Breaking News

Tramp Davosda o'z muvaffaqiyatlarini ko'z-ko'z qildi


Xalqaro hayot - 2020-yil, 22-yanvar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:59 0:00

Shveysariyaning Davos shahrida o’tgan Dunyo iqtisodiy forumida AQSh Prezidenti Donald Tramp Amerika iqtisodiyotidagi yuksalishni ko’z-ko’z qildi.

Dunyo yetakchilari huzurida qilgan chiqishida AQSh rahbari Kanada, Meksika va Xitoy bilan tuzilgan savdo kelishuvlarini iqtisodiy muvaffaqiyat deya ko’rsatib, ayni paytda uning atrof-muhit siyosatini tanqid qilayotganlarni “qiyomat elchilari” deya malomat qildi.

“Bu vahimachilarning talab qiladigan narsasi bitta: hayotimizning har bir jabhasi ustidan to’liq nazorat o’rnatish. Radikal sotsialistlar iqtisodiyotimizni yakson qilib, mamlakatimizni buzishiga, erkinligimizni yo’q qilishiga aslo yo’l qo’ymaymiz”, - dedi u.

Trampning aytishicha, AQSh dunyo bo’ylab bir milliard daraxt ekish aksiyasida qatnashadi. Ammo faollarga ko’ra, iqlim o’zgarishini to’xtatish uchun bu kam.

Tramp nutqidan so’ng iqim faoli Greta Tunberg dunyo yetakchilarni global iqlim isishiga qarshi yetarli kurashmayotganlikda aybladi.

“Mening avlodim sizlardan farqli o’laroq kurashmasdan turib o’z maqsadidan voz kechmaydi”, - dedi u.

Kuzatuvchilarga ko’ra, noyabrda qayta saylanishdan umid qilayotgan Tramp o’z nutqi orqali amerikaliklar e’tiborini ham tortishga urindi.

“Iqtisodiy siyosatidan, Xitoy kabi davlatlardan imtiyoz olish uchun tariflar qo’llashidan norozilar nishonga olindi. Bu tanqidlar asossiz bo’lganini, uning siyosati ish berganini da’vo qildi. Xullas, bizning tutgan yo’limiz xato, deganlarning o’zi xato qildi, degan da’voni olg’a suryapti”, - deydi ekspert Metyu Gudmen.

Tramp Davosda ham Vashingtondagi siyosatdan uzoqlasha olmadi.

“Bularning barchasi safsata. Urinishdan foyda yo’q, chunki hech narsa bo’lmagan”, - dedi Tramp impichment jarayoni haqida.

Ayni paytda AQSh Senati prezidentni ishdan olish bo’yicha Vakillar palatasi qabul qilgan qarorni ko’rib chiqmoqda. Tramp esa xorijda AQSh manfaatlarini himoya qilib, hammasi joyida degan tasavvurni berishga urinyapti.

“Bu tabiiy hol. Tramp buni ba’zan uddalagan, ba’zan esa yo’q. U gohida o’zini impichmentga jiddiy e’tibor bermayotgandek tutadi. Nensi Pelosiga dekabrda yozgan olti betlik xatida esa impichmentdan jiddiy xavotirda ekani, xayoli shu bilan band ekani ko’rinadi. “Twitter”dagi gaplari ham shunga ishora qiladi”, - deydi Vanderbilt universiteti tarixchisi Tomas Shvars.

Tramp Davosda iqtisodiy forum asoschisi Klaus Shvab, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula von der Leyen hamda Iroq, Kurdiston va Pokiston yetakchilari bilan ham uchrashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG