Breaking News

Tramp ma'muriyati "tug'uruq turizmi"ni cheklamoqchi


Tramp ma'muriyati joriy qilgan yangi tartibga ko'ra, AQShga tug'ish maqsadida kelayotgan ayollarning viza olishiga cheklov qo'yilishi mumkin.

23-yanvar kuni e'lon qilingan qoida farzandiga AQSh fuqaroligini olish maqsadida mamlakatga kirishga urinadigan homilador ayollarga viza bermaslikni tavsiya qiladi.

Har yili dunyoning turli mamlakatlaridan minglab ayollar homiladorlik davrida AQShga kirib, farzandini shu yerda tug'adi va natijada chaqaloqqa avtomatik ravishda AQSh fuqaroligi beriladi. Immigratsiya rasmiylari bu amaliyotni "tug'uruq turizmi" deb ataydi.

2020-yil 24-yanvardan kuchga kirgan yangi tartibga ko'ra, agar viza uchun hujjat topshirgan ayolning maqsadi AQShda tug'ish degan xulosaga kelinsa, unga viza berilmaydi.

Ammo diskriminatsiyaga yo'l qo'ymaslik uchun rasmiylar suhbat paytida so'rashi mumkin bo'lgan savollar qamrovi cheklangan.

"Konsul ayoldan homiladorligini, homilador bo'lish niyati bor-yo'qligini yoki homilador emasligini isbotlovchi hujjat taqdim etishini so'rashi mumkin emas. Agar u homiladorligini o'zi aytsa, yoki ko'rinishidan bu narsa aniq bo'lsa, shunda bu cheklovni tatbiq etish ko'rib chiqilishi mumkin", - deydi Vashingtondagi Migratsiya siyosati instituti tahlilchisi Sara Piers.

Donald Tramp prezidentlik uchun kechgan saylov kampaniyasi paytida noqonuniy immigratsiyaga qarshi keskin kurashishga va'da bergan edi. Oq uyga kelganidan beri o'tgan uch yil davomida u turli farmonlar orqali xorijliklarning Amerikaga kelishini cheklovchi choralar ko'rdi. Tramp hatto tug'ilish orqali avtomatik fuqarolik olish tartibiga qarshi ekanini ham aytgan.

Piers fikricha, vizaga cheklov qo'ygandan ko'ra tug'ish uchun AQShga keladigan ayollarga xizmat ko'rsatadigan bizneslar, tibbiyot markazlari va shaxslarga qarshi kurashish ko'proq samara beradi.

"AQShda "tug'uruq turizmi" bilan shug'ullanadigan kompaniyalar bor. Ular reklama orqali xorijliklarni nishonga oladi. Vizadan qanday o'tish bo'yicha chet elliklarni tayyorlashadi. Davolanish xizmatlariga bog'lab qo'yishadi", - deydi u.

Huquq-tartibot organlari immigratsiya firibgarligiga asoslangan bunday bizneslarning ortiga tushgan. Yaqinda ana shunday guruhlardan biri Kaliforniya shtatida qo'lga olingan edi.

Xorijlik ayollarga Amerikada tug'ish uchun sharoit qilib berish bilan shug'ullangan kompaniyalar har bir odam uchun 50 ming dollargacha xizmat haqi olgani aniqlangan.

Janubiy Kaliforniyadagi Orenj okrugi bolalar shifoxonasi tadqiqotchilari bunday joylarda tug'ilayotgan bolalarning sog'ligidan xavotirda.

"Jarrohlik talab qiladigan holatlar bo'ladi. Bunday paytda onalar kasalxonada uzoqroq qolishiga to'g'ri keladi", - deydi shu masalada tadqiqot olib borgan doktor Mishel Mikail.

Ayollar organizmidan foydalanib daromad topishga urinayotgan bunday biznes modeli aslida "tug'uruq turizmi"dan ham kattaroq muammo, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG