O’zbekistonda yangi prezident uchun rasman nomzodlar ko’rsatish boshlangan pallada Tojikistonga O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov tashrif buyurib, o’zaro munosabatlardagi ba’zi masalalarga o’zgacha qarashlarni bayon etganligi Dushanbeda iliq taassurot qoldirdi.
Tojikiston hukumati namoyandalari va mahalliy ziyolilar prezidentlik vazifasini bajaruvchi Bosh vazir Shavkat Marziyoev qudratga kelsa, munosabatlar ancha iliqlashishini aytmoqda.
O’zbekistonda yangi prezidentlik saylovi kutilar ekan, qo’shni Tojikistonda bunga katta qiziqish bilan qarashmoqda, ziyolilar yangi rahbarning qo’shnilar bilan iqtisodiy, madaniy, siyosiy muloqotlarni qayta qurishi mumkinligiga umid qilinmoqda. Umid Tojikiston hukumatida ham, oddiy xalq orasida ham kuchli.
O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Komilovning Dushanbega yaqinda qilgan safari davomida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuvdan so’ng bergan matbuot konferensiyasida oldingilaridan boshqacharoq so’zlagani ko’pchilik e’tiboriga tushgan. Jumladan, Tojikiston prezidenti matbuot kotibi Abdufattoh Sharifzoda "Ozodlik" radiosiga bergan intervyusida buni alohida ta’kidlab, Komilovning aytganlarini takrorlagan.
"Ma’lum qildilarki, biz sarmoyalashtirish, energetika, iqtisod sohalaridagi munosabatlarni tiklaylik, ikki davlat orasidagi temir yo’llar harakatini, havo yo’llarini qayta boshlaylik, umumiy energetik sohadagi muammolar adolatli hal etilsin-u, har ikki mamlakat manfaatlariga xizmat etsin dedilar, - deydi Sharifzoda.
Uning aytishicha, O’zbekiston tashqi ishlar vaziri Emomali Rahmonga O’zbekiston prezidentligini muvaqqat bajarayotgan Shavkat Mirziyoyevning xos so’zlarini keltirgan, unda ikki davlat orasidagi munosabatlarni barqarorlashtirish borasida so’z yuritilgan.
Shuning barobarida mahalliy ziyolilardan Allamurod To’xliev bularning bari quruq gap bo’lib, hamma narsa ilgarigidek qolaveradi, hammasi yangi nomzodning hiylasi, O’zbekistonda diktatorlik hukmronlik qiladi desa, tojik ekperti Abdujabbor Yo’ldoshev boshqacha fikrda.
"O’zbekistonda davlatni parokandalikdan saqlab, mamlakatda barqarorlikni tutish uchun diktatorlikdan boshqa yo’l yo’q edi. Chunki yagona diktatura shart edi, chunki Markaziy Osiyo xalqi siyosatni u qadar tushunib yetadigan ilg’or kishilar emasdi, mintaqa xavf ostida edi, qatiqqo’l tuzum lozim edi. Kecha Karimovni yamonlayotganlar bugun buni tan olishmoqda. Endi uning vorislariga kelsak, to’g’ri, saylovlar ilgarigidek ko’zbo’yamachilik tarzida o’tishi mumkin. To’g’ri, mumkin o'sha Mirziyoyev prezident bo’lar. Ammo shu narsa aniq bo’lib bormoqdaki, o’zgarishlar, albatta, bo’ladi. Buni AQSh prezidenti ham ta’kidlab o’tganini eshitdim. Amerika prezidentiki, shu gapni aytadi, bu bejiz emas", - deydi Abdujabbor.
Tojik jamiyatshunosi Negmatullo Mirsaidovning fikricha, hali bu borada aniq gapirib bo’lmaydi.
"Buni oldindan aytish qiyinki, endi nima bo’ladi? Har xil farazlar bor, hamma albatta yaxshi o’zgarishlar tarafdori. Viza tartibi bekor qilinsa, chegaralar ochilsa, bordi-keldi ravnaq topsa, xalq shuning tarafdori. Tez kunlarda bo’lmasa-da, shunday bo’lishiga umid qilamiz", - deydi Xo'jandlik tojik jamiyatshunosi.
Bir necha yillar Rossiyada istiqomat qilgan mahalliy jamiyatshunos Anatoliy Hayimshoyev aytadiki, mutlaq o’zgarishlarga qattiq ishonmaslik kerak, ammo umid ham so’nmasin.
"Siz tushunishingiz lozimki, siyosatda shunday bo’ladiki, ko’zlangan ba’zi reja va ishlarni yashirish ham kerak bo’ladi, yoki shunga majburlar. Negaki, juda ko’p narsalar hozir bir-biriga bog’lanib ketgan, kezi kelguncha oshkor etilmaydigan narsalar bor, bayonki etdingiz, reja amalga oshmay qolishi mumkin. Ehtimol, shunday ham bo’larki, vaqti kelib O’zbekistonda siyosatni prezident emas, Bosh vazir shakllantirar, ehtimol boshqacha bo’lar, ehtimol ufqda biz tanimagan yangi shaxs paydo bo’lar…Janob Karimov puxta siyosatchi edi, ammo aynan uning yo’lini olib boruvchi odam endi yoq", - deydi Anatoliy.
Siyosatshunos Yo’ldoshevning aytishicha, gap hozir O’zbekistonda prezidentlik saylovining qanday o’tkazilishida emas, gap qanday shaxsning qudratga kelishida.
"Kun keladiki, Ozbekistonda davlat qurilishida demokratiya yo’lga qo’yiladi. Islom Karimov buni oldinroq bajarishi, xalqni demokratiyaga ozmi-ko’pmi tayyorlab borishi kerak edi. Endi esa, buni yangi odam bajaradi, bu tarixiy vazifa uning chekiga tushgan ekan. Gap hozir saylovning qanday o’tishida emas, masala kim va qanaqa odamning qudratga kelishida", - deydi Yo’ldoshev.
Hayimshoev marhum Islom Karimovning dafn marosimi o’tkazilishidan xulosa chiqarib, O’zbekistonda davlat boshqaruvi mustahkamligiga ishora qilarkan, mamlakat hayotida baribir o’zgarishlar kuzatiladi, deydi.
"Dafn marosimi qanday tashkil etilganining o’zi sistema soatdek ishlab turganini ko’rsatdi. Fikrimcha, hech qanaqa tartibsizliklar bo’lmaydi, biron ikki yillardan so’ng ehtimol islohotlar kuzatilishi mumkin, bu albatta bo’ladi, mintaqa davlatchiligi tarixi o’zi bunga guvohlik beradi", - deydi Hayimshoev.
Tojikistonlik ba’zi tahlilchilarga ko’ra, O’zbekiston hayotida yuz berishi mumkin bo’lgan o’zgarishlar mintaqaga o’z ta’sirini o’tkazmay qolmaydi va bu o’zgarishlar, albatta, ijobiy bo’lishi kerak.