AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyo bo'ylab safar qilmoqda. Hafta oxirida u Qirg'iziston va O'zbekistonda bo'ldi, bugun esa Qozog'istonda. Kecha Kerri Samarqandda Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi. Yig'ilish yakunida tomonlar qo'shma bayonot qabul qildi.
Bu Jon Kerrining Markaziy Osiyoga davlat kotibi lavozimida ilk safari. AQSh Afg'onistondan qo'shinlarining katta qismini chiqarganidan beri Tolibon hujumlari ko'payib, mamlakatdagi beqarorlik mintaqa davlatlarini xavotirga sola boshlagan. Vazirlar Afg'onistondagi vaziyat hamda regiondagi jarayonlar va AQShning bu jarayonlardagi roli haqida muloqot qilgan.
"Iqtisodiy o'sish, aloqalar, atrof-muhit, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik, inson huquqlari haqida gaplashamiz", - dedi Kerri vazirlar bilan muloqotdan oldin.
Samarqanddagi uchrashuv so'nggida olti vazir qo'shma bayonot qabul qildi.
Unda aytilishicha, mamlakatlar bir-birining mustaqilligi, hududiy daxlsizligi, suverenitetini hurmat qilgan holda regional savdo, transport va aloqa, energetika, tranzit sohalarida o'zaro manfaatli hamkorlikni yaxshilashga harakat qiladi.
Vazirlar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy sarmoyalarni jalb qilish hamda mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun biznes muhitni yaxshilashga, AQSh bilan, hamda Markaziy Osiyoning o'zida biznes va sarmoya aloqalarini kengaytirish va kuchaytirishga kelishib oldi.
Mamlakatlar toza energiya va yashil texnologiyalarni rivojlantirish hisobiga iqlim o'zgarishiga qarshi hamkorlik qilish, terrorizm, ommaviy qirg'in qurollarini olib o'tish, qoradori va inson savdosi kabi tahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish majburiyatini ham oldi.
Vazirlar gumanitar sohada hamkorlikni kuchaytirishga, mintaqa aholisi orasida bordi-keldini yaxshilashga, ta'lim, madaniy va biznes sohalarida almashinuv dasturlarini kengaytirishga kelishdi.
Qo'shma bayonotga inson huquqlari, demokratik institutlar va demokratik amaliyotni rivojlantirish, fuqarolik jamiyatini kuchaytirish, xalqaro qonun tamoyillariga rioya qilish zarurati kiritildi.
Kerri Prezident Islom Karimov bilan ham uchrashib, jumladan, Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgan.
"Jangarilarning xorijdan kelib, Suriya mojarosiga qo'shilishiga to'siq qo'yishimiz kerak. Suriyada ko'p qirg'izistonliklar bor. Mintaqa davlatlari hamkorlik muhimligini tushunadi", - dedi Kerri.
Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi yirik tashkilotlar Davlat departamentidan Kerrining O'zbekistonga safari chog'ida inson huquqlari bilan bog'liq masalalarni ham ko'tarishni so'ragan. "Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, O'zbekistonning Afg'onistondagi AQSh qo'shinlari uchun tranzit bobidagi yordami Vashingtonni inson huquqlari masalasida Toshkentga qattiq bosim qo'ymaslikka undamoqda.
Bugun AQSh davlat kotibi Ostonada Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi.
Kerrining uchrashuvdan oldin aytishicha, AQSh Qozog'istonga to'g'ridan-to'g'ri investitsiya kiritayotgan eng yirik sarmoyador davlat.
"Bugun amerikalik tadbirkorlar bilan uchrashdim. Ular Qozog'istonda ishlayotganidan mamnun ekanini bildirishdi. Qozog'iston bosh vaziri har oy ular bilan uchrashib turar ekan", - dedi Kerri.
Ostonadagi yangi Hazrat Sulton masjidi va AQSh bilan hamkorlikda ochilgan Lokomotiv zavodini ko'zdan kechirgan Kerri Nazarboyev universitetida ham so'zladi. Nutq, Amerika diplomatlari so'zi bilan aytganda, Vashingtonning mintaqaga muhim bayonotidir.
AQSh davlat kotibi talabalar oldidagi ma'ruzasida erkinlik va demokratiya, mas'uliyat va burch, repressiya va ekstremizm singari masalalarni ko'tardi. Uning aytishicha, mintaqani farovon va tinch, to'q va hur hududga aylantiradi bu uning yoshlari, kelajak liderlar. Huquqbuzarlik va adolatsizlik ekstremizmga yetaklaydi, mutaassiblik qon to'kilishiga olib boradi, dedi Kerri. Markaziy Osiyoning ertangi rahbarlari bu borada jiddiy o'ylab qarorlar qabul qilishi lozim, dedi AQSh bosh diplomati.
Kerri Tojikiston va Turkmanistonda ham bo'ladi.