Breaking News

Virjiniya shtatida qurolli namoyish bo'lib o'tdi


Xalqaro hayot - 2020-yil, 21-yanvar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:18 0:00

AQShning Virjiniya shtatida qurol saqlash huquqi himoyachilari Konstitutsiyada ta’minlangan huquqlarini himoya qilib marsh o’tkazdi.

Amerika ko’chalarida bunday manzarani ko’rish qiyin, ammo Virjiniya shtatida jamoat joyida qurol olib yurishga ruxsat berilgan.

Minglab qurollangan namoyishchilar poyaxt Richmondga kelib, qonunchilarga AQSh konstitutsiyasi ularning qurol saqlash huquqini himoya qilishini eslatdi.

“Bu aslida konstitutsion emas, tabiiy huquq”, - deydi namoyishchilardan biri.

Zo’ravonlik yuz berishi ehtimolining oldini olish uchun Virginiya gubernatori Ralf Nortem qonun chiqaruvchi organ binosi oldiga qurol bilan kelishni taqiqladi.

Bundan norozilar ham, buni tushunganlar ham bor.

“Har bir odamni tanimaysiz. Bu yerda minglab odam bor. Bir kishi hammasini buzib qo’yishi mumkin. Shukr, unday bo’lmadi”, - deydi bir namoyischi.

“Gubernator Nortem haddidan oshdi. U qurolimizni tortib olmoqchi”, - deydi Kevin ismli qurol faoli.

Virjiniya konservativ shtat sifatida tanilgan. Ammo noyabrdagi saylovlarda demokrat qonunchilar ko’pchilik o’rinlarni qo’lga kiritib, qurol nazoratini kuchaytirish harakatini boshladi.

Qurol savdosini bir oyda bir donaga cheklash, xaridor o’tmishini tekshirishni kuchaytirish hamda hujumkor qurollarni taqiqlash shular jumlasidan. Asli eronlik Farhod Azari bundan norozi.

“Eronliklarda shunday maqol bor. Qurolsiz millat tishsiz arslonga o’xshaydi”, - deydi u.

Mark namoyishda qatnashish uchun Shimoliy Karolinadan keldi.

“Virjiniyaliklarga, kaliforniyaliklarga yoki Nyu-Yorkka yordam bermasak, Shimoliy Karolinada ham qurolimizni tortib olishga urinishganda kim bizga yordamga keladi?” - deydi u.

Ikki yil avval Sharlotsvilda bir ayolning umriga zomin bo’lgan fojia takrorlanmasligi uchun namoyish politsiyaning kuchli nazorati ostida o’tdi. Tashqarida qurol tarafdorlari yurish qilar ekan, ichkarida bir guruh talabalar demokrat qonunchilar bilan uchrashdi.

“Tahdidlar, zo’ravon murojaatlar ko’paygan bir paytda asosiy maqsadimiz bugun qurol tarafdorlari bilan muloqot qilish emas. Qonunchilar oldiga kelib, o’z ovozimizni eshittirib, ularni qurol nazoratiga oid qonunlarni qabul qilishga undamoqchimiz”, - deydi qurolga qarshi faol Maykl Makkeyb.

Agar qurol nazoratiga oid qonunlar qabul qilinsa, namoyishchilar kelgusi saylovda ovoz berish yo’li bilan demokratlarni jazolash niyatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG