Markaziy Osiyoda, deydi olimlar, aslida suv yetarli va Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston birday bahra olishi mumkin. Muammo taqsimotda.
Tojikiston va Qirg'izistonda boshlangan Amudaryo va Sirdaryo avvaliga to'lib-toshib oqadi. Lekin O'zbekiston, Qozog'iston va Turkmanistonda katta-katta maydonlarni sug'orishga arang yetadi.
Davlatlarda infratuzilma eskirgani bois suv eng ko'p paytida u to'g'ri boshqarilmaydi va isrof bo'ladi. Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi azaliy ziddiyat infratuzilma bilan bog'liq. Uni yangilash, to'g'onlar qurish, buning uchun chetdan sarmoyani jalb qilish esa qiyin.
AQSh Davlat departamenti moliyalayotgan loyiha mintaqa xotin-qizlarini jalb qilib, suv bilan bog'liq oddiy muammolarga yechim izlaydi.
Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyodan uddaburon xotin-qizlar uch yil davomida bir-biridan o'rgandi. Amerikaning siyosiy doiralari va ilmiy maskanlar bilan yaqindan tanishdi. Amerikada suvni asrab-avaylash yo'lida qilinayotgan ishlarni kuzatishdi.
Jumladan, Qirg'iziston va Tojikiston ayollari qatnashgan proyektda jo'n va samarali kashfiyotlar qilindi. Masalan, tuproqda ishlaydigan hojatxonalar, qo'lni yuvish uchun suvni isrof qilmay qo'llaydigan sodda moslamalar...
Uch yillik mehnat mahsulini bu xotin-qizlar shu oy poytaxtdagi Jorj Vashington universitetida havola qildi. AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Daniel Rozenblum ularni tanishtirar ekan, haqiqiy liderlar, yetakchilar, deya olqishladi.
"Amerika Ovozi" anjuman paytida tojikistonlik ishtirokchi O'g'iloy Abdullayeva bilan gaplashdi. Uning nodavlat tashkiloti qishloqlarda suvdan unumli foydalanish, kichik to'g'onlar barpo etish bilan mashg'ul.
Suv ko'p bizda, deydi O'g'iloy Abdullayeva, lekin texnika yo'q va botqoq bo'lib isrof bo'ladi.
Marhamat, suhbatni tinglang: