Bu yilning oktabr oyidan boshlab, Amerikada federal xizmatchilar bolali bo’lganida uch oy ishga chiqmasligi mumkin. Bunday xizmatchilar soni 2 milliondan oshiq. Lekin bu qonun nima uchun barcha mehnatkashlar uchun emas, degan savol yangramoqda. Masala murakkab, chunki hukumat xususiy sektor va nohukumat tashkilotlar ishiga aralashishni xohlamaydi.
Farzandli bo’lish har bir oila uchun baxt, biroq ko’plab ota-onalar uchun Amerikada kuchli stress davri boshlanadi. Chunki bola uchun ta’tilga chiqish qiyin. Ishlamasangiz, qozon qaynamaydi. Siyosat o’zgarishi kerak, deydi tahlilchi Vikki Shabo.
“Farzand – yurt kelajagi. U tug’ilsa, ota-onani rag’batlantirish, ularga yordamlashish kerak. Mana shu paytdagi g’amxo’rlik jamiyat uchun naqadar foydali ekanini isbotlovchi ma’lumotlar juda ko’p. Ota-ona qancha ko’p imkoniyatga ega bo’lsa, bola shunchalik sog’lom va yetuk bo’ladi. Buning iqtisodiy-ijtimoiy ta’siri bugunimiz va ertamiz uchun nihoyatda muhim”, - deydi Shabo.
Yaqinda Prezident Donald Tramp yangi qonunga imzo chekdi. Har ikki partiya quvvatlovida qabul qilingan hujjat. Unga ko’ra, davlatga ishlaydigan erkak yoki ayol bola ta’tiliga chiqadi.
“Bugun ayollar har bir jabhada faol va ishlaydiganlari kun sayin ko’p. Farzand ko’rish ayniqsa ularning hayotini qiyinlashtiradi. Biz esa ular uchun sharoitni yaxshilab, imkoniyatlarni kengaytiramiz”, - deydi Tramp.
Bu shoshib qabul qilingan, kengroq o’ylanmagan qonun, deydi norozi tomonlar.
Reychel Grezler, konservativ tahlilchi:
‘Demokratlar ham, respublikachilar ham puxta qaror qilmadi. Bu tibbiy ta’tilmi degan savolga hamon javob yo’q. Uyida kasali borlar, nogironlarning ahvoli nima bo’ladi? Bu faqat bolali bo’lganlar uchun va federal xizmatdagi odam bo’lsangiz. Ya’ni muayyan guruhning manfaati haqida gap ketmoqda. Butun tizimni yangilash kerak. Yillik ta’tildan tashqari yana qanday ta’tilga zarurat bor, deb bosh qotirish kerak edi”.
Boshqalar nazarida esa uning ham vaqti keladi. Sherri Layvant ishchilar manfaatlari uchun kurashib keladi, lobbist. Yangi qonun uning uchun ulkan yutuq.
“Har ikkinchi davlatda shunday qonun bor. Mana endi bizda ham…”, - deydi Leyvant.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga ko’ra, yana 40 mamlakatda davlat ishchilari farzandli bo’lganida maxsus ta’tilga chiqishi mumkin.
AQShning sakkiz shtati va poytaxt Vashingtonda mahalliy hokimiyat organlarida ishlaydiganlar mana shunday imtiyozlarga ega.
“Bu odamlar nafaqat farzand ko’rganida yoki boqib olganida, balki uyida kimdir qattiq kasal bo’lsa yoki o’zlari jiddiy xastalansa, uch oygacha ishga chiqmasligi mumkin. Maoshini yo’qotmaydi. Ish o’rni saqlanadi. Maxsus jamg’armalar joriy etilgan. Unga ish beruvchi, ishchi birgalikda pul tashlaydi”, - deydi Shabo.
Bunday tizim butun Amerika bo’ylab hamma uchun ishga tushsin, degan talab kuchli.
“Biz, lobbistlar, aynan shunga harakat qilayapmiz. Qay sektorda, qay lavozimda ishlamang, oilaviy va tibbiy sabablar bilan ta’tilga chiqa oling", - deydi Leyvant.
Ishlaysizmi, demak, siz bunday ta’tilga loyiqsiz”.
Kichik bizneslarga bu qattiq zarba, deya nolib Kongressni bunday qonunlar qabul qilmaslikka undayotganlar talay.
“Tasavvur qiling, 3-4 ishchingiz bor xolos. Siz ishlamayotgan odamga to’laysizmi yoki uning o’rniga ishlashi kerak bo’lgan odamga maosh topasizmi? Bir ishchi deb ikki ishchiga haq to’lash kerak bo’ladi”, - deydi tahlilchi Grezler.
Demak, buning ham chorasini topish kerak bo’ladi.
Facebook Forum