Breaking News

Faollar: O'zbekistondagi majburiy mehnatda Jahon Banki ham aybdor


Mehnat huquqlari himoyasi bo'yicha xalqaro guruhning xulosa qilishicha, O'zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnat keng tarqalishida Jahon Bankining hissasi bor.

Xalqaro Mehnat Huquqlari Forumi (International Labor Rights Forum) hisobotiga ko'ra, Jahon Banki bu davlatda fuqarolar paxta dalalariga majburan haydalishini bila turib, O'zbekistonga qishloq xo'jaligi bo'yicha moliyaviy madad ajratmoqda. Jahon Banki shu tariqa xalqaro qonunlarni buzmoqda va Amerika sudlariga javob berishi mumkin, deyiladi hujjatda.

Bu hisobot BMT Bosh Assambleyasining sessiyasi ish boshlagan bir paytda e'lon qilindi. O'zbekistonlik huquq himoyachilari sessiyada xalqaro tashkilotning bu kabi xatti-harakatlari savolga tutiladi, degan umidda.

Jahon Banki ajratilayotgan moliyaviy madad O'zbekiston hukumati tomonidan odamlarni majburan paxtaga haydashga sarflanishini biladi, deydi faollar. Sog'liqni saqlash tizimi xodimlari, talabalar va muallimlar bu yil ham terimga safarbar qilinishi aniq, deydi ular.

Hisobotda Jahon Banki va a'zo davlatlarga jiddiy islohotlar o'tkazish, toki inson huquqlari poymol etilishiga hissa qo'shish hollarini tugatish tavsiya qilinadi.

O'zbekistonda Prezident Islom Karimov vafoti esa, deyiladi xalqaro mehnat guruhi tahlilida, mamlakatda jiddiy islohotlar o'tkazish uchun bir imkoniyat. Muallimlar, talabalar va shifokorlarni paxta dalalariga haydash orqali hukumati fuqarolarning salomatligi, ta'lim saviyasini yemirmoqda, deydi faollar.

Jahon Banki aynan O'zbekiston fuqarolarining manfaatlari yo'lida xizmat qilishi kerak, inson huquqlari, salomatlik tizimi va ta'lim sistemasini yemirayotgan rejimni emas, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG