AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining Markaziy Osiyoga ilk safari yakunlandi. Rossiyalik tahlilchilarga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Rossiyaning mintaqadagi ta'sirini kamaytirishga urinmoqda.
Kecha Tojikistonda Prezident Emomali Rahmon bilan uchrashgan Kerri Afg'oniston bilan eng uzun chegaraga ega Tojikistonning muhim ekanini ta'kidladi.
“Chegara xavfsizligini kuchaytirishda AQSh Tojikiston va mintaqadagi boshqa davlatlar bilan hamkorlikka tayyor. Bu xavfsizlikka o'z hissamizni qo'shish uchun Prezident Obama Afg'onistonda qo'shinlarni qoldirishga qaror qildi", - dedi Kerri.
Biroq Tolibon xurujlari ko'payar, Afg'oniston shimoli va sharqida "Islomiy davlat" paydo bo'lib, bosh ko'tarayotgani Kobulni xavotirga solmoqda va Rossiyadan harbiy yordam so'rashga majbur qilmoqda.
O'tgan oy Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qozog'istonda bo'lganida Afg'onistondagi terrorchilarning Markaziy Osiyoga tahdidi haqida ogohlantirgan edi.
O'zbekiston va Qirg'izistonda AQSh harbiy bazalari bor edi, biroq 2005-yilda O'zbekiston, 2014-yilda esa Qirg'iziston hukumatlari ularni Amerikadan tortib olishga qaror qildi. Ayrim kuzatuvchilar nazarida, bu mintaqaning Rossiya tomon burilishini anglatadi.
Biroq Ukrainadagi voqealar va Qrimning unga qo'shib olinishi hamda G'arbning bu voqealarda Rossiyani ayblashi Markaziy Osiyo davlatlarini xushyor tortishga majbur qildi.
Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti qoshidagi xalqaro izlanishlar tahlil instituti xodimi Leonid Gusevning aytishicha, mintaqada AQSh va Rossiya o'rtasida raqobat borligini inkor etib bo'lmaydi.
"Shu bilan birga, hamkorlik uchun imkoniyatlar ham mavjud, ayniqsa xavfsizlik masalalarida", - deydi u.
Gusevning aytishicha, Qo'shma Shtatlarning Markaziy Osiyo siyosati Afg'onistondagi vaziyat doirasi bilan cheklanmaydi va Kerrining mintaqaga safari bundan dalolat.
“AQSh Rossiyaning sobiq Sovet respublikalari, jumladan, Markaziy Osiyoga ta'sirini kengaytirish harakatlariga, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqining kengayishiga qarshi chiqmoqda", - deydi tahlilchi.
Mintaqa bo'ylab safari davomida Kerri Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyoga energetik, savdo, biznes sohalarida bog'lashga qaratilgan AQShning Yangi Ipak yo'li tashabbusiga qiziqtirishga harakat qildi.
Yakshanba kuni Samarqandda mintaqaning besh mamlakatidan tashqi ishlar vazirlari Kerri bilan muloqot qilib, turli sohalarda hamkorlikni oshirishga qaratilgan qo'shma bayonot qabul qilindi.
Rossiyalik yana bir tahlilchi Arkadiy Dubnovning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari AQSh-Rossiya raqobatiga o'rganib qolgan va undan o'zi uchun foyda ko'rishga harakat qiladi.
“Masalan, agar Tojikiston AQShdan harbiy yoki boshqa turdagi yordam berish taklifi tushganini ochiq namoyish etsa, demak, Tojikistonda ta'sirini saqlab qolishni istayotgan Rossiya respublikaga Amerikanikidan kattaroq yordam taklif etishi kerak bo'ladi. Bu ibtidoiy yondashuv, ammo samarali, va aynan shunday siyosatni mintaqada ko'rish mumkin", - deydi Dubnov.
Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar Kerridan safari chog'ida bu masalani ham ko'tarishni so'ragan. AQSh rasmiylariga ko'ra, inson huquqlari mavzusi yopiq eshiklar ortida muhokama etilgan.
Biroq "Human Rights Watch" tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha bo'limi rahbari Xyu Uilyamsonning aytishicha, AQSh ochiq bayonotlarida ham inson huquqlari mavsuzini ko'tarsa, huquq faollariga dalda bo'lardi.
Davlat kotibi Ostonadagi Nazarboyev nomidagi universitetda talabalar oldida ma'ruza qilib, ekstremizmga qarshi kurash hukumat tanqidchilarining ovozini o'chirishga qaratilmasligi kerak, dedi.
"Siyosiy raqiblarni qamash, fuqarolik jamiyati faoliyatini cheklash, noroziligini tinch yo'l bilan bildirayotgan faollarni ekstremist deb tamg'alash teskari natija beradi, terrorchilarga qo'l keladi. Nozo'ravon o'zgarishlar uchun yo'l yopiq bo'lsa, ekstremizm uchun yo'l ochiladi", - dedi Kerri.