“Avvalgi ashaddiy tanqidlar, aylanayotgan eski kadrlar”, deyilmoqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bugun Senatdagi chiqishi haqida. Senat yalpi majlisida bosh prokurorlikka o’tkazilgan Nig’matilla Yo’ldoshev o’rniga Senat raisi etib Tanzila Norboyeva saylandi. Prezident Senatdagi chiqishida shu hafta bosh prokurorlikdan olingan Otabek Murodov haqida ham gapirdi. Uning poraxo’rlikda ayblanayotganini tasdiqladi.
Prezident Senatdagi nutqida korrupsiyaga katta urg'u berib, amaldorlar, xususan huquq-tartibot idoralarini yulg'ich deya qoraladi.
Mirziyoyevning Senatni yalpi majlisidagi ishtiroki arafasida kadrlar siyosatida o’zgarishlar ro'y berdi. Yo’ldoshev bosh prokurorlikka o’tkazildi. Otabek Murodov biror izohlarsiz ishdan olindi. Xullas, prezident Senatdagi chiqishida muhim yangiliklar qilishi uchun sabablar yetarli edi va shunday bo’ldi ham.
Prezident Senat raisligiga Tanzila Norboyeva nomzodini taqdim etdi. Senatorlar quvvatladi. Norboyeva O'zbekiston Senati tarixidagi ilk ayol rais.
Bosh vazir o’rinbosari, Xotin-qizlar qo’mitasi raisi lavozimiga avval shu maqomda ishlagan Elvira Basitxonova qaytdi.
Prezident deydiki, Otabek Murodov sud oldida javob beradi. U viloyat va tuman prokurorlaridan 100 ming, 50 ming AQSh dollari miqdorida pora olgan, deydi Mirziyoyev.
U Otabek Murodovning ayni paytda hibsda saqlanayotgan o’rindoshlari Rashid Qodirov va Ixtiyor Abdullayevni ham eslab o’tildi. Ular uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilinishi, bunga hali barcha guvoh bo’lishini ta’kidlandi.
Prezident prokuratura tizimini “eski to’da”dan tozalash haqidagi fikriga yana to’xtalib, eski to’dadan hech kim qolmaydi yoki prokuratura keskin qisqaradi, Adliya vazirligi tarkibiga o’tkazib yuboriladi, deya ogohlantirdi.
Yo’ldoshev uzoq yillar prokuraturada ishlagan. Prezident fikricha, u halol va pok mutaxassis.
Yo’ldoshev bu tizimga 1987-yilda kelgan. 2008-yilgacha tuman, viloyat miqyosidagi turli lavozimlarda ishlagan, 2008-2011 yillarda esa ayni paytda hibsda saqlanayotgan sobiq bosh prokuror Rashid Qodirovning o’rinbosari bo’lgan. O’zbekiston prokuraturasi aynan Qodirov boshqaruvida eng korrupsiyalashgan organga aylangan, deya ta’kidlanadi.
Shu sabablar bois ham sharhlovchilar Nig’matilla Yo’doshevning tizimdagi korrupsiyadan xoli bo’lganiga shubha bilan qarashadi.
Mirziyoyev Senatda eski tuzum davrida amaldorlar yirik miqdorda pora olgani haqida ma’lumot bergan, jumladan gaz-neft sohasidagi loyiha uchun ismi ochiqlanmagan noma’lum amaldor 80 million dollar miqdorida pora olgani aytilgan.
Prezidentning Senatdagi chiqishi avval kuzatilgani kabi televideniye orqali jonli tarzda efirga uzatilmagan. Jamoatchilik prezident chiqishini yalpi majlisda ishtirok etgan matbuot orqali kuzatib borgan.
Jurnalist Narzulla Oxunjonov ham nutqni hamkasblari bergan materiallar orqali kuzatdi.
“Qaysi jabhaga ko’z tashlamang, aniq o’zgarishlar sezilayotgani yo’q, lekin gaplar, tanqidlar o’sha, avvalgi. Masalan, DXX raisi o’zgardi, buning ortidan vaziyat yaxshilangani kuzatilmadi, aksincha faollarga nisbatan tazyiqlar davom etmoqda, hatto xalqaro tashkilot vakili Stiv Sverdlov ham bundan xoli bo’lmadi. Prezident qattiq tanqid, odamlarga yoqadigan ma’ruza qilgani bilan vaziyat o’zgarayotgani yo’q-ku. Muxolifatga, huquq himoyachilariga, jurnalistlar, bloggerlarga munosabat o’sha. Kadrlar masalasida ham o’sha eski vaziyat, Senat biror aniq tashabbus bilan ko’zga tashlanmadi hozirgacha. Yangi saylangan rais Tanzila Norboyeva avval joylarga chiqib, oddiy ayollar bilan uchrashuvlar o’tkazib yurgan, yangi lavozimda qanday bo’ladi, ko’ramiz. Nig’matilla Yo’ldoshev masalasida, uning mustaqil emasligi Shavkat Mirziyoyevga o’z vakolatini topshirgan paytdayoq bilingan edi. Prokuraturada u biror ish qilishiga ishonmayman, shunchaki qo’g’irchoqqa aylanadi. Otabek Murodov davrida esa prokuratura rostdan jamoatchilik uchun ochiqlik kasb etdi, dolzarb masalalarda zudlik bilan hisobot berib turdi. Yo’ldoshev bu tajribani ham yo’qotsa kerak”, - deydi Oxunjonov.
Facebook Forum