Prezident Donald Tramp 1-sentabr kuni Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarbоyev bilan telefonda gaplashgan.
Tramp Nazarboyevni uning davlati BMTda yetakchi rol o'ynayotgani, xususan yaqinda Xavfsizlik Kengashi raisligini boshlashi bilan qutlagan.
Ostonаda yirik ko'rgazma (Astana Expo 2017) o'tkazilganini ham Tramp yuqori baholab, AQSh-Qozog'iston aloqalari mustahkamlanib borishiga umid bildirgan.
Nazarboyev Trampning Afg'onistonga nisbatan yangi strategiyasini olqishlagan.
Eslatib o'tamiz, Pentagonga ko'ra, bu strategiya hali to'liq shakllanmagan.
Tramp 22-avgust kuni Afg'oniston bo'yicha yangi strategiya haqida so'z ochganida detallarga to'xtamagan edi. Markaziy Osiyoga taalluqli jihatlari haqida ham gapirmagan. Mintaqani umuman tilga olmagan.
Rasmiylar deydiki, mintaqa Amerika uchun ahamiyatini yo'qotmagan va Vashington har bir davlat bilan aloqani rivojlantirishga bel bog'lagan. Biroq hozircha Tramp ma'muriyati aynan qanday yangiliklar qilmoqchi ekani mavhum.
Sentabr oyining ikkinchi yarmida Markaziy Osiyo rahbarlarining aksariyati Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida qatnashadi.
O'zbekiston va qo'shni davlatlar mustaqillikning 26 yilligini bayram qilar ekan, Oq uydan tabriknomalar borgan.
Facebook Forum