Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, dunyo bo’ylab 20 milliondan ortiq odam qul qilib ishlatiladi. Huquq faollarining aytishicha, ayni muammo rivojlanayotgan davlatlarda ham, sanoati ilg’or g’arb o’lkalarida ham kuzatiladi.
Zamonaviy qullik matbuotda tez-tez tilga olinadigan mavzulardan. O’tgan yili Hindiston politsiyasi Dehlidagi fohishaxonalarda qullikda saqlangan 60 ayolni ozod qildi. Shuningdek, rasmiylarga ko’ra, bu o’lkada millionlab bolalar majburiy mehnatga jalb etilgan.Iyun oyida esa politsiya Meksikada pomidor fermasida majburan ishlatilgan yuzlab ishchilarni ozod qildi. O’tgan oy Los-Anjelesda tailandlik mehnat muhojirlari huquqlari poymol etilganiga oid Del Monte sud ishi nihoyasiga yetdi.
Tim Chayajit Del Monte kompaniyasi tomonidan Gavayidagi fermalarda ishga yollangan tailandlik 150 ishchidan biri edi. Uzoq vaqt mehnat haqi olmasdan ishlagan u kabi yuzlab muhojirlarga Del Monte 1,2 million dollar haq to’lashga rozi bo’ldi.
Amerikaga kelish uchun qarz olib, vositachilarga 10 ming dollar to’lagan Chayajit uchun bu yaxshi xabar.
“Tushkunlikka tushgan edim. Chunki Tailandda olgan qarzimni qanday to’lashni bilmayotgan edim”, - deydi u.
Del Monte ishida ishchilar huquqini himoya qilgan huquqshunos Anna Parkning aytishicha, ko’rilgan choralar majburiy mehnatga chek qo’yish borasida Obama ma’muriyati olib borayotgan keng harakatning bir qismidir.
“Ba’zan odamlar o’z ish joylaridan qochishga harakat qilayotgani haqida eshitasiz. Ishxonalardagi ayirmachilikka oid odatiy ishlarda bu hol kamdan-kam ko’zga tashlanadi”, - deydi u.
Indoneziyalik Ima Matul Kaliforniyada uy xizmatkori sifatida uch yil majburan ishlatilgan.
“AQShga kelishni kim istamaydi? Ular menga oyiga $150 va bir kun dam olish va’da qilishdi. Viza, pasport va samolyot bileti uchun hech narsa to’lamasligimni aytishdi”, - deydi u.
Aksincha, u haftasiga yetti kun to’xtovsiz ishlagan. Tahqirlangan va mehnati uchun haq to’lanmagan. Nihoyat, qo’shnim yordami bilan ozodlikka chiqdim, deydi u.
“Bu qanday sodir bo’lganini va qanday qochib chiqqanimni haligacha eslayman”, - deydi Ima Matul.
U hozir “Qulchilik va odam savdosiga chek qo’yish koalitsiyasi” nomli nodavlat-notijorat tashkilotida ishlayapti.
Katerina Chen Vashingtondagi “Barcha insonlar birgalikda” nomli nodavlat tashkilotida faoliyat yuritadi. Hukumat bilan hamkorlikda ishlaydigan bu guruh aholiga muammo ko’lamini tushuntirish hamda qurbonlarga ko’mak ko’rsatish dasturlarini olib boradi.
“Majburiy mehnat qurboni bo’lganlar uchun eng muhim bo’lgan dastlabki yordam bu ularni xavfsiz turar joy, huquqiy yordam hamda ruhiy va tibbiy xizmatlar bilan ta’minlashdir”, - deydi Chen.
Uning aytishicha, odam savdosi bilan shug’ullanuvchi global tarmoqlar mavjud. Ularni fosh etish va jazoga tortishda huquq-tartibot organlari, hukumatlar hamda ijtimoiy agentliklar hamkorlikda ishlashi kerak.