Breaking News

Qirg’iziston ahli O’zbekistonning yangi rahbariyatidan nimalar kutayapti?


Muvaqqat Prezident Shavkat Mirziyoyev
Muvaqqat Prezident Shavkat Mirziyoyev

So’nggi paytlarda Bishkek va Toshkent munosabatlarida ko’zga tashlanayotgan ijobiy siljishlarni Qirg’izistonda oddiy odamlar umidvorlik bilan kuzatmoqda.

Ikki o’lka rahbarlarining muloqoti ortidan O'zbekiston militsiya xodimlarining bahsli Unkurtov tepaligini tark etishi, chegarani xatlash jarayoni yana jonlangani turli davralarda ijobiy qabul qilinmoqda.

Qirg’iziston ahli O’zbekistonning yangi rahbariyatidan nimalar kutayapti? Mintaqaning eng katta o’lkasi uchun qanday tashqi siyosat maqbul va samarali bo’lar edi?

Bishkeklik siyosatshunos, Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya akademiyasining dotsenti Japar Birimqulov rasmiy Toshkentdan qo’shni o’lkalar, ayniqsa, Qirg’iziston va Tojikiston bilan munosabatlarda ochiqlik, chegara, yo’l-transport aloqalari, baland to’g’onlar qurilishi kabi masalalarni hal qilishga hozirlik kutadi.

“Chegara va qatnov masalalarining yechilishi esa o’z navbatida savdo-sotiq, iqtisodiy aloqalar taraqqiyotiga yo’l ochadi”, - deydi Japar Birimqulov.

Siyosatshunos fikricha, aslida Markaziy Osiyoning besh o’lkasi yagona mintaqaviy iqtisodiy-siyosiy tashkilot atrofida birlashgani maqsadga muvofiq edi.

“Afsuski, bir paytlar Nazarboyev olg’a surgan Markaziy Osiyo ittifoqi tuzish g’oyasi qo’llab-quvvatlanmadi”, - deydi Birimqulov.

Siyosatshunos aytishicha, notinch Afg’onistonning yaqinligi, terrorizm hamda radikalizm xavfi, shuningdek, iqtisodiy zarurat ertami-kech O’zbekistonni Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan bevosita hamkorlik qilishga undashi ehtimoldan xoli emas.

Sayyohlik masalalari bo’yicha mutaxassis Umarjon Yosiddinov turizm sohasida imkoniyatlar kengayishini orzu qiladi. Hozircha qirg’izistonliklar Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadim shaharlarga faqat havo yo’li (Toshkent) orqali safar qilish imkoniga ega. Eshiklar keng ochilsa, o’zbekistonliklar qirg’iz diyorining Arslonbob, Sarichelek kabi noyob go’shalari, O’sh, O’zgan ziyoratgohlariga avvalgidek serqadam bo’lishlari tayin.

O’shlik tarjimon Habibillo Tursunboyev deydiki, O’zbekiston hamda mintaqa davlatlari, ayniqsa, Toshkent va Bishkek, Toshkent va Dushanbe munosabatlari yangicha yondashishni talab etadi.

Ayni paytda qars ikki qo’ldan chiqishini unutmaslik lozim. Qo’shni o’lkalar o’rtasida o’zaro manfaatli aloqalarning rivoj topishi mintaqadagi muhit va taraqqiyotga salmoqli ta’sir ko’rsatishi tabiiy, bu o’rinda faol muloqot lozim, deydi suhbatdosh.

Tursunboyevning fikricha, O’zbekistonning Karimov davrida shakllangan va buyuk davlatlar bilan munosabatlarda masofa saqlab kelgan tashqi siyosati Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik manfaatlari uchun alohida ahamiyat kasb etadi.

Kuzatuvchilar so'zlariga ko’ra, qardosh o’lkalarning chegara hududlari o’rtasida an’anaviy muloqot tiklanishi uchun rasmiy Toshkent mahalliy boshqaruv tizimlariga ma’lum mustaqillik berishi darkor bo’ladi. Aytaylik, keyingi yillarda Qirg’iziston va O’zbekiston mahalliy idoralari vakillarining o’zaro uchrashuvlari cheklangan bo’lib, o’zbek mulozimlari oddiy xo’jalik masalalarini ham markaz ko’rsatmalarisiz yecha olmay kelgan.

“Menimcha, Mirziyoyev davrida ma’lum muddat eski amaliyot davom etadi. Lekin asta-sekin joylarga qo’shnilar bilan tig’iz aloqalar olib borish uchun tegishli vakolatlar beriladi, deb o’ylayman”, - deydi bishkeklik siyosatshunos Japar Birimqulov.

XS
SM
MD
LG