Britaniya matbuoti O’zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning to’ng’ich qizi Gulnora Karimova va uning yaqinlariga tegishli ko’rilgan mol-mulklar ro’yxatga olingani va bu mulklar mahkama qaroriga ko’ra musodara qilinishi mumkinligi haqida yozmoqda.
Gulnora Karimova va uning yaqinlari nomida bo’lgan bu muklar - Surrey grafligidagi qasr, London yaqinida joylashgan yana ikki uyning umumiy qiymati 60 million dollar atrofida baholanmoqda.
Ko’chmas mulkar Gulnora Karimovaning Britaniyada yashayotgan o’g’li Islom Karimov va qallig'i Rustam Madumarov nomlariga rasmiylashtirilgani ta’kidlanadi.
Bulardan tashqari Gulnora Karimova yaqinlari nomiga Britaniyadagi banklarga joylashtirilgan bir necha million funt streling miqdoridagi naqd pul mablag’lari ham musodaraga tushishi taxmin qilinmoqda.
Karimovaga tegishli mulklarni musodara qilishga doir da’vo arizasi mamlakatdagi Firibgarlikka qarshi kurash organi tomonidan mahkamaga kiritilgan.
Britaniya matbuotida yozilishicha, mahkama katta ehtimol bilan firibgarlik yo’li bilan boylik orttirgan Gulnora Karimovaning mulklarini musodara qilish haqida qaror chiqaradi.
Gulnora Karimovaning o’zi ayni paytda O’zbekistonda yirik miqdorda mablag’ o’zlashtirishda ayblanib qamoq jazosini o’tamoqda. Uning ustidan yangi ayblovlar, jumladan, davlatga katta miqdorda zarar yetkazish, jinoiy guruh tuzish, zo’rlik bilan o’zgalarning mulkini tortib olish kabi ayblovlar bilan navbatdagi mahkama ham davom etmoqda.
O’zbekiston Gulnora Karimovaga tegishli xorijdagi mulklarga asosiy da’vogar tomon. Avvalroq Bosh prokuratura Gulnora Karimovaga tegishli xorijdagi mulklar va boyliklar ro’yxatini e’lon qilgan edi.
Prokuratura bu mulklarning musodarasi, ularni mamlakatga qaytarish yuzasidan mahkama jarayonlarini boshlagan, biroq hozircha aniq bir natijaga erishilmagan.
Avvalroq prokuratura va qamoqdagi Gulnora Karimova o’rtasida xorijdagi mulklarni qaytarishga doir kelishuvga erishilgan, shunga muvofiq Gulnora Karimovaga belgilangan qamoq muddati, jazo otash tartibi o’zgartirilgan edi.
Keyinchalik tomonlar o’rtasidagi bu kelishuv amalga oshmadi, Gulnora Karimova shartli jazo o’tash tartibini buzishda, xorijdagi mulklarning qaytarilishiga faol qarshilik qilishda aybdor topilib, yana qamoqxonaga joylashtirildi.
Faollarga ko’ra, Gulnora Karimovga tegishli xorijdagi mulklarning aksariyati hamon uning o’zi, yaqinlari nomida qolmoqda. Muzlatilgan yoki musodaraga tushgan mulklarning O’zbekistonga qaytarilishi esa oson jarayon emas, shu jumladan, musodaraga tushishi kutilayotgan Britaniyadagi mol mulklar ham.
Gulnora Karimova tomonidan o’zlashtirilgan, dunyoning turli mamlakatlarida saqlanayotgan mablag’lar qiymati haqida aniq ma’lumotlar yo’q, ammo bu ishni kuzatib kelayotgan faollar gap milliardlab dollarlik mol-mulk haqida ketayotganini ta’kidlashadi.
Xalqaro matbuotda Gulnora Karimova jinoiy ishiga, u o’zlashtirgan mablag’larga doir navbatdagi ma’lumotlar O’zbekistonda, uning otasi, birinchi prezident Islom Karimov xotirasiga bag’ishlangan tadbirlar boshlangan bir paytda kuzatilmoqda.
Islom Karimov tavalludining 82 yilligiga bag’ishlangan dastlabki tadbir ilmiy jamoatchilik ishtirokida poytaxtdagi Islom Karimov yodgorligi majmuasida tashkil qilingan.
O’zbekistonda prezidentlik instituti tashkil etilishi tarixi muhokama qilingan bu tadbirda Islom Karimovning siyosiy faoliyati xotirlangan.
Poytaxtdagi Fotochilar uyida “Islom Karimov: ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” mavzusidagi ko’rgazma ham ochilgan.
Har ikki tadbirda ham marhum Islom Karimovning bevasi Tatyana Karimova qatnashgani va nutq so’zlagani xabar qilinadi.
Islom Karimov 30-yanvar kuni tug’ilgan. Iqtidordagi hukumat uning xotirasiga bag’ishlangan tadbirlarni uch yildirki muntazam o‘tkazib keladi.
Karimov vafot etgan sana 2-sentabr ham mamlakatda rasman birinchi prezident xotirasi kuni sifatida belgilangan.
O’zbekistonni 27 yil davomida boshqargan prezident Karimov qoldirgan siyosiy meros o’ta bahsli. Mamlakatda unga hozirgacha xolis baho berilmagan.
Birinchi prezident faoliyatiga doir tanqidlar matbuotda taqiqlangan mavzular sirasiga kiradi. Karimov jamoatchilikka mustaqillik asoschisi sifatida taqdim etiladi.
Amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruviga Islom Karimovning siyosiy vorisi sifatida keldi.
Navbatdan tashqari o’tgan prezidentlik saylovida islohotlar va’dasi bilan mutlaq g’alabaga erishgan Mirziyoyev keyinchalik sobiq tuzumni tanqid ostiga olgan bo’lsa-da, bu tuzum asoschisi Karimov shaxsi, xotirasiga nisbatan haligacha salbiy fikr bildirmagan.
Facebook Forum