Breaking News

"Majburiy mehnatga chek qo'yilmaguncha, Jahon banki O'zbekistonga kredit bermasin"


Paxta, vatandoshlar va O'zbekiston
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:17 0:00

Paxta, vatandoshlar va O'zbekiston

9-mart kuni inson huquqlari himoyachilari dunyo bo'ylab 120 ming kishining imzosi qo'yilgan xatni Jahon banki rahbari Jim Yong Kimga eltib, undan O'zbekiston hukumatiga kredit bermaslikni so'radi.

Bank vakillari maktubni qabul qilar ekan, uni jiddiy ko'rib chiqishini bildirgan. Toshkent ham hozircha biror munosabat bildirmagan.

O'zbekiston paxta dalalarida odamlar majburan ishlatilishi ortida hukumatning o'zi turibdi va bu siyosatga butkul chek qo'yilmagunicha kredit berilmasin, deya talab qilmoqda "Paxta kampaniyasi" nomli xalqaro koalitsiya.

Jahon banki rasmiylari faollar bilan muloqotda shuni qayd etdiki, majburiy mehnat masalasiga ko'z yumilmaydi, har bir dollar o'ylab ajratiladi.

Koalitsiya a'zosi O'zbekiston-Germaniya Inson huquqlari forumi 2015-yildagi paxta terimi xususida hisobot chiqargan. Unda bir milliondan ortiq fuqaro o'tgan yili zo'rlab ishlatilganini isbotlovchi dalillar keltiriladi.

O'tgan yili Jahon banki O'zbekiston qishloq xo'jaligi islohoti uchun 500 million dollardan oshiq mablag' ajratishga qaror qilgan edi. Unda hukumatdan mehnat qonunlariga rioya qilish talab qilinadi. "Paxta kampaniyasi"ning pozitsiyasi shuki, davlat qonunlarni buzmoqda va jazolanishi kerak.

Jahon banki bilan kelishuv asosida O'zbekiston hukumati BMTning Xalqaro mehnat tashkilotini mamlakatga kiritgan va Toshkentdagi vakolatxona vaziyatni o'rganib keladi.

Tashkilot tahlilicha, paxta kvotalari hamon amalda va mutasaddilarning masalaga munosabati o'zgarmagan; katta yoshdagilar majburan paxta terimiga va ekinni parvarishlashga olib chiqiladi; davlat sektorida ishlaydiganlar, xususan ta'lim va sog'liqni saqlash tizimi xodimlari yo ish yo pul bilan bu kampaniyaga hissa qo'shishi shart.

Zamonaviy qulchilikka qarshi xalqaro tashkilot taqdim etgan video hujjatlarda guvohlar va jabrlanuvchilar bu borada gapiradi.

O'zbekiston-Germaniya Inson huquqlari forumi nazarida O'zbekiston Jahon bankiga bergan va'dalarini bajarmagan va bajarmay kelmoqda. Bank bu haqiqatga ko'z yuma olmaydi, deydi faollar.

Muammoni yashirishga urinayotgan O'zbekiston hukumati huquq himoyachilarini bosim ostiga olib, ularni hisbga oladi, so'roq qiladi, qo'rqitadi, deya bildiradi Berlinda asoslangan forum.

Yelena Urlayeva, Malohat Eshonqulova va Dmitriy Tixonov kabi mahalliy faollar tazyiqqa uchragan. Tixonovga qarshi tergov ishi ochilgan va hozirda u vatanni tark etishga majbur bo'lgan.

Jizzaxda taniqli faol O'ktam Pardayev o'tgan yilning oxirida qamoqqa olingan, ikki oy hibsda saqlangan, sudlangan va aybdor deb topilib, shartli jazo belgilanib, amnistiya asosida ozod etilgan. Hozirda unga inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanish man etilgan.

Vashiongton: O'zbekistonlik faollar Jahon banki rasmiylariga talabnoma topshirdi
Vashiongton: O'zbekistonlik faollar Jahon banki rasmiylariga talabnoma topshirdi

O'zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnatga chek qo'yilsin degan talab bilan Jahon banki oldida namoyishlar, Vashington, 9-mart, 2016
O'zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnatga chek qo'yilsin degan talab bilan Jahon banki oldida namoyishlar, Vashington, 9-mart, 2016

O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan "Paxta kampaniyasi" Vashingtonda Jahon banki oldida namoyish o'tkazib, bu tashkilotni respublikaga kredit bermaslikka chaqirdi
O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan "Paxta kampaniyasi" Vashingtonda Jahon banki oldida namoyish o'tkazib, bu tashkilotni respublikaga kredit bermaslikka chaqirdi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG