Breaking News

Paxta terimi oldidan Vashingtonda, O'zbekiston elchixonasi oldida namoyish


Vashingtonda, O’zbekiston elchixonasi ro’parasida kecha, payshanba kuni majburiy mehnatni tanqid qiluvchi namoyish o’tdi. Tashkilotchi - “Paxta kampaniyasi” (Cotton Campaign), O’zbekistonda bolalar ekspluatatsiyasi va majburiy mehnatga qarshi birlashgan global koalitsiya. Mustaqillik tantanalari arafasida o’tkazilgan namoyish bu.

Paxta terimi oldidan Vashingtonda, O'zbekiston elchixonasi yonida namoyish - Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:06 0:00

Elchixonasi ro’parasida yig’ilgan faollar o’tgan-ketganga varaqalar tarqatdi. “Maftunkor bu davlat qadim tarixi, diniy an’analari va madaniyati bilan faxrlanadi. Biroq xuddi shu o’lkada hukumat paxtadan daromad qilaman deb xalqni majburlab ishlatadi”, - deyiladi unda.

Matt Fisher Deyli (Matt Fischer-Daly) - “Paxta kampaniyasi” nomli global koalitsiya koordinatori.

“Namoyishdan maqsad - O’zbekiston hukumatidan majburiy mehnatni bas qilishni talab qilish. Dehqonlar va boshqa fuqarolarni paxta dalalariga haydashni to'xtatishsin”, - deydi u.

Faollar aynan shu kuni yig’ilgani bejiz emas. Elchixona O’zbekiston madaniyati, tarixi va taomlarini Vashington ahli va mehmonlariga ko’z-ko’z qilishni rejalab bazm o’tkazishi kutilgan edi. Biroq kecha biror izohsiz bekor qilingan.

“Biz bazmga kelgan mehmonlarni hukumat xalqni majburlab ishlatayotgani haqida xabardor qilmoqchi edik. Toki bu odamlar ham O’zbekiston rahbarlaridan mazkur illatni tugatishni talab qilsin”, - deydi Matt Fisher Deyli.

Bundan tashqari, deydi faol, mamlakatda paxta terimi mavsumi boshlanay deb turibdi. Bosh vazir kelasi bir-bir yarim haftalarda buni rasman e’lon qilishi kutilmoqda.

O’zbekiston hukumati 25 yillik faoliyati davomida fuqarolarni ekspluatatsiya qilishdan toymadi, shunday ekan, namoyishlar ham davom etadi, deydi faol.

“O’n yildan oshibdiki, xalqaro hamjamiyat bu mamlakat rahbariyatiga bosim o'tkazib keladi. Natijada 2014-yil hukumat paxta dalalarida bolalar sonini keskin kamaytirdi. Ilk bor bolalar ommaviy ravishda terimga haydalmadi. Bu muhim qadam edi. Biroq paxta terishga olib chiqilgan katta yoshdagilar soni ikki karra oshdi. Bu hol ham bas qilinishi kerak”, - deydi Matt Fisher Deyli.

Odamlarni majburlab ishlatish butun boshli sanoatga aylangan va buning ortida turgan - hukumat.

O’zbekiston rahbariyati fuqarolar ekspluatasiyasini bugunoq tugatishi mumkin; buning uchun siyosiy iroda kerak, xolos, deydi faol.

Paxta kampaniyasining talablari quyidagicha:

“Paxta yetishtirgan dehqonlarga to’lanadigan narxlar ko’tarilsin. Birorta rasmiy yoki mutasaddi fuqarolarni paxta terimiga haydash huquqiga ega emas, deya rasman e’lon qilinsin. Huquq himoyachilari, faollar o’z faoliyatini erkin bajara olsin va ularni tahqirlash yoki qo’rqitishlar bas qilinsin”, - deydi Matt Fisher Deyli.

Matt Fisher-Deyli bilan suhbatni tomosha qiling (o'zbek va ingliz tillarida):

XS
SM
MD
LG