Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuniga bag’ishlangan ma’ruzasida demokratiya, inson huquqlari, erkinlik, oshkoralik va adolatga urg’u berdi.
Uni Toshkentdagi yillik tadbirda tinglagan xorijiy, xususan G’arb diplomatlari va mutaxassislari nazarida bugungi nutq Mirziyoyevning O’zbekiston demokratik yo’ldan qaytmaydi deya ishontirishga uringan va shu kungacha aynan shu masalaga eng kuchli urg’u bergan bayonotidir.
Mirziyoyev matbuot va jurnalistlar hamda blogerlar rolini yuqori baholab, ularni islohotlar samarasini ta’minlashda asosiy kuch sifatida ko’rishini aytgani juda o’rinli bo’ldi, deydi chet el vakillari.
Bugun Mirziyoyev 92 mahbus afv etilganini ham e’lon qildi. Ularning 79 nafari ekstremizm va man etilgan tashkilotlarga a’zolikda ayblanib qamalgan fuqarolar.
O’tgan uch yilda O’zbekistonda 4000 dan oshiq mahbus avf etilgan yoki amnistiya orqali ozodlikka chiqqan. Qoraqalpog’istondagi Jasliq qamoqxonasi yopilib, mahbuslar boshqa zonalarga ko’chirilgan. Jasliq qiynoqlar makoni sifatida tanilgan edi.
261 o’zbekistonlik Yaqin sharqdagi mojaro hududlaridan vatanga olib kelingan.
2017-yildan beri 10 mingga yaqin odam O’zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan.
Xalqaro hamjamiyat O’zbekiston rahbarining qonun ustuvorligi va erkinlik haqidagi gaplarini qanchalik yuqori baholamasin, sistematik islohotlar sust ekanini qayd etib keladi.
O’zgarishlar asosan qog’ozda. Sud va adolatga, qolaversa hukumatga ishonch past. Parlament va mahalliy kengashlarga saylov yaqinlashar ekan, bu tanlov islohotlar sinovi bo’ladi.
Siz prezidentni tingladingizmi? Bugungi nutq sizda qanday taassurot qoldirdi?
Facebook Forum