19-yanvar kuni O'zbekiston va Qo'shma Shtatlar orasida yana bir yuqori darajali muzokara kechdi. Vashingtondagi uchrashuvlar aloqalarda burilish yasadi deya olmaymiz. Tomonlar so'zi bilan aytganda, bu - muntazam muloqotning bir qismi. Xavfsizlik, notinch Afg'oniston, "Islomiy davlat", shuningdek, iqtisodiyot, huquq va demokratiya, madaniyat va ilm-fan sohalarida hamkorlik xususida fikr almashildi. AQSh poytaxtidan turib tahlil qilganda, rishtalar qanday ko'rinishi haqida saytimizda ko'plab maqola, suhbat va tahliliy materiallar bor. Xo'sh, O'zbekistondan nazar solganda-chi? Suhbatdoshimiz - Geopolitika.uz blogi asoschisi, yosh siyosatshunos Axmed Rahmanov (Akhmed Rahmanov).
O’zbekiston-Amerika munosabatlarini, Toshkentdan turib kuzatganda, qanday baholaysiz?
Oddiy xalq nuqtai nazaridan olib qarasak, ikki mamlakat orasidagi munosabatlar juda sezilarsizdir, ya’ni jamiyatda AQSh-O’zbekiston orasidagi siyosiy munosabatlarning ta’siri kam seziladi.
Chunki hammamizga ma’lum - O’zbekistonning tashqi siyosati nafaqat xalq orasida, balki shu sohada faoliyat olib borayotgan ekspertlar orasida ham ko’p hollarda tushunarsizligicha qolib ketmoqda. Asosiy sabab O’zbekistonning tashqi siyosiy aloqalarida o’ta ehtiyotkorligi va oqibatda O’zbekistonda faoliyat olib borayotgan OAVlarning bu mavzuni yoritishdagi sustligidir. Hukumatning pozitsiyasi mavhum bo’lgan holda har qanday kishi ham bu borada bir narsa deyishga ikkilanadi.
Siyosatshunos sifatida O’zbekiston-Amerika munosabatlari ancha keng tushuncha ekanligini eslatib o’tish joiz. Ikki mamlakat orasida iqtisodiy, siyosiy va geostrategik munosabatlar mavjud.
Iqtisodiy munosabatlar qo’shni Qozog’iston bilan solishtirganda sustroq, lekin 2011-yildagi O’zbekistonda tashqi investitsiyalarni jalb qilish uchun bojxona va boshqa invetitsiyalarga to’siq bo’layotgan qonunlarni qayta ko’rib chiqilishi oqibatida AQSh bilan import ($321 million, 2013), eksport ($27 million, 2013) va to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar miqdori progressiv ravishda oshib bormoqda. Lekin o’sish juda sust va O’zbekiston AQSh uchun 115-iqtisodiy hamkor hisoblanadi, qo’shni Qozog’iston (AQSh uchun 74-iqtisodiy sherik) bilan solishtirganda, biz ancha orqadamiz, O’zbekiston O’rta Osiyodagi eng ko’p sonli aholiga ega bo’lishiga qaramasdan.
Bunday tendensiyasini AQShning regionga iqtisodiy qiziqishi ko’proq unda joylashgan resurslar bilan bog’liqligi bilan tushuntirsa bo’ladi. Ya’ni AQSh uchun O’rta Osiyodagi iste’molchilardan keladigan daromaddan ko’ra, bu hududda joylashgan qazilma boyliklari ko’proq qiziqroq. AQShning iqtisodiy potensialini hisobga olsak, bu tushunsa bo’ladigan holat.
Lekin bugungi kunda O’zbekiston AQSh va G’arb mamlakatlaridan keluvchi investitsiyalarni jalb qilish uchun qo’lidan kelgan ishni qilmoqda desak adashmaymiz. Ayniqsa Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo’llanilishi bilan O’zbekiston bozori Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikka va undan keluvchi valyutaga ko’p jihatdan qaramligi ko’rinib qoldi.
O’zbekistonning geografik joylashuvi, tarixiy rivojlanishi va aholisining Rossiya bilan uzviy bog’liqligi bunga sababdir. Shunga qaramasdan O’zbekiston so’ngi yillarda ushbu siyosiy va iqtisodiy qaramliklarga chek qo’yishga harakat qilmoqda. Uning Yevrosiyo Ittifoqiga a’zolikni rad etishi, Rossiya tomonidan asos solingan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan chiqib ketishi va Rossiyaning so’ngi yillardagi Ukraina va Suriyadagi siyosiy ambitsiyalarini qo’shqollab qo’llamaganligini G’arb mamlakatlari hisobga olib qo’yishlari kerak. Ushbu signallar orqali O’zbekiston dunyoga u endi Rossiyani protektorati emasligini bildirib qo’ymoqchi.
Siyosiy munosabatlarga nazar solsak, AQSh O’zbekistondagi rejimni o’zgarishiga bo’lgan xohishidan chekinganini va agar regionda o’z ta’siriga ega bo’lishni istasa, realpolitik vaziyat bilan kelishishi kerakligini tushunib yetgan ko’rinadi.
O’zbekistonda inson huquqlari va demokratik jamiyat targ’ibotini o’z siyosatining asosiy yo’nalishlaridan biri deb bilgan AQSh bu mavzularda gapirishdan o’zini tiymoqda. Shaxsan men bu tendensiyani pozitiv baholayman, chunki mavjud hukumatga turli xil ideologik qurollar bilan hujum qilish uni faqat o’z qobig’iga o’ralishishiga va o’z navbatida ichki siyosatni kristallashishiga olib keladi.
Har bir jamiyatda bo’lgani kabi O’zbekistondagi o’zgarish jamiyatni ichidan yoki elita orasidan kirib kelishi kerak. Har qanday tashqi kuchning bu masalaga aralashuvi juda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, huddi bugungi kundagi Yaqin Sharqdagi siyosiy inqiroz kabi.
Geostrategik munosabatlarga yuqorida qisman to’xtalib o’tdim, lekin yana bir marta qayd etmoqchiman, G’arb mamlakatlari O’zbekistonni Rossiyaning soyasidagi davlat sifatida ko’rishga chek qo’yishlari kerak va unga klishelarsiz, teng sherik, siyosiy hamkor sifatida yondashish zarur.
Boshqa tomondan bu - O’zbekiston Rossiyadan batamom uzilib G’arb lageriga qadam qo’yishni xohlaydi degani emas. Ichki va tashqi mustaqillik va suvirenitet O’zbekiston uchun deyarli muqaddas tushunchalar, buni faqat hukumat propogandasi deya tushunmaslik kerak, bu haqiqatdan ham shunday.
O’zbekistonda Qo’shma Shtatlarga nisbatan fikr-qarash qanday? Yoshlar orasida, masalan?
Yuqorida aytganimdek, O’zbekiston Rossiya bilan juda bog’liq mamlakat. Ayniqsa axborot yuzasidan so’ngi yillarda o’zbek jamiyati deyarli to’laligicha rus propogandasi ta’siriga tushib qoldi desak adashmaymiz. Albatta kam sonli bo’lsa ham rus propogandasini tan olmaydigan kishilar mavjud, lekin ular oz va ularning qo’llarida rus OAVlari kabi kuchli axborot instrumentlari mavjud emas. O’zbek OAVlari esa anchadan beri axborot manbai sifatida emas, balki hordiq manbai sifatida qabul qilinadi.
Shu faktordan kelib chiqqan holda ikkilanmasdan aytish mumkinki, o’zbek jamiyati AQShga dushman ko’zi bilan qaraydi. Ayniqsa yoshlar, chunki sovet avlodi azaldan siyosatdan uzoqda turishni xush ko’radi, yangi o’sib kelayotgan avlod esa qaysidir ma’noda, yashirin bo’lsa ham siyosiylashib o’sib kelmoqda.
Afsuski, ushbu siyosiylashgan yoshlarga O’zbekiston hukumati kuchli ideologik tanlov bera olmayapti va ular orasida O’zbekiston manfaatlariga qarshi bo’lgan ideologik maydonlarga o’tib ketish ko’p kuzatilmoqda.
Ayniqsa so’ngi yillarda Vladimir Putin olib borayotgan va post-sovet hududidagi aholining mentalitetiga juda mos keladigan «konservativ-demokratiya» (uni men shunday atadim) mafkurasi ko’pchiligni o’ziga jalb qilmoqda. Ushbu mafkuradagi dinlar muqaddasligi, urf-odatlardan voz kechmaslik va jinsiy erkinlikka cheklovlar deyarli barcha sobiq sovet jamiyatlarini mentalitetiga mos tushdi.
Nafaqat post-sovet jamiyatlari, balki Yevropada va AQShdagi ba’zi konservator qarashlarga ega bo’lgan kishilar, guruhlar va partiyalar so’ngi paytlarda Putin siyosatini ochiqdan ochiq qo’llay boshlashdi. Shu sababdan o’zbek jamiyatini ham bu borada tushunish mumkin.
AQSh esa yuqoridagi aytilgan barcha qadriyatlarga qarama-qarshi mamlakat sifatida ko’riladi. Bunga musulmon dunyosidagi so’ngi 20 yil ichida AQShning «shaytoniylashtirishi»ni va bu faktorning Rossiya tomonidan ustalik bilan ishlatilishini qo’shsak, o’zbek jamiyatidan AQShga nisbatan xayrihohlik kutish mantiqsizlik bo’lardi.
Shunga qaramay paradoksal ravishda AQSh va G’arbga intiluvchi kishilar soni ko’paysa ko’payyaptiki, kamaymayapti. Chunki AQSh hali ham o’zi haqidagi iqtisodiy imkoniyatlar mamlakati tasavvurini yo’qotmadi. Bundan tashqari to’da instiktini ham hisobga olish kerak, chunki ko’pchilik AQShga qarshi bo’lgan guruhda va AQShga hayrixohlik bildirishga hamma ham jur’at etavermaydi.
Geosiyosiy omillarni nazarda tutgan holda, AQSh respublika ravnaqi uchun qanchalik hissa qo’sha oladi? Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotda nima yordam ko’rsatishi mumkin?
Bu borada AQShga men O’zbekistonning iqtisodiy ravnaqiga hissa qo’shadigan emas, balki O’zbekistonga xavfsizlikka kafolat beruvchi aktyor sifatida qarayman. O’zbekiston uchun asosiy xavf tug’dirishi mumkin bo’lgan Afg’onistondagi siyosiy vaziyatni yaxshilash, regiondagi to’qnashuvlarni kamaytirish bilan AQSh O’zbekistondagi tinchlikka katta hissa qo’shgan bo’ladi. O'z navbatida tinchlik bor joyda rivojlanish bo’ladi.
Siyosiy jihatdan esa O’zbekiston bilan teng sherikli yondashuv va uni tobora yopirilib kelayotgan Rossiya ta’sirida yolg’izlantirib qo’ymasligi lozim. Shu bilan birgalikda AQSh O’zbekistonga olib kirishi mumkin bo’lgan investitsiyalarni qayta ko’rib chiqishi kerak deb o’ylayman.
Chunki O’rta Osiyo sharoitida O’zbekiston juda katta iste’molchi va ishchi kuchi potensialiga ega bo’lib, kelajakda mamlakat iqtisodiyotining o’sishi bugungi Rossiyaning va endilikda Eronning ham mamlakatga iqtisodiy shantajlar orqali ta’sir o’tkazish kuchlarini kamaytirishga imkon beradi. Shu bilan birga bugungi kunda Rossiya va Turkiya munosabatlarining yomonlashuvi oqibatida O’rta Osiyo bozoriga Rossiya talablari oshadi, ayniqsa qishloq xo’jaligi sohasida.
Agar bu bosim tufayli O’zbekistondan qishloq xo’jaligi mahsulotlari yoppasiga Rossiyaga chiqib ketsa, mamlakatda ijtimoiy beqarorliklar kelib chiqishi mumkin. Bu borada AQSh O’zbekiston qishloq xo’jaligi sohasini rivojlantirishiga o’z hissasini qo’shishi maqsadga muvofiq bo’lardi.
Sobiq sovet mamlakatlaridagi umumiy ahvol bilan yaxshi tanishsiz… Ularning AQSh bilan oldi-berdisi qay darajada ekani sizga ma’lum. O’zbekiston tashqi siyosatida Amerika bugun qay o’rinda? Qo’shni davlatlardan bu borada nimasi bilan ajralib turadi?
AQSh O’zbekiston uchun ko’proq geostrategik hamkor, chunki geografik faktor siyosiy omildan doimo ustun kelgan, ya’ni O’zbekiston xohlaymizmi-yo’qmi Rossiya bilan o’zaro hamkorlikni prioritet masala sifatida ko’rishda davom etaveradi. Lekin o’zaro hamkorlik qaramlikka aylanmasligi uchun O’zbekistonga boshqa alternativ sheriklar lozim.
Xitoy bu borada yaxshi hamkor bo’la olmaydi, chunki siyosiy jihatdan Xitoy o’z qobig’iga o’ralgan mamlakat va u O’rta Osiyoda siyosiy ustunlikka erishish uchun Rossiya bilan kelishmovchilikka bormaydi. Hatto Xitoy hududi bo’lgan Uyg’ur avtonom viloyati ham Pekin uchun uzoq hududday ko’rinishini hisobga olsak, Xitoy uchun biz geopolitik o’yin obyektiga aylanishimizga hali ancha bor. O’zbekistonning qo’shni mamlakatlardan farqi ham ana shunda.
Qozog’iston bilan solishtirganda, O’zbekiston o’z suverentetini kafolatlash uchun unga qarama-qarshi yo’lni tanladi. Qozog’iston iloji boricha barcha xalqaro tashkilotlar a’zosi bo’lishga, davlatlararo muzokaralarda dallol bo’lishga va o’z siyosiy-iqtisodiy sheriklari doirasini kengaytirishga harakat qiladi.Bu bilan Qozog’iston o’zining mustaqil davlat ekanligiga urg’u berishga va Rossiyaga to’laligicha qaram bo’lmaslikka intiladi. O’zbekiston esa huddi shu maqsadni qarama-qarshi metod bilan amalga oshirishga intiladi.
Chunki Qozog’istondan farqli o’laroq, xalqaro miqyosda O’zbekistonga (yoki undagi rejimga) xavf tug’ilgan holda, uni himoya qiluvchi «Katta Og’a» mavjud emas. Shu sabadan O’zbekiston hukumati xalqaro aloqalarda minimum risk qilishga intiladi. O’zbekistonning AQShga yondashuvi ham shu bilan farq qiladi, ya’ni yaqinlashish faqat o’zaro masofani ushlagan holda.
Vashington pozitsiyasi shuki, AQSh Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston bilan hamkorlikda Rossiya va Xitoy bilan bellashmaydi, chunki ular yirik qo’shnilar sifatida o’ziga xos rol o’ynaydi. Bu yondashuv, sizningcha, haqiqatga qanchalik yaqin? “Buyuk o’yin” ketayaptimi yoki Amerika diplomatlari aytganidek, bu bir shov-shuvmi, quruq gapmi?
Menimcha, siyosatshunos Farhod Tolipov aytganiday Sovet Ittifoqining parchalanishi avtomatik ravishda Makkinderning «Heartland» deya nomlagan hududida «Yangi Buyuk O’yin»ni qayta alanga olishiga olib keldi. Faqat «Yangi Buyuk O’yin»dagi aktyorlarning tarkibi va soni o’zgargan.
Agar Britaniya va Rossiya imperiyasi orasidagi «Heartland» uchun raqobat aynan Yevrosiyodagi ustunlikni qo’lga kiritish uchun bo’lgan bo’lsa, bugungi kundagi geopolitik o’yinda har bir aktyorning maqsadlari turlichadir. Rossiya uchun O’rta Osiyo uning geopolitik mavjudligini asoslash uchun zarur. Agar Rossiya post-sovet mamlakatlarini turli xil yo’llar bilan birlashtirmasa, u xalqaro sahnada yakkalanib qolishi va oqibatda undan kuchli bo’lgan siyosiy aktyorlarga qaram bo’lishga majbur bo’ladi.
Shu sababdan O’rta Osiyo va boshqa hududlar Rossiyaning kelajagining kafolatidir. AQSh uchun esa aynan Rossiyaning geopolitik jihatdan qayta tiklanishi to’g’ridan-to’g’ri xavf deya qaraladi. Chunki endilikda Rossiya Sovet Ittifoqi kabi o’zini ideologik qamalga tashlab qo’ymagan va u xohlagan mamlakati bilan yaqinlashishi, iqtisodiy hamkorlik o’rnatishi va hatto harbiy bloklarga asos solishi mumkin.
Agar Rossiya post-sovet hududlarini birlashtirib, bu yerda umumiy bozorni yo’lga qo’ya olsa, uning navbatdagi maqsadi tabiiy ravishda Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish bo’ladi. Yevropa Ittifoqi va Rossiyaning yagona geopolitik yaxlitlikka aylanishi AQShning dunyodagi siyosiy ustunligiga kuchli zarba beradi.
“Buyuk O’yin”dagi Britaniya imperiyasidan farqli o’laroq AQSh Yevrosiyoda nazoratni qo’lga olishni maqsad qilmagan, balki bu hududda yaxlit geopolitik tuzilma yuzaga kelmasligiga qaysi yo’l bilan bo’lsada halaqit berishdir. Chunki so’ngi 20-yil ichidagi Yevrosiyo hududiga AQShning harbiy intervensiyalari shuni ko’rsatdiki, qanchalik yuksak harbiy qudratga ega bo’lmasin, bir mamlakat o’z hududidan dengiz bilan uzilgan va boshqa raqobatchilar bilan hududiy tutash bo’lgan hududda ustunlikni qo’lga kiritish deyarli ilojsizdir.
Vyetnam urushi, Afg’oniston, Iroq va endilikda Liviya, Suriya AQSh uchun bu narsani anglashi uchun achchiq tajriba bo’ldi. Demak, ha “Yangi Buyuk O’yin” davom etmoqda, faqat o’yinchilarning maqsadi va qoidalari o’zgargan, o’yinning obyektlari esa o’sha – o’sha, shu sababdan O’zbekiston bu o’yinda o’ta ehtiyotkor bo’lishi va o’z manfaatlari uchun kerak bo’lgan tanlovni qila bilishi lozim.