozog'iston elchisi Kazixanov ham Atlantika kengashida gapirganida bu borada ko'p to'xtaldi. Kurtis xonimning aytishicha, sarmoya oqimi ichki vaziyatga bog'liq, ya'ni biznes muhit qanchalik qulay va ochiq ekaniga. Sharoit yaxshilangan sari chet el bizneslari, xususan, Amerika shirkatlari ham ko'proq qiziqa boshlaydi, deydi u.
AQShning mintaqadagi eng katta biznes sarmoyasi Qozog'iston neft sanoatida. Lekin qora oltin narxi tushib ketgan. Bu esa iqtisodni sustlashtirib, asosan neftdan tushgan daromadga asoslangan tizim oqsab qolgan.
Qozog'iston iqtisodiyotini kengaytirish ilinjida, yangi sektorlar ochishga urinmoqda. Buning uchun esa sarmoya kerak.
Oq uy qilayotgan signal sarmoya, sarmoya va yana sarmoya deb bong urayotgan Prezident Mirziyoyev, paxtaga asoslangan iqtisodini serqirra va rang-barang tizimga aylantirishni xohlovchi O'zbekistonga ham taalluqli.
Mirziyoyev ham bu yili Vashingtonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Qizig'i, Qozog'iston elchisi Kazixanovga ko'ra, Nazarboyev Oq uyga nafaqat o'z davlati rahbari sifatida balki butun Markaziy Osiyo vakili sifatida keldi. Muloqotlarda mintaqaviy masalalar muhokama qilindi, deydi u. Bu bilan Ostona o'zini regional lider deya ta'riflamoqda.
Mintaqa bilan va mintaqada uzoq davr ishlagan, yuqori lavozimlarda o'tirgan keksa diplomat Richard Hoagland fikricha, O'zbekistonda islohotchi hukumat shakllanmoqda. Toshkent va Ostona bir yoqadan bosh chiqarib, Markaziy Osiyo haqiqatda mustaqil va o'ziga ishongan tuzumlardan iborat ekanini isbotlab, o'z manfaatlari uchun kurashishi kerak, deydi Hoagland, Atlantika kengashida so'zlar ekan. Qozog'iston tashabbuskor ekani ayni muddao, deydi u, O'zbekiston esa mintaqadagi eng yirik jamiyat.
Qozog'iston elchisining aytishicha, Kaspiy hududidagi davlatlar orasidagi muzokara ham yakunlab qolgan, murosa yaqin. Kaspiy dengizmi yoki ko'l, bu suv havzasidagi ekologiya, tabiiy boyliklar va hamkorlik masalasida kelishib olinadi, deydi Kazixanov. Bu bilan Ostona o'zini xalqaro muzokaralarga usta taraf sifatida ko'rsatmoqchi. Biroq, deya eslatadi elchi, Qozog'iston ko'rpaga qarab oyoq uzatadi. Respublika hukumati uchun, avvalo, o'z xalqi farovonligi va osoyishtaligi birinchi o'rinda. Ostona global ahamiyatga ega muzokaralarga mezbon bo'lishi mumkin, ammo tarafkashlik qilmaydi va o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda harakat qiladi, deydi diplomat.
Xitoy yirik loyihalar bilan o'z siyosiy-iqtisodiy nazoratini kengaytirar ekan, Rossiya ham azaliy nufuzini boy bermaslik harakatida ekan, AQSh o'z strategiyasi va taktikasini yangilash bilan ovora ekan, mintaqa o'z foydasini ko'zlashga haqli va bunga qodir bo'lishi kerak, deydi Hoagland.
Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSh orasidagi C5+1 muloqoti davom etadi. Tashqi ishlar darajasidagi dialog.
"Bu guruhning navbatdagi uchrashuvi Qozog'istonda o'tadi, degan umiddamiz, - deydi Kazixanov. - Unda AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson qatnashadi degan umid ham bor".
Bu orada O'zbekiston ham mintaqaviy birdamlik yo'lida o'z rolini oshirishga intilmoqda. Xususan, Afg'onistonda hukumat va toliblar orasida tinchlikka erishish borasida yordam bermoqchi. Qo'shni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirib, Amerika siyosatdoni Richard Hoagland yuqorida qayd etganidek, atrofdagi hukumatlar bilan bir yoqadan bosh chiqarib, hatto tashqi siyosatda ham maslahatlashib ish tutmoqchi. Vashington buni olqishlamoqda.
Facebook Forum