Breaking News

Davlat departamenti: Odam savdosi, majburiy mehnat - milliardlab dollarlik sanoat


Inson savdosi va zamonaviy qullik yiliga 150 milliard dollar qiladigan sanoatdir.
Inson savdosi va zamonaviy qullik yiliga 150 milliard dollar qiladigan sanoatdir.

AQSh jahonda zamonaviy qullik mo’may daromad manbai bo’lib qolayotgani haqida ogohlantirmoqda. O’zbekiston ham bu muammolar chuqur ildiz otgan davlatlardan biri, deyiladi Davlat departamentining hisobotida.

Lekin O'zbekistonda ayrim ijobiy o'zgarishlar qilingani bois mamlakat avvalgi, quyi uchinchi toifadan ikkinchi toifaga ko'chirildi. Hisobotda 188 davlat odam savdosiga qarshi kurash bobida baholanadi.

Odam savdosi bugun deyarli har davlatda bor muammo, deyiladi Davlat departamentining yillik hisobotida. Ayollar va qizlarni fohishalikka majburlash, erkaklar va bolalarni arzimagan pulga yoki bepul ishlatish hollari keng tarqalgan.

Davlat kotibi Jon Kerri so’zlariga ko’ra, inson savdosi va zamonaviy qullik yiliga 150 milliard dollar keltiradigan sanoatdir. U hukumatlarni bu illatga qarshi kurashga va qonunlar ijrosini ta’minlashga undayapti.

Majburiy mehnat va jinsiy savdoga qarshi chora ko’rish hamma davlatlar kabi AQShning ham vazifasidir, dedi bosh diplomat.

Bu muammo chegara bilmaydi va qonunni pisand qilmaydi, deyiladi hisobotda. Uning alomatlarini ham qonuniy, ham noqonuniy sanoatlarda topish mumkin. Bundan ham malakali, ham malakasiz ishchilar birday jabr ko’rayapti, deyiladi unda.

Odam savdosi xususan eng xavfli, iflos va og’ir sanoatlarda, kam pul to’lanadigan joylarda chuqur o’rnashib olgan. Bu sektorda, ko’pincha, muhojirlar, ozchilik elatlar, jismonan zaif insonlar band. Ekspluatatsiya jinsiy ta’qib bilan chambarchas bog’liq. Deylik, chekka joylarda savdo-sotiq, pishir-kuydir bilan band xotin-qizlar fohishalik bilan shug’ullanishga majbur qilinadi.

Hisobotda O’zbekiston ham tilga olinadi. Bu davlatda erkak, ayol va bolalar majburan ishlatiladi; ayollar va bolalari jinsiy savdodan jabr ko’radi. Xususan, o’zbekistonlik xotin-qizlar va bolalar ham vatanida, ham Yaqin Sharq, Yevrosiyo va Osiyo davlatlarida jinsiy xizmatga majbur qilinadi, deyiladi hujjatda.

Unga ko'ra:

"O’zbekiston fuqarolari, ayniqsa, erkaklar Qozog’iston, Rossiya va Ukrainada quruvchilik, neft-gaz, agroxo’jalik, savdo-sotiq sektorlarida arzimagan maoshga ishlaydi. Odamlarni yoppasiga paxta dalalariga olib chiqish hanuz davom etmoqda. O’tgan yili hukumat 18 yoshgacha bo’lganlar terimga chiqmaydi, deya e’lon qilgan. Lekin amalda mahalliy rasmiylar ayrim tumanlarda bolalarni paxta terishga majbur qilgan. Ustiga-ustak, kollejlarning 18 yoshga to’lmagan qiz-o’g’illari ham terimga haydalanadi. Ba’zi o’quv maskanlarida e’tiroz bildirgan bolalar va muallimlar o’qishdan va ishdan haydalish bilan qo’rqitiladi".

Davlat departamenti nazarida O’zbekiston odam savdosini yo’q qilish uchun to’laqonli harakat qilmayapti. Biroq ayrim darajada olg’a siljishlar bor ekani e’tirof etiladi. Misol uchun, Xalqaro mehnat tashkilotiga qishloq xo’jaligi, ayniqsa, paxta terimiga doir so’rovlar o’tkazishga ruxsat berildi. Xususan, rasmiy Toshkent Jahon Banki va Xalqaro mehnat tashkiloti bilan kelishib, 2015-2017-yilgi terim mavsumini kuzatishga ijozat berdi.

Shunga qaramasdan, 2014-yilda ayrim viloyatlar rasmiylari davlat normasini bajarish uchun bolalarni paxtaga olib chiqqan. Bu haqda dalil to’plashga harakat qilgan ikki faol esa hukumat tomonidan bosimga uchragani va hatto hibsga olingani ma’lum.

Davlat departamenti hisobotida O’zbekistonga quyidagi tavsiyalar beriladi:

Paxta dalalarida bolalar majburiy mehnatini va umuman odamlarni majburlab ishlatishni tugatish yo’lida amaldagi choralarni davom ettirish zarur. Faollarga yig’im-terimni kuzatish uchun imkon berilishi kerak. Odam savdosiga aloqador rasmiylarni javobgarlikka tortish muhim. Talabalarni paxta terimiga chiqishga majburlovchi shartnomalarni bekor qilish, paxta dalalarida qonunbuzarliklarni xatlab borayotgan faollarni ta’qib qilishni bas qilish, odam savdosiga majbur qilingan fuqarolarni himoyaga olish va zamonaviy qullikdan pul undirayotgan guruhlarni fosh etib javobini berish zarur, deydilari Davlat departamentining hisobotida.

Zamonaviy qullik o’z-o’zidan paydo bo’lib qolgani yo’q, deydi bosh diplomat Jon Kerri. XXI asrning muammolari, xususan, dahshatli qashshoqlik, ayollar va ozchilik elatlarni kamsitish, korrupsiya, uyushgan jinoyatchilik kabilardan nish urib chiqadi bu illat, deydi Davlat kotibi.

"Paxta kampaniyasi"dan Jon Kerriga maktub:

Sanoatda bolalar ekspluatatsiyasini tugatish uchun faollar, bizneslar, tashkilotlarni birlashtirgan "Paxta kampaniyasi" hisobotdan hafsalasi pir bo'lib Jon Kerriga maktub yo'llagan.

Hujjatda O'zbekistonda ayrim ijobiy o'zgarishlar qayd etilgan, biroq bu mamlakat xalqaro majburiyatlarini to'liq bajardi degani emas, deya e'tiroz bildiradi bu koalitsiya.

"Demak, mamlakatni ikkinchi toifaga o'tkazishga erta. 2014-yilda hukumat milliondan oshiq fuqaroni terimga haydagan va joriy yil boshidan yana minglarni paxta dalalariga jo'natishga jozirlik ko'rmoqda. Shunday ekan, Vashington Toshkentga bosimni oshirishi va majburiy mehnatni bas qilishni talab etishi kerak" deyiladi "Paxta kampaniyasi"ning xatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG