Nomzodi 16-sentabr kuni O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan prezidentlikka ko`rsatilgan Shavkat Mirziyoyev ayni paytda muvaqqat prezidentdir. U vaqtinchalik davlat rahbari sifatida dastlabki safarini Jizzaxdan, viloyat hokimi va prokurorini almashtirishdan boshladi. Rasmiy partiyalardan yana biri "Milliy tiklanish" ham o`z yetakchisi Sarvar Otamurodov nomzodini prezidentlikka ko`rsatgan.
O`zbekiston prezidentligi uchun kutilayotgan saylov kampaniyasida raqobat va tanlov bo'lishiga hech kim ishonmaydi.
Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga safari uning nomzodi O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan prezidentlikka ko`rsatilishi barobarida kuzatilmoqda.
Mirziyoyev Jizzax viloyati kengashida tashkiliy masalalarni muhokama qilgan, viloyat hokimi Sayfiddin Ismolovni ishdan olib, qishloq xo`jaligi, paxta yig`im-terimi yuzasidan ketayotgan ishlar bilan tanishgan.
Uning bu safari saylov kampaniyasi doirasidagi ilk uchrashuvlar sifatida ham baholanmoqda. Mirziyoyevning nomzodi Liberal-demokratik partiyasining oktabrda rejalangan syezdida tasdiqlanishi, shundan so`ng Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilishi kutilmoqda.
"Milliy tiklanish" partiyasi nomzodi Sarvar Otamurodov haqida xalq deyarli hech qanday ma'lumotga ega emas. U ham partiya syezdida tasdiqlanishi ortidan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro`yxatga olinadi. O`zbekistondagi qonunchilikka ko`ra, prezidentlikka nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ko`rsatilishi mumkin.
Mamlakatdagi mavjud to`rtta siyosiy partiyaning yana ikkitasi O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi va "Adolat" sotsial-demokratlar partiyasi ham shu kunlarda o`z nomzodlarini ma`lum qilishlari kutilmoqda.
Marhum prezident Islom Karimov ishtirokida o`tgan avvalgi prezidentlik saylovlarida bu partiyalarning amaldagi yetakchilari Hotamjon Ketmonov va Narimon Umarov Karimovga muqobil nomzod vazifasini bajarib berishgan edi. Navbatdagi prezidentlik saylovlari ham aynan shu cheklov doirasida o`tishi kutilyapti.
"Milliy Tiklanish" partiyasi tomonidan muqobil nomzod sifatida ko`rsatilayotgan Sarvar Otomurodov parlamentning qo`shma majlisida Mirziyoyevning muvaqqat prezidentlik uchun tavsiya etilishini qo'llab-quvvatladi va uni beqiyos rahbar deya olqishladi. Uning bu fikrlari ketidan prezidentlik saylovida ular o`rtasida biror raqobat bo`lishini kutmasa ham bo'ladi.
Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik saylovida ishtirok etishi ma`lum qilingach, mamlakatda Islom Karimovdan keyingi hokimiyat kimning qo`liga o`tishi yanada oydinlashdi.
Karimovdan keyingi hukumatga davogarlardan biri sifatida ko`rib kelingan Bosh vazir o`rinbosari Rustam Azimovning nomzodi saylovda raqobat yaratishi mumkin edi, ammo mamlakat prezidentligi saylovlarida vaziyatning bunday tus olishini hech kim kutmayapti.
Markaziy Osiyo bo`yicha ekspert Arkadiy Dubnovga ko`ra, o`zbek siyosiy elitasi Karimov vorisi haqida yakdil qarorga kelgan, prezidentlik saylovlarida kutilmagan voqea bo`lishi mumkin emas.
"Azimov nomzod sifatida qatnashishi mumkin emas. Hokimiyat uchun kurash hal etib bo`lindi, haqiqiy saylov, raqobat bo'ladi deb kutmaslik kerak. Saylov faqat rasmiyatchilik uchun o`tkaziladi, xolos“, - deydi Dubnov.
Shavkat Mirziyoyevni Islom Karimovning siyosiy meroxo`ri deb tan olgan Rustam Azimovning parlamentdagi chiqishi ham shu fikrlarni tasdiqlaydi, deydi kuzatuvchi.
O`zbekistonni 27 yil davomida boshqargan Islom Karimov vafotidan keyin parlament muvaqqat prezidentlikka Konstitutsiyada ko`rsatilgani kabi Senat raisi Nig`matilla Yo`ldoshevni emas, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevni sayladi.
Prezidentlik saylovlari kampaniyasi 9-sentabrdan boshlangani e`lon qilindi, 30-sentabrdan nomzodlar ro`yxatga olinadi. Hozircha Shavkat Mirziyoyev va Sarvar Otamurodovlarning nomzodligi ma`lum.
4-dekabr kuniga belgilangan saylovlarda 21 millionga yaqin o`zbekistonlik yangi prezident uchun ovoz berishi kutilmoqda.