Breaking News

Qozog'iston AQShga strategik sherik bo'la oladimi? 


AQShga tashrif buyurayotgan Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev 16-yanvar kuni Oq uyda Prezident Donald Tramp bilan uchrashib, strategik hamkorlik, mintaqa xavfsizligiga oid vaziyatni muhokama qiladi.

AQSh-Qozog'iston - bugungi rishtalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:44 0:00

Ayni paytda BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik qilayotgan Qozog’iston ko’p vektorli tashqi siyosati bilan tanilgan. Mintaqadagi geosiyosiy kuchlar bilan faol hamkorlikda. Ammo qozoq muxolifati faollari mintaqaning eng keksa lideri bo'lmish Nazarboyev davrida mamlakat mustaqil tashqi siyosatdan yiroqlashib, siyosiy erkinliklarni bo’g’ishda davom etayotganiga e'tibor qaratmoqda.

Tramp va Nazarboyev uchrashuvida asosan ikki tomonlama aloqalar, shuningdek, Afg’onistondagi vaziyat va Suriya masalasi muhokama qilinadi.

AQSh va Qozog’iston hamkorligi ayniqsa iqtisodiy sohada sezilarli. Mamlakatda Amerikaning 500 ga yaqin korxonasi faoliyat yuritadi, Qozog’iston energetik bozori shakllanishida AQSh kompaniyalarining roli muhim.

Oq uydagi muloqotda strategik hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari va istiqbollari haqida muzokara yuritiladi.

Iqtisodiy qiziqishdan tashqari siyosiy yo’nalishda mushtarak manfaatlar ham bor.

AQSh Qozog’istonga Markaziy Osiyodagi yetakchi, mintaqaviy jarayonlarga ta’sir ko’rsatuvchi davlat sifatida qaraydi. Qozog’iston uchun esa AQSh global lider. AQSh bilan yaqinlik Rossiya va Xitoy qurshovidagi Qozog’iston uchun muhim dastak.

Nazarboyevning AQShga safari Qozog’iston BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik qilayotgan paytga to’g’ri kelmoqda. Ostona buni Qozog’iston tashqi siyosatining xalqaro maydondagi e’tirofi, xususan Nazarboyevning muvaffaqiyati sifatida taqdim etmoqda. Qozog’istonning bu vakolatini AQSh ham, Rossiya ham, boshqa siyosiy kuchlar ham quvvatlagan.

Qozog’istonni 27 yildirki boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev regionning eng keksa lideridir. Uning rahbarligi nafaqat muvaffaqiyatlari bilan ahamiyatli, balki mamlakatda siyosiy erkinliklar bo’g’ilishi, korrupsiya avj olishi, tashqi siyosatda Rossiya izniga tushib qolgan davr sifatida ham baholanadi.

Muxolifatdagi “Qozog’iston demokratik tanlovi” harakati hamraisi Aydos Sodiqov xorijda faoliyat yuritadi. Uning nazarida AQSh va Qozog’iston o’rtasidagi strategik hamkorlik balandparvoz gap, xolos.

“Aslida Qozog’iston tashqi siyosati Rossiya va Xitoyga qaramlikka o’tmoqda. Shunday ekan, Qozog’iston AQSh uchun strategik sherik bo’lolmaydi, chunki hammasi Putinning izmida. Donald Tramp Rossiya va Xitoy bosimi ostidagi qator davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashni ko’zlayotgan bo’lishi ham mumkin. Bu uchrashuv ikki tomon uchun ham muhim bir ahamiyatga ega, deb o’ylamayman. Ehtimol, Nazarboyev AQShda korrupsiyaga oid jinoyatda gumonlanib hibs qilingan mablag’lar yuzasidan biror muzokara o’tkazar. Muzokaralar mintaqadagi ittifoqchilikka xizmat qilishi mumkin, deb umid qilish ham asossiz. Muxolifat Nazarboyevning AQSh safari arafasida qamoqdagi siyosiy faollarni ozod qilish talabini ko’tarishi mumkin edi, lekin bundan naf yo’qligini ko’pchilik tushunadi, Nazarboyevga ta'sir imkoniyati cheklangan. Qozog’iston hozir Xavfsizlik Kengashiga vaqtinchalik rais, avval esa Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik (YXHT) tashkilotiga ham bir muddat rahbarlik qildi, lekin bundan mamlakatdagi siyosiy vaziyat yaxshilanib qolmadi. Hozirgi uchrashuv ham faqat Nazarboyevning nufuzini ko’tarish uchun”, - deydi Aydos Sodiqov.

Mobil-salom: Nazarboyev Oq uyda mehmon bo'ladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:47 0:00

Qozog’iston prezidentining AQShga safari arafasida Davlat kotibining mintaqa bo'yicha muovinlaridan biri Elis Uells (Alice Wells) mintaqa jurnalistlari bilan muloqot o’tkazgan.

Rasmiy Markaziy Osiyodagi o’zgarishlarni ijobiy baholagan. Tramp ma’muriyati ham, Kongress ham AQSh va mintaqa o’rtasidagi C5+1 formatidagi uchrashuvlarni quvvatlab, navbatdagi majlisni mintaqa davlatlaridan birida o’tkazish rejasi haqida ma’lum qilgan.

Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vazirlari va AQSh Davlat kotibi o’rtasidagi bu muloqotda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish muhokama qilinadi.

O’zbekistonda rahbar almashganidan beri Toshkent roli ham oshib bormoqda. Vashington buni tan qolib, Prezident Shavkat Mirziyoyevga tayanayotganini ta'kidlaydi.

“Markaziy Osiyo davlatlarining o’zida mustaqil siyosat kuchli bo'lishi kerak. Albatta, Qozog’iston mintaqaviy jarayonlarga ta'sir o’tkaza oladi, ammo men hozirgi Qozog’iston, uning hukumati misolida bunday deya olmayman. Buning uchun mamlakat rahbarligida ichki va tashqi siyosatni mustaqil belgilaydigan kuchli yetakchi bo’lishi lozim. Qozog’istonda hozir bunisi ham, unisi ham yo'q, Nazarboyevning mintaqadagi faoliyati esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Markaziy Osiyo siyosatiga yetakchilik qilishdan iborat bo’lib qolmoqda”, - deydi Aydos Sodiqov.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG