O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo’shni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirish va aloqalarni mustahkamlash siyosatini ilgari surar ekan, 25 yillik tanaffusdan Dushanbe-Toshkent yo’nalishida parvozlar boshlanishi kutilgan edi. 20-fevral kuni esa Tojikiston O'zbekiston qaroriga ko'ra havo qatnovi rejasi bekor qilinganini bildirdi. Mirziyoyev ma'muriyati masala nimada ekanini hozircha tushuntirmagan.
El orasida umidlar yorug’ bo’lsa-da, ayrim tahlilchilar parvoz narxining o’ta balandligini ta’kidlab, qo’shnilar orasidagi o’zgaruvchan siyosatga ehtiyotkorlik bilan yondoshish zarur, deya ogohlantirmoqda.
Tojikiston va O’zbekiston o’rtasidagi 1300 kilometrdan ortiq chegara bo’ylab, ikki tomonlama kelishuv asosida yigirmaga yaqin chegaradan o’tish joylari belgilab qo’yilgan.
Ularning b’azilari AQSh davlat moliyaviy ko’magi bilan zamonaviy tartibga keltirilgan bo’lsa-da, hozirda faqat uchtasidagina transport va odamlar qatnovi mavjud. Bular - Tojikiston janubida O’zbekistonning Sariosiyo nohiyasi bilan chegaradosh Paxtaobod, shimolda esa Tojikistonning Spitamen hamda Mastchoh nohiyalaridagi Sarband va Oybek chegaradan o’tish nuqtalaridir. Qolgan o’n beshdan ortiq chegaradan o’tish joylari to’sib qo’yilgan, ayrimlari hatto baland beton devorlar bilan umuman berkitib tashlangan.
Havo yo’llarida chipta narxining juda qimmatligi odamlarni hayron qoldirgan. Chipta 140 dollar etib belgilangan, bu esa 1200 somoniy. Bu pul bilan Rossiyaning Domodedovo aeroportiga qo’nib, Moskvagacha yana taksida kirib borishingiz mumkin.
Ismini bildirishni istamagan dushanbelik bir rus ziyolisi aytadiki, narx qimmat bo’lsa ham, parvoz tiklansin.
"Hali ikki tomon aeroportlari o’zaro xizmat ko’rsatish baholarini kelishib olganlaricha yo’q. Kelajakda O’zbekistonning boshqa shaharlariga ham parvozlar rejalashtirilgan, hammasi bo’lajak kelishivlarga bog’liq", - deydi bir yo’lovchi.
Tojikistondagi O’zbek ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi, dotsent Ilhom Yusupov fikricha, parvoz chiptasi behad qimmat, qolaversa bu o'zgarish hali aloqalar qayta yo’lga qo’yilganini bildirmaydi.
"Narxi 140 dollar ekan, qarang, bu degani - bo’lmaydi degan gap-da! Bu narxda kim uchadi? Viza olasiz, Dushanbegacha yo’l xarajatlari… 200 dollarga boradi, bunga diplomatlar, biznesmenlar uchadi, xolos. Birgina samolyotning uchishi bilan o’zaro aloqalar yaxshilanib ketadi deb qanday umid qilasiz? Bordi-keldining ko’paygani bilan uning bu yerdagi muhitga ta’siri bo’lmasa buning nima keragi bor? Katta siyosatda bu hech narsa bermaydi, davlatlar orasida sodir bo’lgani bo’lib o’tdi, endi uni orqaga qaytarib bo’lmaydi. Bordi-keldilarning ortgani bilan bu yerda yo’qolib ketgan o’zbek oliygohlari tiklanib qoladimi? Yoki nomlari o’zgarib ketgan o’zbek qishloqlari qayta o’z nomini oladimi? Umid deysiz, yaxshi deysiz…oddiy xalq uchmagandan keyin nima keragi bor bu narxdagi samolyotni?" - deydi o’zbek olimi.
Yusupovning fikricha, mahalliy aholi hali ham eski sovet mafkurasi bilan yashamoqda. Xalq uchun to’siq bo’lmasligi muhim, lekin orada chegara bor.
"Shuning uchun ham xalq azob chekadi, chunki bordi-keldi bo’ladi, ammo birlik yo’q, ahillik ko’rinmaydi. Odamlar boradi, keladi, apoq-chapoq bo’ladi, ulfatchilik qiladi, ammo o’z hududida qolib ketaveradi. Bu narsalarni chuqur o’ylash kerak. Ikki davlat mustaqil, orada har narsa bo’lishi, siyosat bir yilda o’zgarib ketishi mumkin. Lekin Markaziy Osiyo birligi, ittifoq degan narsa, bu-boshqa narsa, buning yo’llarini ko’rish boshqa narsa. Bordi-keldi bilan hech narsa o’zgarmaydi. Uzoqni o’ylab harakat qilish kerak, eski mafkura bilan odam o’zini aldab, tamom botqoqqa botib ketgandan so’ng kech bo’ladi, bosh ko’tara olmay yurasiz keyin. Ma’naviyat o’ladi. Millat o’lmasayam, egilib qoladi, shuning uchun ma’naviyatni kuchaytirish kerak", - deydi Yusupov.
Dushanbelik tojik ziyolisi Mehribon deydiki, asosiy masala - ikki davlat orasidagi viza tartibini bekor etish. Uning fikricha, hozir hamma narsa davlat boshliqlariga bog’liq, ular istasa bas. o
"Xalq juda qattiq azob tortmoqda, respublikalar rahbarlari o’zi istasa viza bekor qilinadi, hamma shuni kutmoqda, umid shunda qolgan. Markaziy Osiyoda qadimdan chegara bo’lmagan, vaqti kelib bu to’siqlarga, albatta, barham beriladi, ammo bu qancha tez bo’lsa, shuncha yaxshi", - deydi Mehribon.
Keyingi 10 yil orasida Tojikistondagi qarindoshini ko’rishga bazo’r kelgan farg’onalik Xosiyat Sattorova "Ozodlik" radiosiga bergan intervyusida yo’l azobining naqadar tinka-madorini quritishidan yozg'irgan.
"Opamni ko’rmaganimga 10 yil bo’ldi, kasalxonada yotibti, endi boryapman, yo’lning azobidan borolmasdim. Hozir to’g’ri, vizaga qiynalyapmiz, Toshkentga borishimis kerak, u yerga uymiz uzoq, Toshkentdan Surxondaryo bilan 12 soatda keldik, juda qiyinchilik bo’lyapti", - deydi Xosiyat.
Hozir bahor oylaridan parvozlar narxi arzonlashib, Samarqand, Buxoro, Farg’ona yo’nalishlarida ham parvozlar tiklanishi mumkin. Lekin hozircha bu taxmin.