Breaking News

Markaziy Osiyo "dilemma" bilan yuzlashmoqdami?


Vashingtonda o'zini yetakchi tahlil maskani deb hisoblaydigan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida Markaziy Osiyo bilan alohida shug'ulladigan olim yo'q. Mintaqadagi vaziyat yoki davlatlarning xalqaro hamjamiyat, xususan G'arb bilan aloqalari haqida davra suhbatlari tashkil etilsa, odatda markazning Rossiya bo'yicha mutaxassislari so'zlaydi.

So'nggi muloqotda, masalan, Olga Oliker, Ivan Safranchuk va Jeffri Mankoff qatnashdi. Uchalasi ham Yevrosiyo masalalari yuzasidan izlanib keladigan ekspertlar. 4-oktabr kuni o'tgan tadbir Markaziy Osiyo oldidagi yangi dilemmalar deb nomlandi. Dilemma deganda olimlar mintaqa davlatlari oldida qanday imkoniyatlar mavjudligi va ularga qay yirik kuch nima taklif qilayotganini nazarda tutmoqda.

Markaziy Osiyo hukumatlarining pozitsiyalarini hech kim tushuntirmadi. Ularning tashqi siyosatini yaqindan kuzatib, analiz qilib kelayotgan olimlar davra suhbatiga chaqirilmagan.

Tashkilotchi tomon albatta o'z yig'inida o'z ekspertlarini ko'z-ko'z qilishni xohlaydi. 30-40 mehmon tashrif buyurgan ekan, ular ham tadbirdan nimadir olsam, bilimimni oshirsam, deydi.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida Markaziy Osiyo bo'yicha davra suhbati, 4-oktabr, 2017
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida Markaziy Osiyo bo'yicha davra suhbati, 4-oktabr, 2017

Ivan Safranchuk so'zining boshida qiziq bir faktni keltirdi: Markaziy Osiyoda tuzumlar G'arbni bugun yaxshiroq tushunadi; xalqaro maydonda, jumladan qudratli davlatlar bilan qanday ishlashni o'rgangan. Bu borada har biri o'z uslubi va strategiyasini shakllantirgan.

Shunday xulosani tinglab, tabiiy bir savol tug'iladi: G'arb siyosat ahli va ilmiy doiralarichi? Ular mintaqani qanchalik tushunadi va regionda tobora o'zgarib borayotgan siyosiy-ijtimoiy dinamikadan qanchalik xabardor?

Kimdan so'rashingizga qarab turlicha javob olasiz: tegishli odamlar mintaqani yaxshi biladi; har bir tahlil markazi o'z izlanishlariga tayanib, o'z xulosalariga ega va umuman olganda, mintaqani o'rganishda davom etishayapti.

Safranchuk o'z tahlilida 1990-yillarda mintaqa davlatlari uchun asosiy masala o'zini dunyoga tanitish, xalqaro hamjamiyatga qo'shilish bo'lganini ta'kidlaydi.

2001-yilning 11-sentabrida AQShda amalga oshirilgan teraktlar ketidan esa ularning nufuzi va roli oshdi, chunki mintaqa terrorizmga qarshi asosiy jang maydoni bo'lgan Afg'onistoning shimoliy qo'shnisi. Amerika va Yevropaning e'tibori oshib, Markaziy Osiyoga harbiy va moliyaviy ko'mak ko'lami kengaydi.

Bu mintaqa uchun strategik tajriba bo'ldi. Davlatlar G'arbga kerak bo'lish, u bilan o'zaro manfaatga ega bo'lish qanday foyda berishi mumkinligini tushuna boshladi.

Yordam qisqargan va yana biroz kengaygan vaqtlar bo'ldi. Biroq bugunga kelib, AQSh mintaqada faol emas, deydi Safranchuk. Markaziy Osiyo oldida ikki imkoniyat bor: Birinchisi, Rossiya va u boshliq iqtisodiy blok. Ikkinchisi, Xitoy va u barpo eta boshlagan yangi savdo tizimi. Mintaqa yo Rossiya yetakchiligidagi biznes muhitning bir qismi bo'ladi, yo Xitoy iqtisodiy sistemasiga kiradi.

Olga Oliker bu nazariyaga qo'shilmaydi. U rahbarlarning shaxsiyati va maqsadlari muhim rol o'ynashini eslatadi. Manfaatlar doimiy o'zgarib boradigan omillar ekanini tilga oladi. Pragmatik, ya'ni real sharoit, xohish va qadamlarga asoslangan yondashuv hukmron, deydi olima.

Shavkat Mirziyoyev Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan, Toshkent, 12-sentabr, 2016-yil.
Shavkat Mirziyoyev Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan, Toshkent, 12-sentabr, 2016-yil.

Safranchuk deydiki, Markaziy Osiyo 2001-yildan keyingi o'nyillikda global siyosat markazida turdi. Ba'zi ekspertlar va sobiq rasmiylar bu fikrda emas. Markaziy Osiyo hech qachon G'arb uchun eng muhim mintaqalardan biri bo'lmagan; ahamiyat darajasi Afg'onistondagi notinchlik darajasi bilan bog'liq bo'lib, bir ko'tarilgan, bir tushgan, deydi ular.

Markaziy Osiyo yo Rossiya, yo Xitoyni tanlashi kerak, degan talabni olg'a surish puch fikr emasmi, deya ajablanadi ayrimlar. Mintaqa har bir qudratli tomon bilan o'zi xohlaganicha va qurbi yetganicha hamkorlik qilishi mumkin.

Respublikalarga bir tomonga o't, deya maslahat berish yoki ularni bunga undash adolatdan emas, deydi region diplomatlari. Qanday ish tutishni davlatlar o'zi biladi.

Tahlil markazlari buni tushunadi, lekin kuzatuvchi sifatida vaziyatni shunday baholaydi.

Safranchuk Qozog'iston va O'zbekistonning ko'p vektorli tashqi siyosatidagi farqlarni shunday ko'radi: Ostona bir paytda hamma bilan ijobiy ruhda ishlashga harakat qiladi, rishtalarni muvozanatlashga urinadi. O'zbekiston uchun esa bir paytda bir yaqin hamkor ma'qul. Biridan charchasa, ikkinchisini topishga urinadi. Muvozanat Toshkent uchun u qadar muhim emas, deydi olim.

Vashington Markaziy Osiyo davlatlari bilan mustaqillikning ilk yillaridan beri bir necha yo'nalishda hamkorlik istab keladi. Xavfsizlikni ta'minlash, iqtisodiy taraqqiyotda yordamlashish, siyosiy islohotlar va demokratiya targ'iboti hamda ta'limiy va madaniy almashinuv. Rasmiylar 2001-yildan beri Afg'oniston barqarorligi yo'lida birga ishlash ustuvor maqsad bo'lib kelganini yashirmaydi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG