Breaking News

AQSh: O'zbekistonda majburiy mehnat va odam savdosi chuqur ildiz otgan


Har kuz yuzlab ming odam O'zbekistonda paxta terimiga olib chiqiladi. Hukumat uni milliy hashar deb ataydi lekin aslida bu majburiy mehnat.
Har kuz yuzlab ming odam O'zbekistonda paxta terimiga olib chiqiladi. Hukumat uni milliy hashar deb ataydi lekin aslida bu majburiy mehnat.

AQSh Davlat departamenti dunyo bo'ylab inson savdosi va majburiy mehnat bo’yicha yillik hisobot chiqaradi. Bu yilgi bugun e’lon qilindi. Vashington nazarida O’zbekiston bu borada eng xavotirga molik davlatlar safida.

O'zbekiston - odamlar zo'rlab ishlatiladigan hamda xorijda va ichkarida sotiladigan mamlakat, deyiladi tahlilnomada. Gap bu yerda nafaqat qishloq xo'jaligi va paxta sohasidagi ekspluatatsiya, balki bu davlat fuqarolarining fohishalik va qora mehnat uchun pullanish hollari haqida ham ketmoqda.

Paxta Kampaniyasi (Cotton Campaign) nomli xalqaro nodavlat guruh nazarida AQSh hukumati bu muammoni e’tirof etib, O’zbekiston paxta dalalarida qulday ishlatilayotgan millionlab odamlar yonini olmoqda.

Paxta Kampaniyasi huquq himoyachilari, sarmoyachi, mehnatkash, biznes ahlini o’z ichiga olgan koalitsiyadir.

Amerika hukumati O’zbekistonni majburiy mehnat chuqur ildiz otgan jamiyat deya uni savolga tutayotgani ijobiy hol, deydi Stiv Sverdlov, Human Rights Watch huquq tashkilotining Markaziy Osiyo bo’yicha vakili.

Turli yoshdagi fuqarolar har yili dalaga haydaladi, qo’rqitiladi va og’ir sharoitda haftalab paxta terishga majbur qilinadi, deydi u.

Davlat departamenti hisobotida O’zbekiston o’tgan yili ham eng past – uchinchi toifaga kiritilgan edi. Bu ro'yxatdagi hukumatlar masalaga befarq deya tanqid qilinib, sanksiyalar bilan yuzlashishi mumkin.

Paxta Kampaniyasi o’tgan yili AQSh Davlat kotibiga yo’llagan xatida O'zbekiston hukumatini siquvga olib, xalqaro kuzatuvchilarga vaziyatni o'rganish uchun imkon yaratishga undang, deya murojaat qilgan edi.

O’zbekiston hukumati 16 yoshgacha bo’lgan bolalarni terimga kamroq jalb qilayotgan bo’lsa-da, kattalar hamon paxtaga olib chiqiladi.

Mavjud qonunlarga ko’ra, prezident Barak Obama kelasi uch oyda O’zbekiston kabi davlatlarni jazolash yoki jazolamaslik bo’yicha qaror chiqaradi.

O'zbekiston rahbariyati paxtani oq oltin deya atab, uning asosiy milliy boylik ekaniga urg'u beradi. Hosilni vaqtida terib olish uchun fuqarolar ko'ngilli ravishda hasharga chiqadi, ularni hech kim ekspluatatsiya qilmaydi, deydi rasmiylar.

Ko'plab o'zbekistonliklar fikricha ham paxta azaldan yalpi mehnat asosida yig'ib olinadigan mahsulot va millionlab odamlarning terimga olib chiqilishi fojia emas.

Huquq himoyachilari nazarida esa hech bir fuqaro majburan dalaga chiqarilmasligi va qilgan mehnatiga munosib haq olishi kerak. Xalqaro qonunlar shuni talab qiladi, deya eslatadi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG