Breaking News

Mirziyoyev "samimiy" emas, deydi uni yaqindan kuzatgan jurnalist


Shavkat Mirziyoyevning muvaqqat prezident sifatida Jizzax viloyatiga qilgan safari, kadrlar almashtirilishi bilan bog’liq qarorlari O’zbekistonni yaqin kelajakda qanday boshqaruv kutayotgani haqidagi ilk taassurotlarni bera boshladi.

Muvaqqat prezident televideniye orqali namoyish etilayotgan chiqishlarida ancha ehtiyotkor nutq bilan ko’zga tashlanadi, ammo Mirziyoyev faoliyati bilan bevosita tanish faollar uning boshqaruvidagi O’zbekistonda siquv Karimov davridagidan o’tib tushishi mumkin deya ogohlantirishmoqda.

Ayni paytda siyosiy qochqinlikda yashayotgan o’zbek jurnalisti Ulug’bek Ashur Shavkat Mirziyoyevga Jizzax viloyatidagi hokimligi davrida to’qnash kelgan. Bu paytda mahalliy televideniyeda ishlayotgan jurnalist xalqaro matbuot vakillariga viloyatdagi bolalar mehnatiga oid vaziyat yuzasidan maqola qilishga ko’maklashgan.

Shu kuni kechga tomon jurnalist o’z iyidan viloyat hokimi Mirziyoyev huzuriga olib kelingan.

“O’shanda men u bilan birinchi bor bevosita gaplashdim, bungacha faqat yig’lishlarda kuzatib kelardim. Uning oldida bir necha o’rinbosarlari ham bor edi. Ularning oldida menga ancha gapirdi. Nega viloyatning muammolarini tashqariga olib chiqayotganim haqida… Keyin maqolani qaytarishni talab qildi. Men buning iloji yoq dedim. Shundan so’ng boshqa televideniyeda ishlamasligim haqida aytdi. Ko’p o’tmay meni ishdan bo’shatishdi. Uni odamlarni ochiq haqorat qilishi, urishi, qo’polligi hech bir aqlga sig’maydigan darajada edi. Jizzax aholisi avval uni ancha hazm qilolmay turdi, ammo qaysarligidan so’ng, ilojsiz ko’nishga majbur bo’ldi. Ayniqsa tadbirkorlarni jinoiy ish bilan qo’rqitib, mablag’ini sarflashga majbur qilardi”, - deb xotirlaydi jurnalist.

Ulug’bek Ashur Mirziyoyevni yaqindan kuzatgan va shu kuzatuvlariga asoslangan maqolasini ham e’lon qilgan. Jurnalist deydiki, O’zbekiston Jizzaxda o’z shafqatzisligi bilan nom qoldirgan Mirziyoyev izniga o’tar ekan, bu boshqaruv Karimov davridagidan ancha o’tib tushadi.

“Agar Mirziyoyev o’zgarmagan bo’lsa, o’sha Jizzaxdagi siyosatini respublika bo’ylab ham davom ettiradigan bo’lsa, Karimov davridagi siyosat bizga bir jannatdek ko’rinib qolishi mumkin. Uning ochiq so’zga toqatsizligi, jinoyatchilar kabi ish ko’rishi… Jizzaxdaligi paytida Toshkentdan juda shubhali shaxslarni atrofiga yig’ib olgan edi. Ko’p ishlarini o’shalar orqali qilardi. Mushtumzo’r edi, masalan paxta dalasida oddiy o’qituvchini urib yiqitganini hamma ko’rgan. Ammo hech kim hech narsa demagan edi. Bunaqa ishlari juda ko’p edi”, - deydi jurnalist.

4-dekabrda kutilayotgan prezidentlik saylovlaridagi asosiy nomzod Shavkat Mirziyoyev Jizzaxga qilgan ilk safarining o’zida, viloyat, shahar va bir nechta tuman hokimlarini ishdan oldi.

Shunday o’zgarishlar “Ichki ishlar organlari” to’g’risidagi qonunni imzolanishidan so’ng Ichki ishlar vazirligida, huquq-tartibot organlarida ham kuzatilmoqda.

Muvaqqat prezident tomonidan lavozimga tayinlanayotgan kadrlarning ko’pchiligi Karimov davrida ko’zga tashlangan, keyinchalik turli ayblovlar bilan ishdan chetlatilgan sobiq amaldorlar.

Shu ma’noda mamlakatning boshqaruv usulida biror yangilik bo’ladi deb kutish qiyin ko’rinadi. Karimov davrida ham ichki siyosatga, hukumat ishiga aksariyat holda soyada turgan Shavkat Mirziyoyevning o’zi mas’ul bo’lib kelgani nazarga olinsa, u muvaqqat prezidentlikka tayinlanar ekan, soyadan chiqdi.

Televizorda Mirziyoyev ommaga ancha ehtiyotkor, bosiqdek tuyuladi.

“Hozir u televideniyeda ko’p chiqayapti. Men uning nutqlarini qayta-qayta diqqat bilan ko’rayapman. Men kelgan xulosa shu bo’ldiki, hozirgi chiqishida samimiylik yo’q. Uning ishoralarida, gapirishida artistlik kuchli. Jizzaxdagi chiqishlarida, qo’pol bo’lsa ham, so’kinsa ham samimiylik bor edi. Hozir yasamalik kuchli - bu uning qanday siyosat yurtishidan dalolat berayotgandek. Mirziyoyev Karimov davrini ko’rib, bu ishlarni takrorlamaslik darajasida o’zgargan degan qarashlar ham bildirilayapti, ammo men bunga ishonmayman. Bu odam Jizzaxda, Samarqandda shakllantirgan siyosatini butun respublikaga ko’rsatadi”, - deydi Ulug’bek Ashur.

Shavkat Mirziyoyevni muvaqqat prezident sifatida Jizzax viloyatiga qilgan safari, kadrlar almashtrilishiga bog’liq so’nggi qarorlari O’zbekistonni yaqin kelajakda qanday boshqaruv kutayotgani haqidagi ilk taassurorlarni bera boshlagan.

Mirziyoyev 8-sentabr kuni O’zbekiston parlamentining qo’shma majlisida Senat raisi Nig’matilla Yo’ldoshev taklifiga ko’ra muvaqqat prezidentlikka saylandi. U hukumatdagi Liberal demokratlar partiyasi tomonidan prezidentlik saylovlariga nomzod sifatida ko’rsatilgan.

Saylovda mamlakatdagi boshqa rasmiy partiyalar ham nomzod ko’rsatgan, lekin ular shunchaki Mirziyoyevga muqobillik vazifasini o’tab berishadi, birortasi amaldagi siyosatni tanqid qilmaydi, degan ishonch kuchli.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG