Bugun Dushanbeda Tojikiston rahbari Emomali Rahmon va Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov bilan uchrashib muloqot qilgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri diniy erkinlik va ekstremizmga qarshi kurashga asosiy e'tiborni qaratgan. Afg'onistondagi vaziyat, chegara xavfsizligi, qoradori savdosiga qarshi kurash, iqtisodiy hamkorlik xususida fikr almashar ekan, inson huquqlari, jumladan e'tiqod erkinligi hurmat qilinishi lozim, deydi Kerri. Tojikiston yaqingacha islomiy partiya rasman tan olingan va parlamentda o'z o'rniga ega mamlakat edi. Lekin Tojikiston hukumati bu partiyani zo'ravonlik va terrorizmda ayblab, man qildi. Xalqaro tashkilotlar va Amerika nazarida Rahmon rahbariyati diniy erkinlik va ekstremizm orasidagi farqni anglay olishi, tinchlik huquq ta'minoti bilan chambarchas bog'liq ekanini tushunishi lozim. Tojikiston rasmiylari fuqarolar erkin lekin mutaassiblikka toqat yo'q deydi.