Inson huquqlari bo'yicha "Human Rigts Watch" (HRW) tashkiloti O’zbekistonni qiynoqlarni tugatish uchun keskin choralar ko’rishga, BMTning bu boradagi tavsiyalarini bajarishga chaqirmoqda.
Sudlarning qiynoq orqali olingan ko‘rsatmalardan voz kechishi, qamoqxonada, tergovda qiynoqqa tutilgan faollar, jumladan siyosiy mahbuslar ishini qayta ko’rib chiqish bu boradagi dastlabki qadamlardan bo’lishi kerak, deb hisoblaydi "Human Rigts Watch".
BMT qo’mitasining qiynoqlarni bartaraf etishga doir tavsiyasi O’zbekiston hukumatining bu boradagi hisoboti tinglanishi ortidan kuzatilmoqda.
Inson huquqlari bo’yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiya noyabr oyi oxirida Jenevada BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi majlisida o’z hisoboti bilan qatnashgan edi.
Bu hisobotdan olingan ma’lumotlarga ko’ra, 2017-2018 yillarda prokuratura tomonidan qiynoq qo’llanilishi yuzasidan aniqlangan holatlar miqdori bir necha barobarga ortgan. Ammo inson huquqlari tashkilotlari tomonidan ta’kidlanishicha, qiynoq qo’llaganlarga nisbatan chora ko’rilganiga doir vaziyat mavhum.
Qiynoq huquq-tartibot organlarida, muassasalarda ko’rsatma olishning asosiy usuli sifatida qolyapti, qiynoqlar tizim rahbariyatining bilvosita xabardorligi ostida amalga oshadi.
Shu munosabat bilan O’zbekiston hukumatiga prokuratura, sudlar uchun qiynoq holatlari yuzasidan tekshiruv o’tkazishni majburiy qilib belgilash tavsiyasi berilgan. Mamlakatda sudlarning qiynoq qo’llangani haqidagi da’volarni inobatsiz qoldirishi davom etayotgani ta’kidlangan.
O’z bayonotida xalqaro hamkorlarga ham murojaat qilgan "Human Rights Watch" BMT tavsiyalari bajarilishi zarur ekanligini Shavkat Mirziyoyev hukumatiga yetkazishga, aloqalar istiqbolida inson huquqlariga oid islohotlar o’ta muhimligini nazarda tutishga chaqiradi.
"Human Rigts Watch" O’zbekiston hukumatini Qiynoqlarga qarshi qo’mita tavsiyalarini bajarishga undar ekan, bu tavsiyalarning zudlik bilan bajarilishi mamlakatda qiynoq qo’llanilishi kabi mavjud mudhish tajribaga barham berishi mumkinligini ta’kidlab o’tadi.
O’zbekiston hukumatining Qiynoqlarga qarshi qo’mitaga bergan hisoboti davomida qiynoqlar bilan bog’liq so’nggi vaziyat, xususan ruhiy kasallar shifoxonasida saqlanayotgan bloger Shabnam Olloshukurova, davlatga xiyonatda ayblanib qamoqda saqlanayotgan sobiq diplomat Qodir Yusupov taqdiri, yopilgani iddao qilingan “Jasliq” qamoqxonasiga doir vaziyat, mamlakatda jinsiy ozchilik vakillariga nisbatan bosimlar mavjudligi ham muhokamaga chiqqan edi.
Prezident Mirziyoyev inson huquqlariga oid amalga oshirgan islohotlar yuzasidan fikrlar munozarali, hukumat tugal qaror uchun iroda topmayotgani tanqid ostida ko’riladi.
Mamlakatda siyosiy mahbuslarning ozodlikka chiqarilishi olqishlar bilan kutib olindi, ammo bu mahbuslarga nisbatan munosabat o’zgarmadi, o’zlarini oqlashga, siyosiy faoliyatni davom ettirishgaimkoniyat berilmadi.
Mahalliy huquq himoyachilaridan biri A’zam Turg’unov 10 yillik umrini qamoqxonada o’tkazdi. 2017-yilda ozodlikka chiqishi ortidan inson huquqlari bilan bog’liq faoliyatini davom ettirayotgan Turg’unov qiynoq qurbonlari, siyosiy mahbuslar ishini qayta ko’rish bilan shug’ullanuvchi nodavlat tashkilot tuzish harakatida.
“Tashkilotni rasman ro’yxatdan o’tkazish uchun Adliya vazirligiga to’rt marta murojaat qildik, ammo hamon natija yo’q. Har gal turli sabablar bilan qaytarilmoqda. Maqsad Karimov davridagi siyosiy mahbuslarni, qiynoqlarni boshdan kechirgan fuqarolar ishini qayta ko’rib chiqishga erishish. Men inson huquqlariga oid vaziyatda olqishli islohotlar bo’lyapti degan fikrdan yiroqman, ayniqsa huquq himoyachilariga nisbatan munosabat avvalgidek, o’zgarmagan. Biror jiddiy uchrashuvlar oldidan avvalgidek kuzatuvlar, nazorat kuchaytiriladi, ogohlantirishadi. Mana birgina Shabnam Olloshukurovaning voqeasi hukumat islohotlari qay darajada ekanligini ko’rsatdi, norozilik aksiyasiga chiqish qamoq, jinnixona bilan yakunlandi”, - deydi A’zam Turg’unov.
Shoir va muxolifatchi Mahmud Rajab yetakchiligida Xorazmda tashkil qilingannorozilik aksiyasini jonli yoritib borgan bloger Shabnam Olloshukurova aksiya ishtirokchilari hibs qilinishi ortidan 10 kunlik qamoqqa hukm qilingan, keyinchalik sud qaroriga ko’ra asab kasalliklari dispanseriga majburan joylashtirilgan edi.
Uning ruhiy kasallar shifoxonasiga yotqizilishi xalqaro tashkilotlarning keskin tanqidiga sabab bo’ldi, buning ortidan shifoxonada Olloshukurova bilan ko’rishgan O’zbekiston ombusdmani blogerning kasalligi mustaqil komissiya tomonidan tasdiqlangani, majburiy ruhiy muolajaga muhtojligi haqida bayonot bergan edi.
"Human Rigts Watch" - Karimov davrida faoliyatiga taqiq qo’yilgan, Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan qisman mamlakatga kirish ruxsatini olgan xalqaro huquq tashkilotlaridan biri.
O’zbekiston Oliy sudi tomonidan xalqaro huquq tashkilotining O’zbekistonda ishlashiga qo‘yilgan taqiq esa haligacha bekor qilinmagan. Karimov davrida qo’llangan taqiq tajribasidan Mirziyoyev hokimiyati ham voz kechmagani kuzatiladi.
Yaqindagi xabarga ko’ra, marhum Karimovning to’ng’ich qizi, moliyaviy qalloblikda ayblanib jazo o’tayotgan Gulnora Karimovani shveysariyalik advokati Greguar Manjaning (Gregoire Mangeat) O’zbekistonga kirishiga taqiq joriy etilgan.
O’zbekiston Bosh prokuraturasi buni advokat tomonidan O’zbekiston qamoqxonalardagi vaziyat haqida bo’hton xabarlar tarqatilgani bilan izohlagan.
Birmuncha avval Zangiotadagi ayollar qamoqxonasida Gulnora Karimova bilan ko’rishgan Manja ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida muassasadagi mahkum ayollarga yaratilgan sharoit, ruhiy bosimlar mavjudligiga doir tanqidiy fikrlar bildirgan edi.
BMT Qiynoqlarga qarshi qo’mitasining O’zbekiston hukumati hisobotiga doir tavsiyasi 6-dekabr kuni bildirilgan, O’zbekiston tomonidan hozircha bu borada biror izoh yo'q.
Facebook Forum