Breaking News

Toshkentda suv masalasi ko’tarildi, strategik bitim imzolandi


O’zbekiston va Qozog’iston rahbarlari Islom Karimov va Nursulton Nazarboyevning Toshkentdagi uchrashuvida mintaqada suv iste’moli bilan bog’liq mavzu ko’tarilgan. Ular qo’shni davlatlarga noma yo’llashgan.
Toshkentda suv masalasi ko’tarildi, strategik bitim imzolandi/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00
Yuklab oling

Bu masalada keskin pozitsiyada bo’lgan O’zbekiston ziddiyatli loyihalarni ekspertizadan o’tkazishda BMT rolini kuchaytirishga chaqirmoqda.

Tojikiston va Qirg’izistonning bu bayonotlarga javobi hozircha noma’lum. Bu davlatlar yirik suv to’g’onlariga energetik mustaqillik garovi sifatida qaraydi.

Toshkentda Strategik sheriklik bitimini imzolagan O’zbekiston va Qozog’iston prezidentlari regiondagi eng dolzarb muammo - suv taqsimoti yuzasidan pozitsiyalarini bildirib o’tishdi.

O’zbekiston va Qo’zog’iston suvdan foydalanish bo’yicha yagona pozitsiyada ekanligini ta’kidlagan Islom Karimov yirik to’g’onlarni qurish BMT mas’uliyati ostida xalqaro ekspertizadan o’tkazilishi kerak, dedi.

“Mintaqada rejalanayotgan gidroinshootlar, shu jumladan, Rog’un va Qambar-Ota GESlari ham BMT mas’ulligida xalqaro mustaqil ekspertizadan o’tkazilishi, daryo quyidagi davlatlar bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi kerak”, - dedi Karimov.

Nursulton Nazarboyev suv muammosini o’zaro muzokaralar orqali yechish mumkin degan umidda.

“Ko’p masalalarda, jumladan suvdan foydalanish yuzasidan ham O’zbekiston bilan qarashlarimiz hamohang. Biz bu bilan qo’shni davlatlarga do’stona noma yo’llamoqchimiz, muammoni o’zimiz birgalikda yechishimiz kerak. Hal qilib bo’lmaydigan masalaning o’zi yo’q. Bu gidroinshootlar qurulishi va transchegaraviy daryolar masalasiga ham tegishli”, - dedi Nazarboyev.

Suvdan foydalanishga oid navbatdagi oliy darajadagi chiqishlarda avvalgi bayonotlarga nisbatan bir qadar yumshash kuzatiladi.

Karimov va Nazarboyevning Qozog’istonda o’tgan uchrashuvida O’zbekiston prezidenti qo’shni davlatlarni suv yuzasidan tortishuvlar urushga yetaklashi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Bugungi chiqishlarga ko’ra, Nazarboyev muzokaralar yo’li mavjudligini taklif qilmoqda, Karimov esa BMTning vositachilik rolini oshirmoqchi. Tojikiston va Qirg’iziston tomonida Toshkentdagi chiqishlarga nisbatan hozircha biror munosabat kuzatilgani yo’q.

Tojikiston Rog’un GESiga, Qirg’iziston esa “Qambar-Ota” loyihasiga mamlakat energetik mustaqilligining asosi sifatida qaraydi.

Qirg’izistonda Norin daryosi bo’yida gidroinshootlar qurilishi boshlangan. 12-iyun kuni qurilishning ochilishida ishtirok etgan mamlakat prezidenti Almazbek Atambayev kimgadir yoqishi yoki yoqmasligidan qat’i nazar, energetik mustaqillikka yetaklovchi bu loyihalar yakuniga yetkazilishini aytdi.

“Bugun Qirg’izistonning energetik mustaqilligi yo’lida dastlabki qadamni qo’ydik. Qambar-Ota-1 qurilishidan so’ng Qirg’iziston o’zini energiya bilan ta’minlaydi, bu mahsulotni sota boshlaydi”, - dedi Atambayev.

Toshkentdagi uchrashuvlar barobarida Emomali Rahmon ham Dushanbeda Rog’un bo’yicha xalqaro ekspertiza o’tkazayotgan Jahon Banki vakillarini qabul qilgan.

Tojikiston ham, O’zbekiston ham bu ekspertiza natijasini kutishmoqda. Ammo o’zaro muzokaralarda bir to’xtamga kelinmas ekan, tomonlar uchun ekspertiza natijasi biror ahamiyatga ega bo’lishi gumon.

Emomali Rahmon avvalroq suv taqsimoti yuzasidan muzokaralar deyarli to’xtab qolganini bildirgan edi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG